Jahon | 22:09 / 17.08.2024
6297
2 daqiqa o‘qiladi

Hindistonda shifokorlar o‘z hamkasbi shafqatsizlarcha o‘ldirilganidan keyin ommaviy ish tashlashdi

Ular hukumatdan shifokor ayolni zo‘rlab o‘ldirgan jinoyatchini topish va jazolashni talab qilmoqda.

Foto: Times of India

Hindiston Tibbiyot Assotsiatsiyasi (IMA) 24 soatlik ish tashlash e’lon qildi, bu vaqt davomida jarrohlik operatsiyalari amalga oshirilmaydi va ambulator bemorlar qabul qilinmaydi. Bu haqda Times of India xabar berdi.

Mamlakatning eng yirik kasaba uyushmasi bayonotida ta’kidlanganidek, hukumat e’tiborini shifokorlarning ish joyidagi xavfsizligi muammosiga va Kalkuttada stajyor shifokor ayolning shafqatsizlarcha o‘ldirilishida aybdorlarni jazolash zarurligiga qaratishi kerak. Shifokorlar aksiyasi shu bilan bog‘liq.

Umummilliy ish tashlash 17 avgust kuni mahalliy vaqt bilan soat 6:00 da boshlandi. Ishtirokchi tibbiyot muassasalarida kunduzi ambulatoriya bo‘limlari ishlamaydi va rejali jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilmaydi. Biroq, shifokorlar jarohatlar kabi favqulodda holatlarda asosiy xizmatlar va yordam ko‘rsatishda davom etadi.

9 avgust kuni Kalkuttadagi tibbiyot muassasasi seminarlar zalida 31 yoshli shifokor ayolning jasadi topildi. Unda zo‘rlash alomatlari, ko‘plab jarohatlar va bo‘g‘ilish belgilari aniqlangan. Avvaliga politsiya marhumni o‘z joniga qasd qilganini e’lon qildi, biroq keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, stajyor ayol haqiqatan ham ish joyida zo‘rlangan va o‘ldirilgan.

Ertasi kuni Kalkuttada shifokorlar jinoyatchilarni tezroq topishni talab qilib, namoyish o‘tkazdilar. Aksiya boshqa shtatlarga ham tarqaldi - so‘nggi kunlarda Nyu-Dehli, Kalkutta, Mumbay, Haydarobod, Pune va boshqa shaharlarda minglab norozilik yurishlari bo‘lib o‘tdi.

Mavzuga oid