Jahon | 14:01 / 10.08.2024
6350
3 daqiqa o‘qiladi

Nagasakida atom bombasi qurbonlari xotirasi AQSh elchisisiz yodga olindi

AQSh elchisi Yaponiyaning Isroil elchisini taklif qilishdan bosh tortganiga norozilik sifatida rasmiy marosimda ishtirok etmadi. Amerikalik fikricha, u Isroil va Rossiya o‘rtasidagi axloqiy tenglamaga qo‘shilmaydi.

Foto: KyodoAP/picture alliance

Yaponiyaning Nagasaki shahrida 9 avgust, juma kuni 79 yil avval Amerika tomonidan shaharga atom bombasi tashlanishi oqibatida qurbon bo‘lganlar xotirasiga bag‘ishlangan rasmiy marosim bo‘lib o‘tdi. Marosimda Nagasaki meri Shiro Suzuki Ukraina va G‘azo sektoridagi mojarolar fonida dunyo tinchligidan xavotir bildirdi.

Rossiya kabi Isroil ham marosimga taklif qilinmagan. Suzuki nega Isroil taklif olmagani haqidagi savolni chetlab o‘tdi.

AQSh va Britaniya elchilari Ram Emanuel va Julia Londbottom ham Isroilning yo‘qligiga norozilik belgisi sifatida Nagasakidagi rasmiy marosimda qatnashmadi. Ular Isroil elchisi Gilad Koen bilan birgalikda Tokiodagi buddist ibodatxonalaridan birida marosimni o‘tkazishdi. Nagasakida ularning mamlakatlari quyi darajali diplomatlar tomonidan taqdim etilgan.

Xotira marosimida Germaniya, Fransiya va boshqa bir qator davlatlar elchilari ham qatnashmadi. Unda ularning o‘rniga elchixonalar quyi darajadagi vakillari ishtirok etishdi.

Isroilni taklif qilishdan bosh tortish bilan bog‘liq mojaro

Avvalroq Nagasakidagi marosimga Isroilni taklif qilishdan bosh tortilgani diplomatik tortishuvlarga sabab bo‘lgan edi. Shiro Suzuki Isroilga nisbatan qarorini G‘azo sektoridagi urush fonida Nagasakidagi voqeaga xalaqit berishga urinishlarning oldini olish istagi bilan oqladi. AQSh elchisi Emanuel 9 avgust kuni bu dalilni rad etdi.

«Menimcha, bu siyosiy qaror edi, bu xavfsizlikka hech qanday aloqasi yo‘q, chunki marosimda Yaponiya bosh vaziri ham ishtirok etmoqda», dedi u. Emanuel shuningdek, Yaponiya o‘z harakatlari bilan Rossiya va Isroil o‘rtasida ma’naviy tenglik belgisini qo‘ymoqda, degan fikrni ham bildirdi. «Ammo Ukrainaga Rossiya bostirib kirgan, Isroil esa faqat bosqin qurboni bo‘lgan», dedi u va Nagasakidagi marosimda qatnasha olmasligini, chunki bu Yaponiyaning Isroil bo‘yicha qarorini ma’qullaganini anglatishini qo‘shimcha qildi.

1945 yil 9 avgustda, Xirosimaga atom bombasi tashlanganidan uch kun o‘tib, AQSh havo kuchlari samolyoti Nagasakiga atom bombasini tashladi. Portlash va radiatsiya ta’siri natijasida 74 ming kishi halok bo‘ldi. 140 ming kishi Xirosimadagi atom bombasining qurboniga aylandi. 15 avgust kuni Yaponiya imperatori Xiroxito o‘z mamlakatining taslim bo‘lishi to‘g‘risidagi shartnomani imzolashga tayyorligini e’lon qildi.

Mavzuga oid