Eronda Raisiy vertolyoti halokatiga yuklama va ob-havo sabab bo‘lgani rad qilindi
Ibrohim Raisiy vertolyoti haddan ziyod yuklama va yomon ob-havo sharoiti tufayli halokatga uchramagani ta’kidlanmoqda.

Foto: Getty Images
Eronning sobiq prezidenti Ibrohim Raisiy vertolyoti halokatiga haddan tashqari yuklama va yomon ob-havo sabab bo‘lmagan. Bu haqda Mehr agentligi Eron Qurolli Kuchlari Bosh shtabining aviahalokatlarni surishtiruvini nazorat qiluvchi aloqa markaziga tayanib xabar berdi.
Aloqa markazining ta’kidlashicha, Fars axborot agentligi tomonidan shu mazmunda tarqatilgan xabar yolg‘on. Markaz ommaviy axborot vositalarini mudofaa va xavfsizlik masalalari bilan bog‘liq ma’lumotlarni o‘zi bilan muvofiqlashtirishga chaqirdi.
Avvalroq, Fars axborot agentligi Raisiy uchgan vertolyot bortida xavfsizlik protokollarida ruxsat etilganidan ikki kishi ko‘proq bo‘lganini ma’lum qilgan edi. Shu sababli, uchuvchi tumanni payqab, vertolyotni kerakli balandlikka olib chiqmoqchi bo‘lganida, mashina yetarli quvvatga ega bo‘lmagan va tuman tufayli ko‘rish cheklangan sharoitda tog‘ga qulagan.
Eron Bosh shtabi vertolyot halokati sabablarini o‘rganish bo‘yicha dastlabki hisobotida yo‘lovchilar va jihozlar soni, yuk tashishning maksimal og‘irligi bo‘yicha vertolyot sig‘imiga bog‘liq qoidalar buzilishi aniqlanmaganini qayd etgan. Bosh shtabning falokatni o‘rganish bo‘yicha komissiyasi avariyaga olib kelishi mumkin bo‘lgan texnik nuqsonlarni aniqlamagan. Komissiyaning ikkinchi hisobotida ob-havo sharoiti parvoz uchun qulay deb topilgani alohida ta’kidlangan.
19 may kuni Ibrohim Raisiy va Eron tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon bo‘lgan vertolyot Sharqiy Ozarbayjon provinsiyasi shimoli-g‘arbidagi tog‘ga quladi. Vertolyot bortidagi 8 kishining barchasi halok bo‘ldi.
Mavzuga oid

21:53 / 15.04.2025
Eronning yadro dasturi: Tramp nega o‘zi barbod qilgan bitimni tiklamoqchi?

17:26 / 15.04.2025
The Guardian: AQSh Eronga uran zaxirasini Rossiyaga topshirishni taklif qildi

12:30 / 15.04.2025
Eron tashqi ishlar vaziri Arag‘chi Moskvaga tashrif buyuradi

16:43 / 13.04.2025