“Bu kuchishlatar tuzilmalarning muammosi” - Putin Kursk oblastidagi xavfsizlik uchun mas’uliyatni o‘zidan soqit qildi
U 90 dan ortiq aholi punkti va 1200 kilometr kvadratdan ortiq hududi Ukraina armiyasi nazorati ostiga o‘tgan Kursk oblastidagi xavfsizik masalalari kuchishlatar tuzilmalarning muammosi ekanini aytgan.
Bu haqda RF prezidenti V.Putin chegaraoldi hududlardagi vaziyat bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilgan.
“Xavfsizlik masalalariga to‘xtalsak, bu kuchishlatar tuzilmalarning mas’uliyat zonasidagi muammolar hisoblanadi”, — degan Putin Kursk, Belgorod va Bryansk oblastlari gubernatorlari va hukumat a’zolariga yuzlanib.
“Umid qilamanki, mahalliy va hududiy hokimiyat organlari, hukumat va kuchishlatar idoralar o‘rtasidagi o‘zaro hamjihatlik yo‘lga qo‘yilgan va bu ham bu yerda oldimizga qo‘yilgan maqsadlarga erishish uchun o‘zining ijobiy rolini o‘ynaydi”, — degan Rossiya prezidenti.
12 avgust kuni o‘tkazilgan shu kabi yig‘ilishda Putin Rossiya hududidan “dushmanni siqib chiqarish”ni talab qilib, sodir bo‘lgan ishlarda g‘arbni ayblagan va Ukraina qurolli kuchlariga “munosib javob” qaytarishini ma’lum qilgan edi. O‘shandan buyon o‘tgan 10 kun ichida Ukraina harbiylari Kursk oblastida egallagan maydonini kamida bir yarim barobarga oshirgan: 12 avgust kuni egallangan yerlar 800 km kvadrat deyilgan bo‘lsa, 20 avgustga kelib UQK bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy 1263 km kvadrat haqida gapirgan.
Seym daryosi uzra ko‘priklar portlatilganidan so‘ng yana 570 km kvadrat maydon Ukraina nazoratiga o‘tishi mumkin, bundan tashqari kamida 3 ming rossiyalik askarlar qamal holatiga tushib qolishi mumkin, deb yozgan Bild nashri.
Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastiga hujumi Ikkinchi jahon urushidan buyon chet el armiyasining Rossiya hududiga keng ko‘lamli eng yirik bosqini bo‘ldi.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, bu hujum Rossiya rahbariyatini shok holatiga solib qo‘ygan. Xususan, V.Putinni 2022 yilning kuzidan — rus qo‘shinlari Xersonni tashlab chiqishga majbur bo‘lganidan buyon bu qadar aftoda ahvolda ko‘rishmagan. Kurskdagi mudofaaning barbod bo‘lishi Rossiya qurolli kuchlari Bosh shtabi qo‘mondoni Valeriy Gerasimovning karyyerasiga nuqta qo‘yishi mumkin. Bloomberg manbalariga ko‘ra, Gerasimovga hujum tayyorlanayotgani to‘g‘risida razvedka ma’lumotlari yetkazilgan, biroq u axborotga jiddiy e’tibor bermagan va prezident Putinga bu borada hisob bermagan.
O‘tgan haftada Putin o‘zining sobiq shaxsiy tansoqchisi Aleksey Dyuminga Kursk ostonasida kuchishlatar tizimlarning harakatlarini muvofiqlashtirish vazifasini topshirgan. U yerga Mudofaa vazirligi jumladan Moskva va Leningrad harbiy okruglaridan shoshilinch tarzda muddatli harbiy xizmatchilarni tashlamoqda. Dyuminning tayinlanishi Kurskdagi pachavadan so‘ng Putin ortiq Bosh shtabga ishonmay qo‘ygani va krizisli holatlarda unga shaxsan sodiq insonlarga tayanishidan dalolat beradi, degan “Vajniye istorii”ga RF Mudofaa vazirligidagi manba.
Krizis sharoitlarida o‘zini bo‘layotgan voqealardan chetga olish Putin uchun xos, deydi Britaniyaning Royal United Services Institute tahlilchisi Mark Galeotti. Putin Covid-19 tarqalgan chog‘larda ham o‘zini shunday tutgan. Bu Rossiya prezidentining xarakterli chizgisi: agar chindan ham murakkab vaziyat tug‘ilsa, u Putinning emas, istalgan boshqa odamlarning muammosiga aylanadi, deb hisoblaydi Galeotti.
Mavzuga oid
17:53 / 23.11.2024
AQSh razvedkasi Putinning xorijdagi muxoliflari o‘ldirilishiga oid maxfiy hujjatlarni qisman ochiqladi
16:33 / 23.11.2024
Merkel: Menda hech qachon Putin bo‘yicha illyuziyalar bo‘lmagan
13:12 / 23.11.2024
Kursk oblastida yashovchi 46 kishi Ukrainadan qaytib keldi
12:21 / 23.11.2024