Jahon | 16:29 / 11.08.2024
16875
14 daqiqa o‘qiladi

Amerikaliklarga sotilgan va sovetlar zavodini Moskvaga ko‘chirib ketgan kompaniya - Opel tarixi

Germaniyaning Opel kompaniyasi o‘z tarixida juda ko‘p sinovlarni boshdan kechirgan. 1920-yillar oxirroqlarida bankrot bo‘lish xavfi tug‘ilganda nemislar kompaniyani amerikaliklarga sotib yuboradi. Ikkinchi jahon urushidan keyin sovetlar uning Germaniyadagi asosiy zavodini Moskvaga ko‘chirib olib ketadi va kompaniya barchasini qaytadan boshlaydi.

Foto: AP

“Nemis mashinasi” degan so‘zlar har doim sifatni anglatgan. Dunyodagi ilk avtomobil yaratilgandan buyon 130 yildan oshiq vaqt o‘tdi. Ana shu davr mobaynida Germaniya avtosanoati turli sinovlarga duch kelgan bo‘lsa-da, rivojlanishdan to‘xtamadi.

Bugun nemis kompaniyalari jahonning eng ilg‘or avtomobil ishlab chiqaruvchilari hisoblanadi. Ular orasida Opel kompaniyasi ham bor.

Opel kompaniyasi tarixi bundan 162 avval oddiy tikuv mashinalari ishlab chiqaruvchi korxonadan boshlangan: 1862 yili germaniyalik Adam Opel tikuv mashinalari ishlab chiqaruvchi fabrika tashkil etadi.

U 1884 yilda Parijda tashkil etilgan ko‘rgazmada ilk bor velosipedlarni ko‘radi va oradan ikki yil o‘tgach o‘z korxonasida ularni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi.

1886 yilda Germaniyada Karl Bens ilk avtomobilni ishlab chiqaradi. Ana shunda Adam Opelda ham avtomashina tayyorlash ishtiyoqi tug‘iladi.

Oradan ikki yil o‘tgach Adam avtokonstruktor Fridrix Lutsman bilan Ryusselshaym shahrida avtomobil ishlab chiqarish bo‘yicha shartnoma imzolaydi.

Adam Opel

Ko‘p o‘tmay zavod tayyor bo‘ladi va sheriklar Opel-Lutzmann nomi ostida avtomobillar tayyorlashni boshlashadi. Biroq Lutsman bilan hamkorlik uzoq davom etmaydi va 1900 yilda ular sheriklikni to‘xtatishadi.

1901 yilda Adam Opelning o‘g‘illari Karl va Vilhelm Opellar Fransiyaning Automobiles Darracq S.A. firmasi bilan Opel-Darracq nomi ostida mashina ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvga erishadi.

Keyingi yiliyoq birinchi Opel-Darracq avtomobili tayyorlanadi va kompaniya uni Hamburgdagi ko‘rgazmada ommaga namoyish etadi. Mazkur mashina 10 va 12 ot kuchiga ega bo‘lgan dvigatellar bilan jihozlangan bo‘lib, u soatiga 45 km tezlikda harakatlana olardi.

1906 yilda Berlinda ham kompaniyaning ishlab chiqarish bo‘limi ochiladi va o‘sha yili minginchi avtomobil tayyorlanadi.

Oradan bir yil o‘tgach Opel-Darracq rusumli avtomobillarni ishlab chiqarish to‘xtatiladi. Kompaniya o‘z avtomobillarini ishlab chiqara boshlaydi.

1909 yilda keyinchalik Doktorwagen (Doktorlar mashinasi) nomi bilan tanilgan rusumni ishlab chiqarish boshlanadi. O‘sha paytda bu mashinaning narxi 3 950 markadan boshlangan.

Opel-Darracq avtomobili

Ishlar bir maromda ketayotganda, 1911 yili kompaniya fabrikasida yong‘in sodir bo‘ladi va barcha narsa yonib ketadi. Shundan so‘ng Opel tikuv mashinalari ishlab chiqarishni butunlay to‘xtatadi va faqat avtomobillar, mototsikllar va velosipedlar tayyorlashga o‘tadi.

Shunga qaramasdan, 1912 yilda kompaniya o‘zining 10 minginchi avtomobilini ishlab chiqaradi. O‘sha yili kasaba uyushmalar va ishlab chiqaruvchilar o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra Opel haftalik ish vaqtini 55,5 soat (kuniga 9 soatdan sal oshiqroq), ish haqini esa soatiga 36 pfennig etib belgilaydi.

