Jahon | 04:54 / 17.08.2024
10982
3 daqiqa o‘qiladi

Ukrainalik harbiylar Belgorod viloyati hududiga 10 km kirib bordi

Ukrainlar xuddi Kursk viloyatidagi kabi jadallik bilan oldinga siljiy olmagan - hudud minalashtirib tashlangan va tankka qarshi to‘siqlar bilan qoplangan.

Foto: The Washington Post

Ukraina Qurolli Kuchlari Belgorod viloyatiga uyushtirilgan reydda Rossiya hududiga taxminan 10 kilometr kirib bordi. Bu haqda operatsiyada ishtirok etgan ukrain harbiylari The Washington Post’ga ma’lum qildi.

«Haker» laqabli 24 yoshli harbiyga ko‘ra, u o‘zi va yana bir necha nafar ukrain askarlari 11 avgust kuni Kolotilovka nazorat-o‘tkazish punkti hududidagi chegarani zirhli texnikalar yordamida kesib o‘tgan.

Ukrainlar xuddi Kursk viloyatidagi kabi jadallik bilan oldinga siljiy olmagan. Hudud minalashtirib tashlangan va tankka qarshi to‘siqlar bilan qoplangan. Bundan tashqari, ukrainalik harbiylar chegaradan o‘tishi bilan qaqshatqich qarshilikka uchragan — dronlar, artilleriya olovi va aviabombalar hujumi ostida qolib ketgan.

«Haker»ning aytishicha, uning guruhida bo‘lgan harbiylarning deyarli barchasi reydning birinchi kunidayoq yaralangan, ayrimlari oqibatda halok bo‘lgan. Rossiya tomonidan o‘t ochishlar shu qadar kuchli bo‘lganidan, UQK askarlari bir necha kun rus handaqlarida berkinishga majbur bo‘lgan. 15 avgust kuni ular zirhli transportyorda evakuatsiya qilingan. «Haker» Rossiyada halok bo‘lishdan qo‘rqqanini, «ularning hududini bilmasligini» aytdi. «Biz ko‘r-ko‘rona ishlayotgan edik», — deydi u.

Rossiya rasmiylari Belgorod viloyati chegarasidagi janglar haqida xabar bermadi, shunga qaramay, ochiq manbalarda bu haqda ma’lumotlar tarqaldi.

Xususan, 12 avgust kuni Kolotilovka nazorat-o‘tkazish punktida rus va ukrain harbiylari o‘rtasida to‘qnashuv yuz bergani aytildi. Shundan keyin UQK bo‘linmasi chegaraga joylashib oldi. 13 avgust kuni esa Rossiya qo‘shinlari Kolotilovkadagi ukrainalik harbiylarni «Solnsepyok» og‘ir ognemyot tizimlaridan o‘qqa tutayotgani haqida xabarlar tarqaldi.

Ukraina harbiylari Belgorod viloyatiga kirib borayotgani haqidagi xabarlar UQKning qo‘shni Kursk viloyatiga 10 avgust kuni uyushtirgan hujumi foniga yangradi. O‘shanda Telegram kanallarda UQK harbiylari Grayvoronskiy tumanidagi «Poroz» qishlog‘ida ekanini aytgan videoyozuv tarqaldi. Viloyat rahbari Vyacheslav Gladkov keyinroq UQK «Poroz»ning ikki nafar fuqarosi qo‘lga olganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, u ukrain harbiylari qishloqda qolyaptimi yoki yo‘q — bunga aniqlik kiritmadi.

12 avgust kuni Belgorod viloyatining chegara hududida joylashgan Krasnoyaruskiy tumani rasmiylari UQK hujumi xavfi sabab aholi evakuatsiya qilinayotganini bildirdi. Ammo ertasi kuni gubernator tumandagi vaziyat «normallashayotganini» aytdi. 15 avgust kuni esa Belgorod viloyatida federal darajdagi favqulodda holat rejimi joriy etildi.

Mavzuga oid