Rossiya FXXning ikki polkovnigi katolik cherkovlaridan pora olib kelgani ma’lum bo‘ldi
Harbiy sud hukmi bilan ular unvonidan mahrum etilib, 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Rossiya harbiy sudi Federal xavfsizlik xizmatining (FXX) ikki nafar polkovnigini katolik rohiblardan pora olgani uchun to‘qqiz yil muddatga ozodlikdan mahrum etdi, deb xabar beradi «Kommersant».
Tergov versiyasiga ko‘ra, FXXning ikkinchi xizmati (konstitutsion tuzum himoyasi bilan shug‘ullanuvchi bo‘linma) xodimlari Yevgeniy Lobanov va Denis Karmanov 2023 yilda rim-katolik cherkovlari, xususan, Moskvadagi Avliyo Lyudovik cherkovi vakillarini «arbitraj sudlari va davlat organlari tizimidan himoya qilish» uchun pul berishga majburlagan. Natijada ular 19,98 million rublni (223,5 ming dollar) qo‘lga kiritgan.
Lobanov va Karmanov «pora olish» moddasi bo‘yicha aybdor deb topildi, Karmanov, shuningdek, noqonuniy qurol savdosi uchun ham ayblandi. Sudlanuvchilar polkovnik unvonidan mahrum etilib, 40 million rubl jarimaga tortildi.
Tergov davomida Lobanov va Karmanov o‘z ayblariga iqror bo‘lgan, biroq ayblovni poraxo‘rlikdan unchalik jiddiy bo‘lmagan firibgarlikka o‘zgartirishni talab qilgan — ular faqat ruhoniylarni aldaganliklarini, sudyalar va amaldorlarga ta’sir ko‘rsata olishmaganini bildirgan.
Yevgeniy Lobanov avvalroq 9 milliard rubllik mol-mulki musodara qilingan IIV polkovnigi Dmitriy Zaxarchenkoning jinoiy ishi bo‘yicha himoyada guvohlik qilgandi.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yilda Moskva 235-garnizoni harbiy sudi Bosh shtab xodimi, polkovnik Ivan Mertvishchevni harbiy komissardan kir yuvish mashinasini pora sifatida olgani uchun ikki oyga uy qamog‘iga mahkum qilgandi.
Mavzuga oid
19:53 / 10.09.2024
Korrupsiyaga qo‘l urgan 566 nafar shaxs davlat ishiga qaytadan kirib, yana korrupsiyaga qo‘l urgan
19:11 / 23.08.2024
Qozog‘istonda 10 million dollarlik «tushunarsiz boylik» davlatga qaytarildi
09:46 / 23.08.2024
Toshkentda korrupsiyaviy jinoyat sodir etgan mansabdorlar asosan qaysi idoralarda ishlagani aytildi
00:26 / 20.08.2024