Jahon | 19:34 / 12.08.2024
32300
4 daqiqa o‘qiladi

Putin ukrainlarning Kursk oblastidagi yurishi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi

U Mudofaa vazirligidan «dushmanni Rossiya hududidan siqib chiqarish»ni talab qildi. Shuningdek, «tinch aholini o‘qqa tutayotganlar bilan muzokara qilib bo‘lmasligi» haqida gapirdi.

Foto: RIA Novosti/Sergey Bobylev

Rossiya prezidenti Vladimir Putin ayni vaqtda RF mudofaa vazirligining asosiy vazifasi — «dushmanni Rossiya hududlaridan siqib chiqarish va chegaraning ishonchli himoyasini ta’minlash» ekanini aytdi. U bu haqda Ukraina bilan chegaradosh bo‘lgan hududlardagi vaziyat yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda gapirgan. 

«Shubhasiz, Mudofaa vazirligi qarshisida turgan asosiy vazifa — dushmanni hududlarimizdan haydab chiqarish va chegara xizmati bilan birgalikda davlat chegarasining ishonchli qo‘riqlanishini ta’minlash. FSB Rosgvardiya bilan birgalikda aksilterror rejim vaziyati va dushmanning diversiya-razvedka guruhlariga qarshi samarali kurashni ta’minlashi kerak. <…> Bo‘layotgan voqealarga albatta baho berilishi lozim. Shunday qilinadi. Ammo hozirda asosiysi — hozirning o‘zida yuzaga kelayotgan va vaziyat rivoji bo‘yicha prognozlar asosidagi dolzarb masalalarni hal qilish kerak», — degan Putin.

Uning fikricha, Kiyev «g‘arblik xo‘jayinlari» yordamida Rossiya hududiga hujum qilib, «kelgusi muzokaralardagi pozitsiyalarini yaxshilash»ga intilmoqda. 

«Ammo tinch aholiga, fuqarolik infratuzilmalariga o‘ylamasdan hujum qiladigan yoki yadroviy energetika obektlariga tahdid soladigan odamlar bilan qanday muzokaralar haqida gapirish mumkin? Umuman, ular bilan nimani gaplashamiz?» — deya qayd etgan Putin.

Rossiya prezidenti ta’kidlashicha, Ukraina qurolli kuchlarining chegara hududlardagi amaliyotdan bosh maqsadi — Rossiya armiyasi yurishini to‘xtatish hisoblanadi.

«Bunday aksiyalar — qo‘shinlarimizning Novorossiya hududlarini to‘liq ozod etish bo‘yicha yurishini to‘xtatishni ko‘zda tutadi. To‘qnashuv chizig‘ida nimalar bo‘lmoqda? Rossiya qurolli kuchlari, ko‘ngillilar va faxriylarning yurish amaliyoti sur’ati pasaymasdan, balki bir yarim baravarga oshdi. Butun to‘qnashuv chizig‘i bo‘ylab bizning armiya oldinga harakatlanmoqda.

Raqibning yana bir maqsadi — Rossiya jamiyatiga nifoq urug‘ini ekish va ixtilof qo‘zg‘ash, odamlarni qo‘rqitish, jamiyat birdamligiga putur yetkazish. Bunga javoban esa RF fuqarolari og‘ir vaziyatga tushib qolganlarga yordam qo‘lini cho‘zib, ularni qo‘llab-quvvatlamoqda. Armiyani ham qo‘llab-quvvatlashmoqda, so‘nggi kunlarda Rossiyani himoya qilayotgan erkaklarimiz, jangchilarimiz safiga qo‘shilishni istab, Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzish istagini bildirganlar soni oshdi.

Kiyev rejimi boshliqlari nafaqat Rossiya xalqiga qarshi jinoyatlar qilmoqda, balki ukrainlarni qirib yuborish yo‘liga o‘tgan. Ukraina qurolli kuchlari yo‘qotishlari dramatik tarzda ortib bormoqda. Raqib albatta munosib javobni oladi, maxsus harbiy amaliyotning barcha maqsadlariga erishiladi», — degan Putin.

  • Ukrainada harbiy harakatlarni to‘xtatishga qaratilgan ehtimoliy muzokaralar haqidagi gaplar 1 avgust kuni Rossiya va G‘arb mamlakatlari o‘rtasida o‘tkazilgan mahbuslar almashuvi ortidan paydo bo‘lgandi.
  • 6 avgust kuni esa Ukraina qo‘shini Kursk oblasti hududiga bostirib kirdi va qator aholi yashash manzillarini o‘z nazoratiga oldi. 11 avgustga o‘tar kechasi ukrain kuchlari Kursk oblastidagi yana bir rayon — Belovskiyga kirgani haqida xabarlar tarqaldi. U ukrain kuchlarining Rossiya hududiga bosqini boshlangan Sudjanskiy rayonidan janubi-sharqda joylashgan. Belovskiy rayoni bir tomondan Ukraina bilan, boshqa tomondan (janubda) — Belgorod oblasti bilan chegaradosh hisoblanadi.

Mavzuga oid