O‘zbekiston | 11:10 / 14.08.2024
9969
8 daqiqa o‘qiladi

Abdulaziz Komilov: «Qo‘shnilar bilan hech qanday muammo bo‘lmasligiga erishish – tashqi siyosatimizning ustuvor yo‘nalishi»

Bir necha yil oldin mintaqadagi chegaraviy mojarolar, suv bo‘yicha tortishuvlar ortidan tarqoqligimiz bizni zaiflashtirar va birlashish istiqbollaridan mahrum etardi. Bularning barchasi asrlar davomida yonma-yon tinch-totuv yashab kelgan Markaziy Osiyo xalqlarining qadriyatlariga mutlaqo zid edi, deydi O‘zbekiston prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili.

Foto: Prezident matbuot xizmati

«Ostonada yakunlangan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining oltinchi Maslahat uchrashuvi mintaqadagi barcha mamlakatlarning so‘nggi olti yildagi navbatma-navbat raisligi yakunlarini ramziy tarzda sarhisob qildi va ushbu noyob formatdagi davlatlararo hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi», — deydi Abdulaziz Komilov O‘zbekiston tashqi siyosatiga bag‘ishlangan maqolasida.

Qo‘shnilar ilk marta mintaqaviy kooperatsiyani rivojlantirishga doir yagona qarash – «Markaziy Osiyo – 2040» konsepsiyasini kelishib oldi. Komilovga ko‘ra, bu hujjat o‘zaro hamkorlikning barcha asosiy sohalarini qamrab olgan, istiqbolga mo‘ljallangan aniq amaliy rejalarni, ularni amalga oshirish shakllari va mexanizmlarini belgilab berdi.

2018 yilda Ostona shahrida o‘tkazilgan birinchi uchrashuvdan buyon o‘tgan davrda Markaziy Osiyo mamlakatlari ancha katta yo‘lni bosib o‘tdi. Bular qatorida Markaziy Osiyoning zamonaviy qiyofasini o‘zgartirib, mintaqani tinchlik va hamjihatlik, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va hamkorlik makoniga aylantirish yo‘lidagi sa’y-harakatlarni eslash o‘rinlidir.

«Bundan bor-yo‘g‘i yetti yil oldin chegaralarimiz deyarli to‘liq yopilgan edi. Biz chegara hududlaridagi mojarolar va minalangan dalalarga, transport blokadalariga, savdo sohasida baland to‘siqlar o‘rnatilganiga guvoh edik.

Suv resurslaridan, yaylovlar va suv xo‘jaligi obektlaridan foydalanish masalalari bo‘yicha tinimsiz tortishuvlarning ochiq qarama-qarshilikka aylanib ketish xavfi bor edi.

Mintaqadagi ba’zi kuchlar ishonchsizlik ruhini avj oldirish va umumiy tarixiy merosimizdan o‘z manfaatlari uchun foydalanish orqali muxoliflik va raqobatni keltirib chiqarardi. Tarqoqligimiz bizni zaiflashtirar, birlashish istiqbollaridan mahrum etar, mintaqa salohiyatini mushtarak manfaatlar yo‘lida ro‘yobga chiqarishga to‘sqinlik qilar edi.

Bularning barchasi asrlar davomida yonma-yon, tinch-totuv yashab kelgan, bir dinga e’tiqod qilgan, umumiy urf-odat va an’analarga ega bo‘lgan, minglab ko‘rinmas rishtalar bilan bog‘langan Markaziy Osiyo xalqlarining madaniy-sivilizatsiyaviy qadriyatlariga mutlaqo zid edi.

Qolaversa, global ishonch inqirozining chuqurlashuvi va qurolli mojarolarning keskinlashuvi mintaqaning barqarorligi va izchil rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsata boshladi. Shu munosabat bilan Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari va xalqlari kabi O‘zbekistonning ham farovonligi hamkorlikni mustahkamlash borasidagi umumiy sa’y-harakatlarga, mintaqada xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlash manfaatlarini birgalikda ilgari surishga tayyorligiga bog‘liq, degan tushuncha tobora mustahkamlandi.

Shuni e’tirof etish kerakki, tub o‘zgarishlarga, to‘planib qolgan muammolarni hal etishga, qo‘shnilar bilan o‘zaro munosabatlarni yo‘lga qo‘yishda eskirgan yondashuvlardan batamom voz kechishga bo‘lgan ijtimoiy talabni chuqur his qilgan yetakchi – O‘zbekistonning yangi prezidenti Shavkat Mirziyoyev bo‘ldi.

