Jahon | 10:00 / 16.08.2024
2291
5 daqiqa o‘qiladi

Kiyev va Moskva Kursk viloyatidagi asirlarni almashish bo‘yicha muzokara o‘tkazmoqda 

Kursk viloyatidagi janglarda asirga olinganlarni almashish masalasi Ukrainaning qarshi hujumi boshlanganidan bir hafta o‘tib ko‘tarildi, deb yozadi Financial Times. Ukraina matbuotiga ko‘ra, «SBU» 102 nafar rossiyalik harbiy xizmatchini asirga olgan.

Foto: AFP 2024 / FADEL SENNA

Ukraina hukumati Rossiya bilan Ukrainaning Kursk viloyatidagi qarshi hujumi paytidagi janglarda asirga olinganlarni almashish bo‘yicha muzokaralarni boshladi. Bu haqda 15 avgust, payshanba kuni Financial Times (FT) gazetasi yozdi. Kiyev harbiy amaliyotidan deyarli 10 kun o‘tib muzokaralar Moskva tashabbusi bilan boshlangan. Oliy radaning inson huquqlari bo‘yicha vakili Dmitriy Lubinets bir kun avval milliy telemarafon efirida aytganidek, Rossiya ombudsmani Tatyana Moskalkova u bilan bog‘lanib, almashinuv tafsilotlarini muhokama qilishni boshladi. 

«Ukraina harbiy razvedkasi («GUR») Financial Times nashriga almashinuv ustida ishlayotganini tasdiqladi», deb yozadi gazeta. Lubinetsga ko‘ra, ayni damda Moskva va Kiyev asirlar haqida ma’lumot almashishmoqda. Bundan tashqari, Oliy rada vakili, shuningdek, BMT va Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasini «Rossiya harbiy asirlarining huquqlari himoyalangani va Ukraina istalgan vaqtda o‘zaro almashinuv jarayonlarini davom ettirishga tayyorligi» to‘g‘risida xabardor etganini aytdi. 

Ukraina OAV: Rossiyalik asirlar soni yuzdan ortiq 

FT o‘z materialida Kursk yaqinidagi hujum paytida Ukraina armiyasi tomonidan qo‘lga olingan rossiyalik harbiy asirlarning aniq sonini keltirmadi, biroq Ukraina Xavfsizlik xizmatidagi («SBU») o‘z manbalariga tayanib, 102 rus askari asirga olinganini bildirdi. 

Ukraina manbalariga ko‘ra, 14 avgust kuni harbiy xizmatchilar, jumladan, Rossiya Qurolli kuchlarining 488-gvardiya motoo‘qchilar polki va «Axmat» bo‘linmasidan harbiy xizmatchilar taslim bo‘lgan. Ukraina Mudofaa vazirligi va Bosh razvedka boshqarmasining «Men yashashni xohlayman» loyihasi asirlarning fotosuratlari va videolarini nashr etdi. Ularda dala yaqinida va angar tipidagi katta xonada yo‘lda qo‘llari va ko‘zlari bog‘langan holda yotgan askarlar ko‘rsatilgan. «Men yashashni xohlayman» ma’lumotlariga ko‘ra, «SBU» bo‘linmasi «har tomondan mustahkamlangan tayanch punktini» egallab, tozalagan. Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy Ukraina Sudjada rus qo‘shinlarini mag‘lubiyatga uchratganini va «kun boshidan beri 100 dan ortiq harbiy xizmatchilar asirga olinganini» ma’lum qildi.

Ukraina Kursk viloyatining bosib olingan hududida «xavfsizlik zonasi» yaratmoqda

«Ukrainaning chegaradosh viloyatlarini himoya qilish maqsadida mudofaa kuchlari Rossiya Federatsiyasi hududida Ukrainaga tutash bo‘lgan xavfsizlik zonasini yaratmoqda», — deb yozdi bosh vazir o‘rinbosari Irina Vereshchuk o‘zining Telegram-kanalida. U «Rossiyaga ham, Ukrainaga ham» gumanitar koridorlarni ochish rejalashtirilganligini ta’kidladi.

Bosh vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, bosib olingan hududlarda «gumanitar operatsiyalar» o‘tkaziladi va u yerda xalqaro gumanitar tashkilotlar ishiga ruxsat beriladi. Ukraina hukumati, shuningdek, Kursk viloyatida «gumanitar yordamga muhtoj» aholi uchun 24 soatlik ishonch telefonini ishga tushirdi, deb yozadi Vereshchuk. 

Ukraina bilan chegaradagi hududlarda evakuatsiya

9 avgust kuni Rossiya rahbariyati Belgorod, Bryansk va Kursk viloyatlarida aksilterror operatsiyasi (ATO) rejimini joriy qildi. 12 avgust kuni Kursk gubernatori vazifasini bajaruvchi Aleksey Smirnov mintaqada 120 mingdan ortiq odam evakuatsiya qilinganini bildirdi va Ukraina Qurolli kuchlari o‘z viloyatidagi 28 aholi punktini nazoratda ushlab turganini tan oldi. Ukraina qurolli kuchlari 74 aholi punkti va ming kvadrat kilometrdan ortiq hududni nazoratga olganini ma’lum qildi.

Kursk va Belgorod viloyatlarining chegara hududlari aholisi Ukraina Qurolli kuchlari hujumi fonida uylarini tark etmoqda. Shunday qilib, qo‘shni Belgorod viloyatining Krasnoyarujskiy tumani aholisi uni deyarli butunlay tark etdi, deyiladi viloyat gubernatori Vyacheslav Gladkov xabarida.

Mavzuga oid