O‘zbekiston | 14:18 / 17.08.2024
5721
2 daqiqa o‘qiladi

Kursk, Bryansk va Belgoroddagi O‘zbekiston fuqarolariga ehtiyot choralarini ko‘rish tavsiya etildi

Rossiya Federatsiyasining Kursk, Bryansk va Belgorod viloyatlaridagi O‘zbekiston fuqarolariga zarurat bo‘lmasa ko‘chaga chiqmaslik va jamoat joylariga borishni cheklash, talabalarga esa onlayn ta’limga o‘tish tavsiya etildi.

Foto: AP

O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi Kursk, Bryansk va Belgorod viloyatlaridagi vaziyat munosabati bilan O‘zbekiston fuqarolariga «zaruriy ehtiyot choralarini ko‘rishni, zarurat bo‘lmasa ko‘chaga chiqmaslikni, shuningdek, odamlar ko‘p yig‘iladigan joylarga borishdan saqlanishni va jamoat joylariga tashriflarni cheklashni tavsiya qildi». Bu haqda diplomatik vakolatxonaning murojaatida aytiladi.

«Iloji bo‘lsa, ushbu hududlarda tahsil olayotgan talabalarga vaqtinchalik masofaviy ta’lim formati (onlayn)ga o‘tishni tavsiya qilamiz», — deyiladi murojaatda. 

O‘zbekiston fuqarolari konsullik yordami yoki maslahatga muhtoj bo‘lgan taqdirda, Moskvadagi elchixonaning konsullik bo‘limining koll-markaziga murojaat qilishi mumkin: +7−499−238−36−20; +7−499−230−00−76. Elektron pochta manzili: uzkorus@mail.ru. 

6 avgust kuni ertalab Ukraina qo‘shinlari Rossiyaning Kursk viloyatiga kirib keldi. Rasmiy Kiyev Rossiyaning chegaradosh hududlarida Ukraina «xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq muammolar hal qilinayotgani»ni ta’kidlab, «bu hududlarni bosib olishdan manfaatdor emasligini» bildirdi.

Mavzuga oid