Jamiyat | 19:43 / 20.08.2024
182
5 daqiqa o‘qiladi

Ozarboyjonlik shoira Alisher Navoiy universiteti faxriy professori bo‘ldi

Turk olamining mashhur shoirasi, o‘zining xayrli amallari bilan qalblardan o‘rin olgan ishbilarmon Xuraman Murodovaga Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining faxriy professori unvoni topshirildi.

Tadbirda universitet professor-o‘qituvchilari, Ozarboyjon Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi diplomatik korpusi hamda Haydar Aliyev nomidagi Ozarboyjon madaniy markazi vakillari, jurnalistlar va talabalar ishtirok etdi.

Taqdirlash marosimiga bag‘ishlangan tadbirni ochib bergan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov ikki davlat o‘rtasidagi adabiy va madaniy aloqalar haqida so‘z ochib, ikki davlat rahbarlari tashabbusi bilan bu aloqalar yanada kengayayotganini qayd etib, adabiyot va ilm ahlining ham bunda muayyan xizmatlari borligiga urg‘u berdi. Bu borada so‘nggi vaqtlarda katta xizmat ko‘rsatgan shaxslar orasida shoira Xuraman Murodova ham borligini qayd etib, rektor o‘zi rahbarlik qilayotgan universitetning Ilmiy kengashi bir ovozdan unga “faxriy professor” unvoni berish to‘g‘risida qaror chiqarganini e’lon qildi. Xuraman Murodovaning o‘zbek tilida chop etilgan “O‘zbekiston ham vatanim” nomli she’rlar kitobi taqdimoti haqida gapirar ekan, rektor Shuhrat Sirojiddinov ushbu asarni o‘zbek adabiyoti uchun ahamiyatga molik tarixiy hodisa deb atadi. O‘z chiqishi yakunida rektor universitet Ilmiy kengashi qaroriga ko‘ra Xuraman Murodovaga faxriy professorlik diplomi va mantiyasini topshirdi.

So‘zga chiqqan Ozarboyjon Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi elchisi Husayn Guliyev ozarboyjon va o‘zbek xalqlari umumiy tarixiy ildizga ega ekanini qayd etib, shu rishtalarga asoslangan qardoshlik munosabatlari bugungi kunda ham yuksak saviyada ekanini ta’kidladi. Ozarboyjon Respublikasi prezidenti Ilhom Aliyev va O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ikki qardosh davlat o‘rtasidagi madaniy, siyosiy va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash yo‘lidagi ulkan sa’y-harakatlari haqida so‘zlar ekan, elchi bu yo‘nalishda har ikki davlatning tegishli davlat tashkilotlari, jamoatchiligi va fuqarolarining ham muayyan xizmatlari borligini urg‘uladi. Elchi Husayn Guliyev Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining bu qadamini ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash deb baholadi hamda oliy o‘quv yurti rahbariyati va Xuraman Murodovaga sohadagi qimmatli xizmatlari uchun o‘z tashakkurlarini bildirdi.

Shundan so‘ng biznesmen va turk olamining sevimli shoirasi Xuraman Murodova o‘zbek xalqiga Ozarboyjondan salom yo‘lladi va turk olamining nufuzli ilmiy markazlaridan biri hisoblanuvchi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti jamoasiga o‘zining ijodini yuksak qadrlaganliklari uchun chuqur minnatdorlik izhor etdi. O‘zbekiston ham o‘zi uchun Ozarboyjondek qadrli ekanini qayd etgan shoira bu yurtga kelmasdan avval uning qalbida bu qadimiy, sirli o‘lkaga nisbatan ulkan muhabbat barq urgani, O‘zbekiston, o‘zbek xalqi va qadim Turkiston o‘lkasiga atalgan o‘nlab she’rlar yozganini bildirib o‘tdi. Uning ijodiga o‘zbek o‘quvchilari tomonidan bildirilgan katta qiziqish undagi shoirlik ruhini yanada mustahkamlab yangi ijodga ruhlantirganni ta’kidladi. Xuraman Murodova uning shaxsi va ijodiga nisbatan namoyish etilgan ulkan diqqat-eʼtibor uchun o‘zbek xalqiga, uni faxriy unvonga loyiq ko‘rgan universitet rektorati va jamoasiga tashakkur bildirdi.

So‘zga chiqqan professor Nurboy Jabborov, Shuhrat Barlos, dotsent Gulbahor Ashurova Xuraman Murodovani tabriklab, ijodiy muvaffaqiyatlar tilashdi.

Qayd etish kerakki, metsenat, ishbilarmon va shoira Xuraman Murodova Turk olami fanlar akademiyasining ham faxriy professori hisoblanadi, Turk olamining Oltin yulduzi va medali sohibasi, “Humay” milliy mukofoti laureati, “Vektor” xalqaro fanlar akademiyasi faxriy professori, O‘zbekiston xalqaro adabiyot, san’at, ijtimoiy fanlar akademiyasining faxriy akademigi va boshqa sh.k. unvonlar sohibasidir. U 5 ta she’riy kitobning muallifi sanaladi, uning yozgan she’rlariga qo‘shiqlar bastalangan, she’riy to‘plamlari turk va o‘zbek tillariga tarjima qilingan.

Mavzuga oid