Jahon | 16:03 / 15.08.2024
6462
2 daqiqa o‘qiladi

Turkmanistonda SIM-karta sotish to‘xtatildi. Ular tugab qolgani aytilmoqda

Turkmanistonning yagona uyali aloqa operatori “Oltin Asr” telefonlar uchun yangi SIM-karta sotishni to‘xtatdi. Kompaniya xodimlari endi pasport olib, SIM-karta uchun ariza bergan 16 yoshli fuqarolarga rad javobini berib, bo‘sh telefon raqamlari yo‘qligini ta’kidlamoqda.

Qayd etilishicha, avvallari SIM-karta xarid qilish uchun murojaat qilganlar navbatga qo‘yilgan bo‘lsa, hozir buning ham iloji yo‘q.

Turkmaniston poytaxtida yashovchi fuqaroning so‘zlariga ko‘ra, kompaniyaning markaziy ofisida ham, filiallarda ham na yangi raqamga, na mavjud raqamga SIM-karta olib bo‘lmayapti. Endi mijozlar faqat tarifni o‘zgartira oladi, dedi u.

TMCell savdo belgisi ostida faoliyat yurituvchi “Oltin Asr” yuzaga kelgan muammolarni kompaniyaning yangi SIM-kartalar sonini ko‘paytirish uchun texnik imkoniyati yo‘qligi bilan izohladi. Kompaniya bu muammolar haqida rasman xabar bermagan.

“Oltin Asr” 2023 yilning bahorida SIM-kartalar savdosini cheklashni boshlagandi. Oktyabr oyida kompaniya ofislarida navbatlar paydo bo‘ldi, ular 2024 yilning bahorigacha cho‘zildi.

Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda Turkmaniston hukumati eng ilg‘or texnologiyalarni xarid qilish va joriy etish haqida muntazam bayonotlar berib keladi, biroq mamlakatda uyali aloqa sifati yomonlashib, internet tezligi pasaymoqda.

Qator nashrlar bu mamlakat hukumati aholining ma’lumotlardan foydalanishini nazorat qilishi, Turkmanistonga oid ma’lumotlar sizib chiqishining oldini olishga urinishini ta’kidladi. Turkmanistonda bir necha yillardan beri yirik ijtimoiy tarmoqlar va mustaqil axborot vositalari bloklangan.

Mavzuga oid