Jahon | 11:04 / 13.08.2024
1727
5 daqiqa o‘qiladi

Yevrokomissar Maskni «zararli kontent» xavfi haqida ogohlantirdi

Ilon Mask AQSh prezidentligiga nomzod Donald Tramp bilan intervyu o‘tkazilishi haqida e’lon qilganidan so‘ng, yevrokomissar Terri Breton milliarderga shoshqaloq harakatlar uchun javobgarlik borligini eslatdi.

Foto: EU/Lukasz Kobus

Yevropa Ittifoqi ichki bozor va xizmatlar bo‘yicha komissari Terri Bretonning so‘zlariga ko‘ra, AQSh prezidentligiga Respublikachilar partiyasidan nomzod Donald Tramp milliarder Ilon Mask bilan suhbat chog‘ida «yolg‘on bayonotlar» tarqatishi mumkin. Breton bu haqda 12 avgust, dushanba kuni ushbu intervyu bo‘lib o‘tgan Maskning X ijtimoiy tarmog‘ida yozgan

Suhbat o‘tkazilishi ma’lum qilinganidan ko‘p o‘tmay, yevrokomissar Ilon Maskka yo‘llagan maktubida uning idorasi suhbat davomida «zo‘ravonlik, nafrat va irqchilikni qo‘zg‘atishi mumkin bo‘lgan kontent tarqalishini» diqqat bilan kuzatib borishi haqida ogohlantirdi. Mask Yevropa Ittifoqi qonunlariga rioya qilishga majbur, deya ta’kidladi Breton. Xususan, Yevropa Ittifoqining Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonuni (DSA) platformadan AQSh saylovlari kabi «tegishli voqealar bilan bog‘liq zararli kontent tarqalishini samarali ravishda to‘xtatishni» talab qiladi. 

«Mening idoram va men juda hushyor bo‘lamiz», deb davom etdi Yevropa Ittifoqining raqamli texnologiyalar bo‘yicha komissari. Agar qonunbuzarliklar belgilari bo‘lsa, Bryussel jarimalar kabi «vaqtinchalik choralar» qo‘llash huquqini o‘zida saqlab qoladi.

Mask Bretonning maktubiga haqoratli mem bilan javob berdi va kinoya bilan u hech qachon bunday qo‘pol, mas’uliyatsiz harakatga qaror qilmaganini aytdi. Tramp saylovoldi kampaniyasi, o‘z navbatida, Yevropa Ittifoqi o‘z ishi bilan shug‘ullanishi va AQSh prezidentlik kampaniyasiga aralashishga urinmasligi kerakligini bildirdi. 

Mask akkaunti «katta» kiberhujumga uchraganini ma’lum qildi

Milliarder Tramp bilan suhbat boshlanishi e’lon qilingan vaqtda «X’ga katta DDOS hujumi bo‘lganini» aytdi va bu unga o‘z vaqtida savollar berishni boshlashga imkon bermaganini ta’kidladi. Natijada, suhbat belgilanganidan taxminan 45 daqiqa kechroq boshlandi.

Ko‘plab obunachilarning video-translatsiyani ko‘rish umidi o‘zini oqlamadi: jonli efir ikkala ishtirokchining akkauntlarida audio-rejimda bo‘lib o‘tdi. Maskning sahifasida 195 millionga yaqin obunachi bor, Trampnikida esa 90 millionga yaqin. Ammo, ularning auditoriyasi sezilarli darajada bir-biriga mos keladi. Muloqotning birinchi yarim soatida tinglovchilar auditoriyasi 1,5 milliondan bir milliongacha kamaydi. Suhbat taxminan ikki soat davom etdi. 

Mask va Tramp o‘rtasidagi audio-muloqotda ko‘tarilgan mavzular AQShdagi bo‘lajak saylovlar, Rossiya bilan munosabatlar, Ukraina urushi, NATO muammolari, global isish mavjudligi, elektromobil bozori rivojlanishi va boshqa masalalarga taalluqli bo‘ldi. Mask juda iltifotli ekanini ko‘rsatdi hamda mohiyatan o‘z mehmoniga e’tiroz bildirmadi va ko‘tarilgan ko‘plab mavzularda uning fikriga qo‘shildi.

Tramp uzoq tanaffusdan so‘ng X ijtimoiy tarmog‘iga qaytdi 

X ijtimoiy tarmog‘ining foydalanuvchisi sifatida uzoq vaqt ko‘rinmaganidan so‘ng, AQSh sobiq prezidenti va Respublikachilar partiyasidan bo‘lajak saylovlarda yagona nomzod Donald Tramp ushbu axborot platformasiga qaytdi. 12 avgust, dushanba kuni u o‘zining 2,5 daqiqalik saylovoldi videosini e’lon qildi. Unda Trampning 2016 yildagi saylovlardagi birinchi g‘alabasidan to hozirgi prezidentlikka nomzodigacha bo‘lgan yo‘li ko‘rsatilgan. Shundan so‘ng, Tramp bir qancha shunga o‘xshash videolarni e’lon qildi. 

AQSh vitse-prezidenti, Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod Kamala Harris uchta muhim shtat – Michigan, Viskonsin va Pensilvaniyada Respublikachilar partiyasidan nomzod Donald Trampni ortda qoldirdi. Buni The New York Times gazetasi va Siena College tadqiqot instituti tomonidan 10 avgust kuni e’lon qilingan so‘rov natijalari tasdiqlaydi.

Mavzuga oid