Fan-texnika | 13:01 / 13.08.2024
8162
5 daqiqa o‘qiladi

Sun’iy intellekt, yangi tugma va ranglar, kattaroq ekran – iPhone 16’dan nimalar kutilmoqda?

Apple kompaniyasi sentabr oyida taqdim qilishi kutilayotgan yangi flagmanning texnik xususiyatlari haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Insayderlarga ko‘ra, iPhone 16 dizaynida katta o‘zgarishlar bo‘lmaydi, lekin 16-seriyasidagi modellarda Apple Intelligence ishlashi uchun tezkor xotira kuchaytiriladi, kamera uchun yangi tugma qo‘shiladi.

Apple’ning 2023 yildagi taqdimot marosimi. Foto: Justin Sullivan

Blumberg nashri muxbiri Mark Gurman insayderlarga asoslanib, Apple kompaniyasining kutilayotgan iPhone 16 smartfonlarida qanday o‘zgarishlar bo‘lishi haqida ma’lumot berdi.

Apple o‘zining yangi smartfonlarida 2020 yilda yangilangan dizayndan aytarli katta o‘zgarishlar qilmaydi. Garchi o‘tgan yilgi iPhone 15 Pro birinchi marta titan korpusda chiqqani yoki iPhone 14 Pro’ga yangi interfeys sifatida e’tirof etilgan Dinamik orol (Dynamic Island) qo‘shilgan bo‘lsa-da, bular katta o‘zgarish hisoblanmagan.

Bu yilgi iPhone 16 liniyasi ushbu dizayn merosini davom ettiradi hamda to‘rtta yangi model — iPhone 16, 16 Plus, 16 Pro va 16 Pro Max, deb nomlanishi kutilmoqda.

Foto: x.com/AppleHub

iPhone seriyalarida nimalarni kutish mumkin?

Yangi qurilmalar marketingida urg‘u beriladigan eng katta nuqta — Apple Intelligence bo‘ladi. Bu smartfonlarning yangi sun’iy intellekt (AI) imkoniyatlari to‘plami. Barcha iPhone 16 modellarida Apple Intelligence ishlaydi. Shuningdek, sun’iy intellekt to‘plami yangilangan operatsion sistema ega iPhone 15 Pro va Pro Max versiyalari bilan ham ishlaydi. Lekin yana bir taxmin bor. Unga ko‘ra, AI yangi qurilmalar bilan birga iOS 18 da chiqmaydi, balki oktabr oyida paydo bo‘ladi va oyiga 20 dollar to‘lov evaziga ishlashi mumkin. Lekin to‘lov borasida fikrlar aniq emas.

Foto: x.com/AppleHub

 

iPhone 16ning barcha versiyalarida Action tugmasi qo‘shiladi. Lekin iOS 18 da sozlanishi mumkin bo‘lgan Boshqaruv markazi – Action tugmasiga ehtiyoj kamayadi.

iPhone 16 flagman qurilmalarining o‘ng tomonida yangi kamera boshqaruvi tugmasi bo‘lishi kutilmoqda. U kamera tugmasi kabi ishlaydi: avtofokusni ishga tushirish uchun biroz bosiladi, qattiqroq bosib rasmga olish mumkin. Foto va videolar tasvirga olishda kattalashtirish va kichraytirish uchun tugmada Zoom funksiyasi ham bo‘lishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, faqat Pro modellarida ekranlar biroz kattaroq bo‘ladi. Masalan, Proʼda 6,1 dyuymdan 6,3 dyuymga o‘tadi, Pro Max’da esa 6,7 dyuymdan 6,9 dyuymga yaqinlashadi. Shuningdek, Pro (9 foizga) va Pro Max’da (5 foizga) batareyka quvvati oshadi.

Foto: x.com/AppleHub
Foto: x.com/AppleHub

Shuningdek, 16 seriyadagi modellarning barchasi 8 gigabayt tezkor xotiraga ega bo‘ladi. Bu yuqorida qayd etilgan sun’iy intellekt to‘plami – Apple Intelligence ishlashi uchun zarur bo‘lgan hajm.

Odatdagidek, bu seriyada ham qurilmalar ranglari yangilanadi. iPhone 16 Pro va Pro Max modellarida ko‘k titan rangi o‘rniga — pushti tilla rang paydo bo‘ladi.

Foto: x.com/AppleHub

Muallifga ko‘ra, bu o‘zgarishlar yangi iPhone’larni sotib olish uchun motivatsiya bermasligi mumkin. Lekin 2025 yilda iPhone liniyasiga katta silkinish olib kelishi kutilayotgan yangi iPhone SE taqdim etiladi. Qurilma iPhone 14’ga o‘xshab, butun qurilma bo‘ylab cho‘zilgan OLED displeyga ega bo‘ladi va Apple Intelligence’ni qo‘llab-quvvatlaydi.

Agar Apple yangi iPhone SE narxini taxminan 500 dollarga tushira olsa, bu kompaniya tarixidagi eng yaxshi sotuvlarga sabab bo‘lishi mumkin.

Foto: x.com/AppleHub

Lekin qurilmadagi yirik inqilobiy o‘zgarishlar 2025 yil sentabr oyida iPhone 17 bilan paydo bo‘lishi aytilmoqda.

Masalan, ancha nozik dizaynga ega iPhone 17 va iPhone 17 Pro o‘rtasida joylashgan iPhone’ning AIR versiyasi. Buni xuddi Macbook va Macbook Pro o‘rtasida paydo bo‘lgan Macbook Air bilan taqqoslasa bo‘ladi. 

Mavzuga oid