1914 yilda Opel 3 335 ta avtomobil sotishga erishadi va Germaniyadagi eng yirik avtomobilsozlik kompaniyasiga aylanadi. 1924 yilda Opel Germaniyada konveyer usulida avtomobil ishlab chiqaruvchi birinchi kompaniyaga aylanadi.

Oradan roppa-rosa 14 yil o‘tib kompaniya Germaniyada 42 771 dona avtomobil sotadi va mamlakat avtomobil bozorining 37,5 foizini egallashga muvaffaq bo‘ladi.

1928 yilda avvaliga AQShda boshlangan moliyaviy va iqtisodiy inqiroz Yevropani ham qamrab oladi. Oqibatda kelgusi yilda kompaniya o‘z aksiyalarining 80 foizini AQShning General Motors korporatsiyasiga sotib yuborishga majbur bo‘ladi.

Yana ikki yildan so‘ng General Motors “Adam Opel”ning qolgan aksiyalarini ham sotib oladi va kompaniyaning 100 foiz egasiga aylanadi. “Adam Opel” umumiy hisobda amerikaliklardan 33,3 mln dollar oladi.

O‘sha paytda kompaniya korxonalarida 13 ming odam ishlar, har kuni 500 avtomobil, 6 ming dona velosiped ishlab chiqarilardi.

Opel Olympia

1935 yilga kelib Opel Berlin avtosalonida o‘zining birinchi marta seriyali tarzda ishlab chiqarilayotgan Opel Olympia avtomobilini namoyish etadi.

Kelgusi yili “Adam Opel” 121 ming dona avtomobil ishlab chiqarishga muvaffaq bo‘ladi va Yevropadagi eng yirik avtomobilsozlik kompaniyasiga aylanadi.

Yana bir yildan so‘ng kompaniya Opel Olympia’ni mukammalashtirib nomini Opel Kadett deb o‘zgartiradi. O‘sha yili Opel avtomobil ishlab chiqarish bo‘yicha Yevropada birinchi, jahonda esa yettinchi o‘rinni egallaydi.

1938 yilda Opel Kapitän, Opel Kadett va Opel Admiral avtomobillarini ommaga taqdim etadi. Oradan ikki yil o‘tib kompaniya millioninchi avtomobilni ishlab chiqaradi.

Opel kompaniyasining Ryusselshaymdagi zavodi, 1938 yil.

O‘sha yil kuzda Opel zavodlari natsistlar tomonidan egallab olinadi. Shundan so‘ng yengil avtomobillar ishlab chiqarish to‘xtatiladi va natsistlar armiyasi uchun yuk mashinalari tayyorlay boshlaydi.

1944 yilda kompaniyaning Ryusselshaym va Brandenburgdagi zavodlari aviazarbalar oqibatida vayron bo‘ladi.

SSSRga ko‘chirilgan zavod va yangi davr

Ikkinchi jahon urushi tugagandan so‘ng General Motors yana Opel’ga egalik qila boshlaydi. Biroq bu paytda kompaniya zavodlari vayron bo‘lgan, Ryusselshaymdagi asosiy zavodni tovon to‘lovi sifatida sovetlar ko‘chirib ketishgandi.

Sovetlar Germaniyadan olib kelingan uskunalarni Moskva shahri hududidagi zavodga o‘rnatib, Opel Kadett mashinasini “Moskvich” nomi ostida ishlab chiqara boshlashadi.

Opel zavodi uskunalari bilan Moskvada ishlab chiqarilgan ilk "Moskvich" avtomobili.

Shundan so‘ng Opel barcha ishlarni yangitdan boshlashga majbur bo‘ladi. Faqat 1950 yilga kelib Ryusselshaymdagi asosiy zavod faoliyati qayta tiklanadi. Kompaniya muvaffaqiyatli bo‘lgan loyiha – Opel Kadett avtomobillarini ishlab chiqarishda davom etadi.

1956 yilda Opel o‘zining ikki millioninchi avtomobilini ishlab chiqaradi. 1962 yilda kompaniya Boxum shahrida yana bir yangi zavodni ishga tushiradi.

