Fan-texnika | 08:30 / 22.08.2024
7785
9 daqiqa o‘qiladi

Dunyoni o‘zgartirayotgan sun’iy intellekt: O‘zbekistonning rejalari qanday?

Bugun deyarli hamma sohalarga sun’iy intellekt texnologiyalari kirib kelyapti, uning imkoniyatlari va samaradorligi hayotimizni yengillashtirmoqda. Xo‘sh, O‘zbekiston hukumati sun’iy intellektdan qanchalik foydalanmoqda, bu borada qanday rejalar bor? Kun.uz Raqamli texnologiyalar vazirligi Sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Aziz Atabekovni suhbatga taklif etdi.

O‘zbekistonda sun’iy intellekt texnologiyalarining rivojlanish holati qanday? Davlat organlarida qaysi soha vakillari bundan keng foydalanmoqda?

– O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2021 yil fevral oyida sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish uchun sharoitlar yaratishga doir qaror qabul qilgan. Bu birinchi bo‘lib ta’limda namoyon bo‘ldi: 4 ta nufuzli oliy ta’lim muassasalarida sun’iy intellekt sohasida yangi fakultet tashkil etildi. Bu universitetlar: Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti, Samarqand davlat universiteti, Texnika universitetlari. 15 ta universitetlarda amaliy fan sifatida kiritildi. Shuningdek, Raqamli texnologiyalar vazirligi qoshida Sun’iy intellekt texnologiyalari ilmiy tadqiqot instituti tashkil qilindi. Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi davlat axborot tizimlarini ishlab chiqarish va qo‘llab-quvvatlash yagona integratori – UZINFOCOM. Ushbu tashkilot yordamida “Muxlisa” ovozli tizimi va “MyID” ishlab chiqildi. MyID tizimidan 70 dan ortiq idora va tashkilotlarning 10 milliondan ortiq foydalanuvchilari bor. “Muxlisa” ovozli yordamchisidan O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan BYD avtomobillarda foydalanish bo‘yicha kelishuv imzolangan.

13 avgust kuni prezident huzurida o‘tkazilgan taqdimotda sun’iy intellekt texnologiyalari bo‘yicha qonunchilik bazasini shakllantirish haqida gap ketgan edi. O‘zi sohani tartibga solish bo‘yicha qonun yoki normativ hujjat ishlab chiqishga qanchalik zarurat bor?

– Bu yerda texnika, texnologiyalarni rivojlantirish borasida strategiya qabul qilish nazarda tutilgan. Qonun qabul qilish haqida gap ketmayapti. Bu strategiyada 2030 yilgacha bajariladigan ishlar maqsad qilib qo‘yiladi, tasdiqlanadi. Yaqinda, Yevropa Ittifoqi dunyoda birinchi bo‘lib sun’iy intellektni tartibga solish borasida qonun qabul qildi – AI act. Bunday qonunchilik hozir sun’iy intellekt startaplarini o‘z faoliyatini erkin olib bora olmasligiga olib kelishi mumkin. Masalan, Meta yoki boshqa ko‘plab kompaniyalar aynan sun’iy intellekt sohasidagi loyihalarini Yevropa bozoriga taqdim qilmayapti.

Kelajakda sun’iy intellekt mahsulotlari samaradorligi va kamxarjligi evaziga davlat xizmatchilari o‘rnini egallashi mumkinmi?

– Bunga aynan biror javobni berish qiyin. Chunki soha ancha rivojlanib bormoqda. To‘g‘ri, bunda ba’zi sohalardagi insonlarning o‘rnini sun’iy intellekt bosishi mumkin, ammo texnologiya sohasidagi ish o‘rinlarining soni ko‘payib boraveradi. Birgina AI (Artificial intelligence – sun’iy intellekt) bilan ishlaydigan mutaxassislar turini sanasak, anchaga yetadi. Masalan AI bemorlarning kasalligiga tashxis qo‘ysa, terapevtning keragi bo‘lmay qoladi deyishadi. Ammo u bemorlarga tashxis qo‘yuvchi sun’iy intellekt operatoriga aylanishi mumkin. Mana shunday yangi sohalar ham rivojlanib bormoqda. Bu texnologiyalarning imkoniyati, foydasi ancha katta. Oldin 5 kishi bir haftada 1 ta tahlil yozgan bo‘lsa, endi 1-2 kunda bu ishni kamroq odam yakunlaydi. Natijada mutaxassislarning vaqti tejaladi va samaradorligi ortadi.

O‘zbekistonga ham robotlar qachon kirib keladi va mutaxassislarning ish o‘rnini olib qo‘yishi mumkin. Bu qachon bo‘ladi? Qachonki, bizdagi arzon ishchi kuchi robotlarning ishlab chiqarishdan ham qimmatroqqa aylanib ketganida. Masalan, Koreya yoki Yaponiyadagi ba’zi restoranlarda servis xizmatlarni robotlar amalga oshirmoqda, chunki u yerda yoshlar soni kamaymoqda, odamlar uchun to‘lanadigan ish haqi esa ancha qimmat turadi.

Sun’iy intellekt yuzaga chiqarishi mumkin bo‘lgan qanday xavflar bor va O‘zbekiston bu xavflardan saqlanish uchun nima qilyapti?

