2023 yilda “prava”si olib qo‘yilgan shaxslar takror YTH sodir etishi oqibatida 212 kishi halok bo‘lgan
O‘zbekistonda YTH va ular oqibatida halok bo‘layotganlar soni yuqoriligicha qolmoqda. 2023 yilda mashina boshqarish huquqidan mahrum etilib, ruxsatnomasi bo‘lmagan holda yana qaytadan rulga o‘tirgan shaxslar tomonidan 707 ta YTH sodir etilgan. Buning oqibatida 212 kishi halok bo‘lgan, 546 kishi esa turli darajada tan jarohatlari olgan.
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov, IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i Sherzod Ibragimov va soha mas’ullari ishtirokida tizimda amalga oshirilayotgan ishlar, yutuqlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar muhokama qilindi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.
Muloqotda ma’lum qilinishicha, joriy yilning 6 oyi davomida respublikadagi umumiy YTHlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7,6 foizga, o‘lim bilan bog‘liq hodisalar 1,1 foizga, tan jarohati bilan bog‘liq holatlar 9,2 foizga kamaygan. Biroq YTHlar va ular oqibatida halok bo‘layotganlar soni hanuzgacha yuqoriligicha qolmoqda.
Qutbiddin Burxonovga ko‘ra, 2024 yilning birinchi yarmida mamlakat bo‘yicha qonuniy ravishda o‘qib, haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lgan shaxslar tomonidan 10 mln 200 mingdan ortiq qoidabuzarlik sodir etilgan. 2023 yilda mashina boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxslar ruxsatnomasi bo‘lmay turib rulga o‘tirishi ortidan 707 ta YTH sodir etilgan, oqibatda 212 kishi vafot etib, 546 kishi tan jarohatlari olgan.
Muhokama jarayonida piyodalar ishtirokida sodir etilayotgan YTHlarga ham e’tibor qaratilgan. Qayd etilishicha, joriy yilning 6 oyidagi YTHlarning 58,5 foizi piyodalar ishtirokida sodir etilgan. Senator bunga sabab sifatida YTHlar tahlil qilinmayotgani, aholi gavjum joylarda, ayniqsa bozorlarda piyodalar o‘tish joyida svetoforlar qo‘yilmayotgani, hokimliklar, mahalliy kengashlar tomonidan zarur choralar ko‘rilmayotganini aytib o‘tgan.
Tahlillarga ko‘ra, piyodalar ishtirokidagi hodisalarning 20 foizi piyodalar o‘tish joylari tashkil etilmagani, 19 foizi piyodalar o‘tish joyi mavjud bo‘lsa-da, piyodalar tomonidan yo‘lning belgilanmagan joyidan kesib o‘tilgani oqibatida sodir bo‘lgan. Shuningdek, piyodalar ishtirokidagi hodisalarning 13 foizi haydovchilarning tartibga solingan piyodalar o‘tish joyida svetoforning taqiqlovchi ishorasiga qaramay harakatlanishi, 16 foizi tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyida haydovchilarning piyodalarga yo‘l bermasligi oqibatida kelib chiqqan.
Ta’kidlanishicha, muammoli holatlarning oldini olish maqsadida Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi hamda IIV JXD YHXX hamkorligida takliflar ishlab chiqilgan. Unda quyidagilar nazarda tutilgan:
- amaldagi qonunchilikka haydovchilik huquqidan mahrum bo‘lgan, biroq yana yo‘l-transport hodisasini sodir etgan shaxslarning mas’uliyatini va javobgarligini kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish masalasini ko‘rib chiqish;
- bolalar ishtirokida sodir bo‘layotgan YTHlarning oldini olish maqsadida umumta’lim maktablarida “Yo‘l harakati xavfsizligi” (Hayotiy faoliyat xavfsizligi) fanini majburiy joriy etish;
- mahalliy hokimliklar tomonidan istirohat bog‘lari hududlarida yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatish bo‘yicha barcha sharoitlar yaratilgan maydonchalarni barpo etish, bunda bolalarga yo‘l harakati xavfsizligi asoslarini amaliy va ko‘rgazmali tarzda o‘rgatishni yo‘lga qo‘yish;
- umumta’lim maktablarida yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatishga hududlardagi mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti, “Avtomotohavaskorlar” ko‘ngilli jamiyati, “Transkasb” korxonalar uyushmasi avtomaktab o‘qituvchilarini jalb etish orqali o‘qitishni va pedagogika universitetlarida yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatish bo‘yicha pedagog kadrlarni tayyorlashni yo‘lga qo‘yish;
- xalqaro avtomobil yo‘llari yoqasida joylashgan 214 ta va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llari yoqasida joylashgan 1064 ta maktab oldida qoidabuzarliklarni aniqlovchi foto-video qurilmalarni o‘rnatish;
- piyodalar ishtirokidagi YTHlarning oldini olish maqsadida yangi qurilayotgan va loyihalashtirilayotgan avtomobil yo‘llarida harakat qatnov qismida kesib o‘tuvchi piyodalar o‘tish joylari tashkil etishga yo‘l qo‘ymaslik, mazkur obektlarni yo‘l o‘tkazgich, yerosti yoki yerusti piyodalar o‘tish joyi shaklida tashkil etish;
- harakat tig‘iz bo‘lgan bozorlar, savdo yarmarkalari, istirohat bog‘lari atrofida hamda piyodalar o‘tish joylarida qoidabuzarliklarni aniqlovchi foto-video qurilmalarini o‘rnatish va amaldagi qonun hujjatlariga o‘zgartirish kiritish;
- “Open Budget” dasturi asosida avtomobil yo‘llari va ko‘chalarni rekonstruksiya qilish hamda ta’mirlash loyihalarini Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati bilan majburiy tartibda kelishish, kelishilmagan loyihalar asosida amalga oshirilayotgan ta’mirlash ishlarini qonun talablari asosida to‘xtatish;
- mavjud amaliyot hamda xorijiy tajribani qiyosiy tahlil qilgan holda mamlakatimizda haydovchilik madaniyatini shakllantirish, haydovchi va piyodalarda o‘zining va atrofdagilarning xavfsizligi uchun mas’uliyat hissini kuchaytirishga qaratilgan yagona konsepsiyani ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish.
Mavzuga oid
15:28 / 22.11.2024
Svetoforning qizil chirog‘ida harakatlangan Malibu piyodani urib yuborishiga oz qoldi
20:04 / 21.11.2024
Otasining yoniga ko‘milgan qizaloqlar: opa-singil mast “poygachi”ning qurboni bo‘ldi
11:28 / 21.11.2024
Farg‘onada sodir bo‘lgan YTHda voyaga yetmagan qiz halok bo‘ldi
16:02 / 20.11.2024