O‘zbekiston | 21:08 / 22.08.2024
10274
3 daqiqa o‘qiladi

Gaz qazib olish qisqaryapti, elektr energiyasi ishlab chiqarish ham kamaygan

Joriy yilning 7 oyida gaz qazib olish 4,8 foizga, elektr energiyasi ishlab chiqarish 5,5 foizga, neft qazib olish esa 6,8 foizga qisqardi. 

Foto: O‘zbekneftgaz

Statistika agentligi 2024 yilning yanvar-iyul oylaridagi sanoat ishlab chiqarishi bo‘yicha ma’lumotlarni e’lon qildi.

Qayd etilishicha, joriy yilning dastlabki 7 oyi davomida gaz qazib olish hajmi 26,15 mlrd kub metrni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,31 mlrd kub yoki 4,8 foizga qisqargan.

2024 yilning yanvar-iyul oylaridagi gaz qazib olish ko‘rsatkichlari:

  • Yanvar – 3,99 mlrd kub (o‘tgan yilning mos davrida – 4,31 mlrd kub);
  • Fevral – 3,71 mlrd kub (3,85 mlrd kub);
  • Mart – 3,89 mlrd kub (4,16 mlrd kub);
  • Aprel – 3,7 mlrd kub (3,94 mlrd kub);
  • May – 3,52 mlrd kub (3,6 mlrd kub);
  • Iyun – 3,54 mlrd kub (3,7 mlrd kub);
  •  Iyul – 3,78 mlrd kub (3,9 mlrd kub).

Ma’lumot uchun, 2022 yilda ham gaz qazib olish 53,8 mlrddan 51,67 mlrd kub metrgacha yoki 4 foizga, 2023 yilda esa 51,67 mlrddan 46,71 mlrd kub metrgacha yoki 9,6 foizga qisqargandi.

Gaz qazib olishning qisqarib borishi fonida import hajmi oshib boryabdi. Xususan, yanvar-iyul oylarida xorijdan 983,7 mln dollarlik gaz sotib olingan, bu 2023 yilning mos davri bilan taqqoslaganda, qariyb 5 barobarga ko‘p. 

O‘z navbatida umumiy davr uchun gaz eksporti 5,6 foizga yoki 323 mln dollargacha qisqargan. Ammo oxirgi oylarda gaz sotish hajmi oshib boryapti. Xususan, birgina iyun-iyul oyida 263 mln dollarlik gaz eksport qilingan.

Dastlabki 7 oylikda ko‘mir qazib olish 3 mln 483 ming tonnani tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 12,4 foizga oshgan.

Shuningdek, hisobot davrida neft qazib olish 456 ming tonnadan 425 ming tonnaga kamaygan bo‘lsa, gaz kondensati ishlab chiqarish 707 ming tonnadan 726 ming tonnaga oshgan.

Yanvar-iyul oylarida elektr energiyasi ishlab chiqarish o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 5,5 foizga yoki 2,48 mlrd kWh’ga kamaygan. Xususan, 2023 yilning 7 oyida 45,29 mrld kWh elektr energiyasi ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich joriy yilning mos davrida 42,80 mlrd kWh’gacha pasaygan.

Ma’lumot uchun, yanvar-iyul oylarida 81,6 mln dollarlik elektr toki sotib olingan (o‘sish – 2,4 foiz) va 68,6 mln dollar qiymatidagi elektr energiyasi (o‘sish – 45,3 foiz) eksport qilingan. 

Hisobot davrida dizel yonilg‘isi ishlab chiqarish 629,8 ming tonnadan 619 ming tonnaga (-1,7 foiz) qisqargan bo‘lsa, benzin ishlab chiqarish 784,1 ming tonnadan 789,5 ming tonnaga (+0,7 foiz) oshgan.  

Mavzuga oid