Oradan 10 yil o‘tib millioninchi Opel Kadett avtomobili ishlab chiqariladi. Yana 5 yildan so‘ng, 1971 yilda kompaniya ishlab chiqargan avtomobillar soni 10 milliontaga yetadi.

O‘sha yillarda Opel Ascona, Opel Kapitän, Opel Admiral va Opel Diplomat nomi ostida tayyorlangan avtomobillar ham muvaffaqiyatli sotiladi. Natijada, savdo ko‘rsatkichlari bo‘yicha Volkswagen AG ortda qoldiriladi.

1970-yillarda Opel Germaniya avtomobil bozorining 20 foiziga egalik qilardi. 1977 yilda Senator va Monza ommaga taqdim etadi. O‘sha paytlarda Saturn va Holden rusumlari ham savdoga chiqariladi.

1982 yilda Opel Ispaniyaning Saragosa shahrida o‘z zavodini ochadi va u yerda o‘zining yana bir muvaffaqiyatli loyihasi — Opel Corsa avtomobillarini ishlab chiqara boshlaydi. Shu yili Ryusselshaymdagi zavodda 20 millioninchi avtomobil tayyorlanadi.

1987 yilda ishlab chiqarilgan Opel Omega

Izlanishlar samarasi o‘laroq, 1987 yilda Opel Omega havoga iflos chiqindilarni kam chiqaradigan mashina sifatida “Yil avtomobili” bo‘ladi.

1994 yilda kompaniya o‘zining 30 millioninchi avtomobilini ishlab chiqaradi va AQShda o‘tgan futbol bo‘yicha jahon chempionatida asosiy homiylardan biri bo‘ladi. Kelgusi yilda Opel Polshada ham o‘z zavodini ochdi.

Bugungi kunda kompaniyaning Belgiya (1924 yilda ochilgan) Buyuk Britaniya (1962), Ispaniya (1982), Avstriya (1982), Vengriya (1990), Polsha (1998), Turkiya (1968), Fransiya (1980), Vengriya (1991) davlatlarida avtozavodlari bor.

2017 yilda General Motors Opel kompaniyasini Fransiyaning PSA (Peugeot Société Anonyme – Peugeot-‎Citroën) konserniga ‎sotib yubordi. Ko‘p o‘tmay PSA AQSh-Italiya avtokonserni Fiat Chrysler Automobiles (FCA) bilan birga Niderlandiyaning Stellantis kompaniyalar guruhi tarkibiga qo‘shildi.

Afsonaviy Daewoo Nexia dastlab Opel avtomobili bo‘lgan(mi?)

1996 yilda Asaka shahrida Janubiy Koreyaning Daewoo kompaniyasi bilan hamkorlikda avtomobil ishlab chiqaruvchi UzDaewooAvto qo‘shma korxonasi ishga tushiriladi.

O‘sha yildan boshlab O‘zbekistonda Nexia, Damas va Tico mashinalari tayyorlana boshlanadi. Nexia rusumini koreyaliklar aynan Opel’dan sotib olishgandi.

Bu avtomobil ilk bor 1984 yilda Opel Kadett E nomi bilan ishlab chiqarilgan. U 1985 yilda zamonaviy dizayni uchun “Yil avtomobili” deb topilgan.

Opel Kadett E avtomobili
Daewoo Racer

1986 yilda Daewoo kompaniyasi Opel Kadett’ni nemislardan sotib oladi va kichik o‘zgarishlar qilib Daewoo Racer nomi ostida ishlab chiqara boshlaydi. Bu avtomobil Koreyada 1994 yilgacha tayyorlanadi.

1994 yilda Daewoo kompaniyasi Daewoo Racer’ni biroz o‘zgartiradi va uni Daewoo Nexia deb nomlaydi. Oradan bir o‘tib u O‘zbekistondagi zavodda ham tayyorlana boshlanadi.

2016 yilda bu rusum ishlab chiqarishdan olib tashlanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra 20 yil davomida O‘zbekistonda 500 mingdan oshiq Daewoo Nexia ishlab chiqarilgan.

1990-yillar ikkinchi yarmida ishlab chiqarilgan Daewoo Nexia

Opel’ning mashhur modellari

Opel Kadett. Bu avtomobil jahon avtosanoatida eng mashhur va uzoq yillar davomida ishlab chiqarilgan rusum hisoblanadi. U ilk bor 1937 yilda sotuvga chiqarilgan.

