Jahon | 09:27 / 22.08.2024
2552
2 daqiqa o‘qiladi

Vengriya ukrainalik qochqinlarga yordam berish qoidalarini kuchaytirdi

Vengriya urushdan qochgan ukrainaliklarga davlat tomonidan yordam ko‘rsatilishini chekladi. Minglab odamlar yangi qoidalar tufayli ko‘chada qolishi mumkin, deb yozadi BBC.

Foto: The Insider

Vengriya Ukrainadan kelgan qochqinlar uchun davlat tomonidan yordam ko‘rsatilishini chekladi: endi faqat Rossiya hujumidan bevosita zarar ko‘rgan Ukraina viloyatlaridan mamlakatga kelganlar uy-joy va ijtimoiy nafaqalarni olishlari mumkin. Budapeshtdagi hukumatning tegishli qarori 21 avgust, chorshanba kuni kuchga kirdi. 

Vengriya hukumati Ukrainaning 13 ta viloyati: Dnipropetrovsk, Donetsk, Zaporijjya, Mikolayiv, Odessa, Sumi, Xarkiv, Xerson, Chernixiv, Luxansk, Jitomir, Kiyev viloyati va Kiyev, shuningdek, Qrim yarimoroli, Sevastopolni jabrlangan hududlar ro‘yxatiga kiritgan. Ushbu ro‘yxat har oy yangilanadi.

Shu bilan birga, Vengriyada, Britaniyaning BBC media-kompaniyasi xabar berishicha, 31 ming Ukraina fuqarosi boshpana olgan, ko‘plari mamlakatda qochqin maqomiga ega emas. Ulardan qanchasi jabrlangan hududlar aholisi ekanligi noma’lumligicha qolmoqda. Yangi qoidalar Vengriya hukumati ro‘yxatiga kiritilmagan hududlardan qochqinlarni avtomatik ravishda chiqarib yuborishni anglatmaydi, biroq 21 avgustdan boshlab Ukrainadan kelganlarga ijaraga berilgan mulk egalari davlat subsidiyalarini olishni to‘xtatdi. Natijada, minglab odamlar ko‘chada qolishi va o‘z vatanlariga qaytishga majbur bo‘lishi mumkin, deb yozadi BBC. 

Mavzuga oid