O‘zbekiston rahbari yangi yaxlit Tashqi siyosat doktrinasini shakllantirdi. Unda xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikning dolzarb muammolari, zamonaviy tahdid va xatarlar, yangi dunyo tartibotini shakllantirish va boshqa masalalarga nisbatan O‘zbekistonning qarashlari va yondashuvlari belgilangan.

Doktrinada dunyoning rivojlangan davlatlari bilan teng huquqlilik, o‘zaro hurmat, ishonch va bir-birining manfaatlarini hisobga olish asosida ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish ko‘zda tutilgan. Osiyo, Yevropa, Amerika va Afrikaning yetakchi davlatlari, nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan izchil siyosiy muloqotni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilgan.

Ushbu Doktrinada O‘zbekiston Prezidenti tomonidan Markaziy Osiyo mintaqasi O‘zbekiston tashqi siyosiy faoliyatining asosiy ustuvor yo‘nalishi etib belgilangan. «Qo‘shnilar bilan hech qanday muammo bo‘lmasligi»ga erishish eng muhim maqsad qilib qo‘yildi. O‘z xavfsizligini boshqa davlatlar xavfsizligi hisobiga mustahkamlashga yo‘l qo‘ymaslik, ochiqlik, pragmatizm va konstruktivlik, teng huquqlilik, o‘zaro hurmat va manfaatlarni hisobga olish, proaktiv muloqot tamoyillari mintaqaviy siyosatning konseptual asosiga aylandi.

O‘zbekiston obektiv ravishda Markaziy Osiyoning kelajagi uchun alohida mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan. Bu omil biz mintaqaning barcha mamlakatlari bilan umumiy chegaralarga ega ekanligimiz bilan izohlanadi. Mamlakatimizda Markaziy Osiyo aholisining yarmidan ko‘pi, mintaqadagi barcha xalqlarning yirik jamoalari yashaydi. O‘zbekiston taraqqiyotining deyarli barcha hayotiy muhim masalalari – suvdan tortib, transport yo‘laklari, mintaqaviy xavfsizlik va savdo-sotiqqacha chegaradosh davlatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik va oldindan taxmin qilish mumkin bo‘lgan munosabatlarga bog‘liq.

Aynan shuning uchun ham O‘zbekiston rahbari 2016 yilda Parlamentga yo‘llagan birinchi murojaatnomasida ustuvor yo‘nalishlarni aniq belgilab, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan munosabatlarni mustahkamlashni birinchi o‘ringa qo‘ygan edi. «Mamlakatimizning milliy manfaatlarini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan Markaziy Osiyo mintaqasi O‘zbekiston tashqi siyosiy faoliyatining asosiy ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Biz yaqin qo‘shnilarimiz Turkmaniston, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston bilan ochiq, do‘stona va pragmatik siyosat olib borishga sodiq qolamiz», deb ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev. Davlatimiz rahbari saylovdan keyin ko‘p vaqt o‘tmay Ashxobod va Ostona shaharlariga ilk rasmiy tashriflarini amalga oshirib, Markaziy Osiyo – ustuvor, degan tamoyilni yana bir bor tasdiqlagani bejiz emas.

Mamlakatimiz yetakchisi ushbu tarixiy murojaatida Toshkentning yaqin qo‘shnilarga nisbatan konstruktiv siyosat olib borish, to‘planib qolgan mintaqaviy muammolarni teng huquqlilik, o‘zaro manfaatlarni hisobga olish va oqilona murosaga erishish asosida hal etish, mintaqamizning qoq markazida joylashgan mamlakat sifatida O‘zbekiston atrofida do‘stlik va farovonlik, xavfsizlik va barqarorlik hududini yaratish borasidagi qat’iy niyatini bayon etdi.

O‘zbekiston rahbari tomonidan hukumat va tashqi siyosat idoralari oldiga mintaqaviy siyosatning asosiy vazifalari– chegaralarni tartibga solish jarayonlarini yakunlash, suvdan oqilona va adolatli foydalanish masalalarini birgalikda hal etish, mamlakatlarning iqtisodiy, ekologik, transport-logistika va ilmiy-texnologik rivojlanishdagi o‘zaro bog‘liqligini shakllantirish va boshqa masalalar belgilab berildi.

Toshkentning Markaziy Osiyoda siyosiy-diplomatik, iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasidagi yondashuvlaridagi o‘zgarishlar nafaqat O‘zbekistonning qo‘shnilar bilan davlatlararo munosabatlarini tubdan yaxshilash uchun sharoit yaratdi, balki Markaziy Osiyoning yangi formatda yanada jipslashishi va integratsiyalashuviga zamin bo‘ldi», — deydi Komilov.

Mavzuga oid