Jahon | 11:13 / 23.08.2024
3427
3 daqiqa o‘qiladi

20 dan ortiq Rossiya kompaniyalari YeI sanksiyalari tufayli bankrot bo‘lishi mumkin

Yevropa Ittifoqining yangi sanksiyalari Rossiyaga plomba, quvurlar, muzlatgich komponentlari va avtomobil qismlari ishlab chiqarishda ishlatiladigan materiallarni yetkazib berishni murakkablashtirdi. Ularning zaxiralari bor-yo‘g‘i ikki oyga yetadi, deb yozadi RBK.

Foto: AP

Yigirmadan ortiq Rossiyaning yirik sanoat kompaniyalari Rossiya Federatsiyasi sanoat vaziri Anton Alixonovga o‘z mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun xomashyo yetishmasligi masalasini hal qilish iltimosi bilan xat yubordi. Yirik korxonalar aks holda bankrotlik va ishlab chiqarishning to‘liq to‘xtab qolishiga duch kelishlarini bildirdi, deb xabar berdi maktub mazmuni bilan tanish bo‘lgan RBK nashri 22 avgust, payshanba kuni. Sanoat va savdo vazirligiga murojaat qilganlar orasida «Texnonikol», «Beko», «Veratek», «RusTA», «Veraxim» kompaniyalari bor.

Gap poliuretan ko‘piklari, plombalari, quvurlar, muzlatgich komponentlari va avtomobil qismlari ishlab chiqarishda qo‘llanadigan polimetilen fenil izosianatlar ("MDI") haqida ketmoqda. "MDI" Rossiyada ishlab chiqarilmaydi va Yevropa Ittifoqi Rossiya Federatsiyasiga qarshi sanksiyalarning 14-paketini kiritganidan so‘ng, ularni import qilish imkoniyati keskin kamaydi, jumladan, do‘st deb ataladigan davlatlar - Xitoy va Saudiya Arabistonidan.

Xatda, shuningdek, materiallarning joriy ta’minoti faqat ikki oy davom etishi aytiladi. Ishlab chiqaruvchilar Alixonovdan Arabistonning Sadara Chemical kompaniyasi bilan "MDI" yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar olib borishda yordam berishni, tashqi savdo operatsiyalari uchun Xitoy banklarida materiallar uchun to‘lovlarni amalga oshirish bilan bog‘liq muammolarni hal qilish va Rossiya Federatsiyasida to‘g‘ridan to‘g‘ri "MDI" ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishda yordam berishni so‘radi.

YeIning Rossiyaga qarshi sanksiyalari 14-paketi

Rossiyaning Ukrainaga qarshi davom etayotgan harbiy hujumiga javoban Rossiya Federatsiyasiga qarshi 14-sanksiya paketi 24 iyun kuni Yevropa Ittifoqi tomonidan nihoyat tasdiqlandi. U, xususan, Rossiyaning suyultirilgan gaz sanoatiga qarshi choralar va Yevropa kompaniyalarining uchinchi mamlakatlardagi shu’ba korxonalari tomonidan sanksiyalarni chetlab o‘tishni o‘z ichiga oladi. Rossiya Federatsiyasining 116 jismoniy va yuridik shaxslari ham cheklovlarga duch keldi.

«Rossiya SWIFT'i» deb ataladigan tizim ham sanksiyalarga duchor bo‘ldi: Markaziy bank tomonidan yaratilgan moliyaviy xabarlarni uzatish tizimi ("SPFS"), u orqali Rossiya bilan ba’zi operatsiyalar amalga oshirilgandi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yil boshida "SPFS" 556 rus va xorijiy foydalanuvchilarga ega edi. Ulardan 159 tasi 20 ta xorijiy davlatdan, shu jumladan 58 tasi bankdir. Bloomberg xabar berishicha, ular orasida Xitoy, Belarus, Armaniston, Tojikiston va Qozog‘iston banklari bor.

Mavzuga oid