Jahon | 11:48 / 12.08.2024
2238
4 daqiqa o‘qiladi

Belgorod viloyatining ayrim hududlarida evakuatsiya e’lon qilindi

Belgorod viloyati gubernatori Krasnoyarujskiy tumani chegarasida Ukraina qo‘shinlarining faolligi to‘g‘risida ma’lum qildi va evakuatsiya haqida ma’lumot berdi.

Foto: AFp

Belgorod viloyati g‘arbidagi Krasnoyarujskiy tumanida aholini evakuatsiya qilish boshlandi. Bu haqda 12 avgust, dushanba kuni viloyat gubernatori Vyacheslav Gladkov ma’lum qildi.

Tuman Rossiyaning Kursk viloyati va Ukrainaning Sumi viloyati o‘rtasida joylashgan.

«Tong xavotirli boshlandi. Dushmanning faolligi - Krasnoyarujskiy tumani chegarasida», dedi Gladkov. «Biz Krasnoyarujskiy tumanida yashovchi odamlarni xavfsizroq joylarga ko‘chirishni boshlaymiz», - deya qo‘shimcha qildi u.

Gubernatorning so‘zlariga ko‘ra, evakuatsiya uchun transport allaqachon jo‘natilgan. «Ishonchim komilki, hamma narsa tartibli tarzda sodir bo‘ladi», deb ta’kidladi Gladkov voqea joyiga borishini aniqlab.

Tumandagi qishloqlardan birining minomyotdan o‘qqa tutilishi

Avvalroq gubernator Krasnoyarujskiy tumani Vyazovoye qishlog‘i ikki marta minomyotdan hujumga uchragani, elektr uzatish liniyasi shikastlangani, elektr quvvati zaxira liniyalar orqali yetkazib berilayotgani haqida yozgan edi.

Ayni paytda, Rossiya Mudofaa vazirligiga yaqin bo‘lgan «Rybar» Telegram-kanali Ukraina tuzilmalari Krasnoyarujskiy tumanidagi Kolotilovka nazorat-o‘tkazish punkti yaqinida hujum uyushtirgani, Belgorodni shimoldan uzib qo‘yishga harakat qilinayotgani haqida xabar berdi. 

Kanal ma’lumotlariga ko‘ra, «dushman bir necha og‘ir texnikadan foydalangan holda o‘t ochgan» va «kichik hujumkor guruhlarda oldinga siljishga harakat qilgan». Rossiya Havo-kosmik kuchlarining aviatsiyasi ishlamoqda, deb yozadi «Rybar». Materialni chop etish vaqtida ma’lumotni tezda tekshirish imkoni yo‘q.

Viloyat hududida ATO rejimi amal qilyapti

10 avgust kuni Belgorod viloyatida aksilterror operatsiyasi (ATO) rejimi joriy etildi.

Shunday qilib, u jismoniy shaxslarning hujjatlarini tekshirish va hujjatlar yo‘q bo‘lgan taqdirda ularni ichki ishlar organlariga yuborishni o‘z ichiga oladi. Aholiga ma’lum hududlar va obektlarga kirish taqiqlanishi mumkin. Rasmiylar elektron yozishmalarni o‘qish va telefon suhbatlarini tinglash huquqiga ega. Ushbu chora fuqarolarni «vaqtinchalik ko‘chirish»ni, shuningdek, transport vositalari va piyodalar harakatini cheklashni nazarda tutadi. Xavfsizlik xizmatiga uy-joy va yer uchastkalariga to‘siqsiz kirish huquqi beriladi.

Ukraina Qurolli kuchlari 2024 yil 6 avgustdan buyon yaqin atrofdagi Kursk viloyatida harbiy operatsiya o‘tkazmoqda. Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi 10 avgust kuni mintaqadan 76 mingdan ortiq odam evakuatsiya qilingani haqida xabar berdi. So‘nggi 24 soat ichida viloyatning chegaradosh hududlaridan 8 mingdan ortiq aholi mustaqil ravishda va «uyushgan kolonnalar»da chiqib ketdi, deb xabar qildi 11 avgust kuni Favqulodda vaziyatlar vazirligi. 

Ukraina xavfsizlik xizmatining yuqori martabali mulozimi AFP agentligiga aytishicha, operatsiyada «minglab» ukrainalik harbiylar ishtirok etyapti. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujumning maqsadi - Rossiya kuchlarini «cho‘zish» va mamlakatni «beqarorlashtirish». 

Mavzuga oid