O‘tgan asrning ikkinchi yarmida Opel Kadett bir necha marta yangilanadi. O‘sha paytlarda u “Xalq avtomobili” nomini oladi. Bu mashinaning so‘nggi rusumi Opel Kadett Ye bo‘lgan.

1987 yil Opel Kadett loyihasi Daewoo’ga sotib yuboriladi. Oradan 6 yil o‘tib 1993 yilda kompaniya o‘zining mashhur modelini ishlab chiqarishni to‘xtatadi.

Opel Astra. Kompaniyaning yana bir mashhur avtomobili Opel Astra hisoblanadi. U 33 yildan buyon yangilangan ko‘rinishda ishlab chiqarilmoqda.

Kompaniya Opel Kadett Ye mashinasini koreyaliklarga sotib yuborgach uning o‘rniga 1991 yildan boshlab Opel Astra avtomobilini tayyorlay boshlagan.

Bu avtomobil ilk bor Frankfurtdagi avtosalonda namoyish etilgan. U xetchbek, sedan va universal ko‘rinishda ishlab chiqarilgan.

1990-yillar boshlarida ishlab chiqarilgan Opel Astra

Keyinchalik Opel Astra bir necha marta yangilandi. Avvaliga u Opel Astra F nomi bilan savdoga chiqarilgan bo‘lsa, 1997 yilda Opel Astra G, 2003 yilda Opel Astra H, 2016 yilda Opel Astra J, Opel Astra K, 2021 yilda Opel Astra L rusumlari ishlab chiqariladi.

Opel GT. Bu mashina loyihasi 1960-yillar boshida tayyorlangan. Ikki o‘rindiqli ilk avtomobil 1968 yilda ishlab chiqariladi. O‘sha paytlarda Opel GT kuzovini Fransiya kompaniyasi tayyorlab bergan.

1973 yilda fransiyaliklar bilan tuzilgan shartnoma muddati tugaydi. Ular yangi bitim tuzishni xohlashmaydi. Shundan so‘ng kompaniya Opel GT avtomobillarini ishlab chiqarishni to‘xtatishga majbur bo‘ladi.

Oradan 30 yil o‘tgach kompaniya bu avtomobilning yangilangan ko‘rinishda ishlab chiqarishga qaror qiladi. Opel GT 2006 yilda Jyeneva avtosalonida namoyish etiladi, 2007 yilda sotuvga chiqariladi. Kompaniya bu avtomobilni ishlab chiqarishni 2009 yilda to‘xtatgan.

1970 yilda ishlab chiqarilgan Opel GT

Umumiy hisobda Opel 100 ga yaqin rusumda avtomobillar ishlab chiqargan va ularning aksariyati vaqt o‘tishi bilan ishlab chiqarishdan olib tashlangan. Hozirgi paytda kompaniya ko‘plab rusumda zamonaviy avtomobillar ishlab chiqarishda davom etmoqda.

Jumladan, Opel Mokka va Opel Corsa avtomobillari ham muvaffaqiyatli sotilayotgan rusumlar hisoblanadi.

Opel haqida qiziqarli ma’lumotlar

Opel tomonidan ishlab chiqarilgan birinchi mashinaning aksariyat ehtiyot qismlari yog‘ochdan tayyorlangan edi. Unda uzatish qutisi ham bo‘lmagan va soatiga bor-yo‘g‘i 12 km tezlikda harakatlana olgan.

Kompaniya avvaliga fransuzlarning avtomobilini ishlab chiqargan. Oradan ikki yil o‘tib, ishchilarning mahorati oshgach kompaniya o‘zining ilk avtomobilini tayyorlay boshlaydi. Bu avtomobil soatiga 45 km tezlikda yura olardi.

1928 yilda Opel kompaniyasida ishlab chiqarilgan va raketa dvigateli bilan jihozlangan Opel RAK II sport avtomobili soatiga 230 km tezlikda harakatlangan. O‘sha paytda bu natija quruqlikda qayd etilgan eng katta tezlik hisoblangan.

2002 yilda ishlab chiqarilgan Opel Corsa sedani.

1972 yilgacha Opel kompaniyasi Germaniyadagi eng yirik avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniya bo‘lgan. Keyin bu maqom boshqa raqobatchilarga boy berilgan.

Kompaniya logotiplari shu paytgacha 11 marta o‘zgargan. So‘nggi ko‘rinishdagi logotipdan 2008 yildan boshlab foydalan boshlashgan.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid