Jahon | 07:53 / 14.08.2024
4928
3 daqiqa o‘qiladi

Bayden va Borrel Ukrainaning Kursk yaqinidagi hujumi haqida gapirdi

AQSh prezidenti Ukrainaning muvaffaqiyati «Putin uchun haqiqiy dilemma»ni yuzaga keltirishini aytdi, Yevropa diplomatiyasi rahbari esa Yevropa Ittifoqi Ukraina xalqi kurashini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.

Foto: Viacheslav Ratynskyi/Reuters

AQSh prezidenti Jo Bayden 13 avgust, seshanba kuni Yangi Orleanda jurnalistlar bilan suhbatda Ukraina Qurolli kuchlarining Rossiya Federatsiyasi Kursk viloyatidagi hujumi haqida ilk bor izoh berdi. Baydenning ta’kidlashicha, bu yutuq «Putin uchun haqiqiy dilemma» yaratadi va AQSh «ukrainaliklar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri va doimiy aloqada». «Voqealar rivoji davomida bu haqda aytmoqchi bo‘lgan narsam shu», dedi Amerika prezidenti.

Ukraina Qurolli kuchlarining Kursk viloyatidagi hujumi haqida Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel ham gapirdi. U X ijtimoiy tarmog‘ida Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba bilan frontdagi so‘nggi voqealar va Kursk yaqinidagi qarshi hujumni muhokama qilganini yozdi. 

Yevropa diplomatiyasi rahbari Yevropa Ittifoqi Ukraina xalqining kurashini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini tasdiqladi. «Rossiya o‘zining asossiz hujumiga qarshi Ukraina qarshiligini sindira olmadi va endi o‘z hududi ichida chekinishga majbur bo‘lmoqda», - dedi u. 

Ukraina Qurolli kuchlarining Kursk viloyatidagi hujumi 

Ukraina Qurolli kuchlari 2024 yilning 6 avgustidan buyon Kursk oblastida harbiy operatsiya o‘tkazmoqda. Rossiya Mudofaa vazirligi va Rossiya targ‘ibot-tashviqoti Telegram-kanallari xabarlariga ko‘ra, Ukraina qo‘shinlari Rossiya chegara hududining bir qismini qo‘lga kiritib, 10 kilometrdan ko‘proq ichkari tomon kirib borgan. 12 avgust kuni Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy Kursk oblastida 1000 kvadrat kilometrga yaqin hudud Ukraina armiyasi nazoratida ekanligini ma’lum qildi.

Kursk oblastidagi harbiy amaliyotda «minglab» ukrainalik harbiylar ishtirok etmoqda. Bu haqda Ukraina xavfsizlik sohasidagi ismi oshkor etilmagan yuqori martabali xodimga tayanib, AFP xabar berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujumning maqsadi - Rossiya kuchlarini «cho‘zish» va mamlakatni «beqarorlashtirish».

Mavzuga oid