– To‘g‘ri, sohaning turli xavfli tomonlari mavjud aslida. Eng mashhur sun’iy intellekt xavflaridan biri Deep fake'lar hisoblanadi. Ya’ni boshqa insonlarning ovozi, yuzidan foydalanib, soxta videolar yaratish hamda firibgarlik va boshqa maqsadlarda foydalanishadi. Sohani yaxshi tushunadigan odam tezda sohani haqiqiysidan ajrata oladi. Bunga ishonib qolayotgan odamlarning aksariyati sun’iy intellekt mahsulotlaridan bexabar bo‘lgan omma hisoblanadi. Buni ilg‘ab olish uchun odamlar o‘zlarida immunitet hosil qilishi, sun’iy intellekt borasida savodxonlikni oshirishi kerak.

Yana bir holat, so‘nggi 20-30 yilda videolar 100 foiz dalil sifatida qabul qilindi: “video bormi, aniq shu holat bo‘lgan”, degani edi. Lekin endilikda videolarning umri ham oz qoldi, endi har qanday videoga shubha bilan qarash mumkin, videolar 100 foiz dalil bo‘lmay qoladi. Uni kimdir sun’iy intellekt orqali “chizgan” bo‘lishi ham mumkin. Shunday qilib, insoniyat bir reallikdan boshqa ko‘nikmalarga sekin-asta o‘tib boradi.

ChatGPT kabi sun’iy intellekt mahsulotlari – ilmiy maqolalar, kurs ishlari yoki maktab o‘quvchisining ijodiy ishlarini ham yozib bera olishi, ularning ilmiy ahamiyatini pasaytirib yuborgani haqida aytilmoqda. Bu imkoniyatlarni ham bir tarafdan, dangasalikka yoki ilm o‘rganmaslikka olib keladigan xavf, deb baholash mumkinmi?

– Texnologiya davri boshlanayotgan ekan, yoshlarimiz bundan foydalanishiga ruxsat berishimiz, ulardagi sun’iy intellektdan foydalanish ko‘nikmasini shakllantirishimiz kerak. Faqat bilimlarni imtihon qilayotganda buni nazoratga olish kerak deb hisoblayman. Ulardan telefonni olib qo‘yib bo‘lmaydi, faqat to‘g‘ri foydalanish ko‘nikmasini shakllantirish kerak. Chunki ko‘chiradigan o‘quvchilar bungacha ham internetdagi qidiruv tizimlaridan ko‘chirib yozavergan. Ya’ni imkoniyatlardan o‘zining bilimini oshirish, ishini yengillatish uchun foydalanadimi yoki ko‘chirish uchun – hammasi o‘quvchining o‘ziga bog‘liq. Bu yerda taqiqlar ish bermaydi.

Bilamiz, sun’iy intellekt mahsulotlarini yaratish uchun asosiy “ozuqa” bu – ma’lumot. O‘zbekiston davlat tilida ma’lumotlarning elektron bazasi yetarlicha shakllanganmi?

– Bu borada raqamlashmagan ma’lumotlar ko‘p. Bularni raqamlashtirishimiz zarur. O‘zi sun’iy intellekt ishlashi uchun ma’lumotlar bazasidan tashqari yuqori samaradorlikka ega hisoblash quvvatlari ( HPC – High performance computing), soddaroq aytilsa superkompyuterlar kerak. Butun dunyoda HPC'larning tanqisligi mavjud va ular juda qimmat turadi. Barcha raqamli ma’lumotlar yetarli bo‘lib, hisoblash quvvati ishlamasa ham bu jarayonni amalga oshirib bo‘lmaydi. Biz buni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishimiz kerak, bular tizimli ishlamas ekan, raqamlashgan baza yaratish ishlari sekin amalga oshiriladi. Ammo bunda inson omilining salohiyati ham yuqori bo‘lishi kerak.

Masalan, ko‘p sohalarda arxivda turgan juda katta qog‘ozdagi ma’lumotlar bor deylik. Ularni avval bazaga kiritish uchun kadrlar kerak, shuncha yozib qo‘yish emas, aynan kompyuter o‘qiy oladigan qilib kiritish kerak. Shuning uchun bu ish shunchaki amalga oshiriladigan emas, vaqt va katta resurslar talab qiladi.

O‘zbekistonda sun’iy intellekt rivojiga to‘siq bo‘layotgan muammolar qaysilar?

– Sun’iy intellekt maktablarini rivojlantirishda universitetlarda amaliy ishlarni amalga oshiruvchi laboratoriyalar tashkil etish kerak. Talabalar o‘rgangan bilimlarini amaliy bajarib ko‘rishmasa, sohada rivojlanish bo‘lmaydi. Bizda laboratoriya deganda kuchli va yangi kompyuterlar, boya aytganimdek HPC, yaxshi mebel va bir maromda elektr energiyasi bo‘lishi kerak. Bu masala prezidentimiz bilan bo‘lgan suhbatda ham ko‘tarildi. Infratuzilmalardagi quvvat masalasida ham ilmiy doiraga uni tekinga yoki juda arzon narxga foydalanish uchun ajratish kerak. Nufuzli universitetlarning o‘zida shunday sun’iy intellekt laboratoriyalari bo‘lishi kerak.

Farrux Absattarov suhbatlashdi.

Mavzuga oid