Jahon | 19:13 / 23.08.2024
2911
2 daqiqa o‘qiladi

Tayvan Xitoy armiyasining 27 ta uchish apparati orolga yaqinlashganini qayd etdi

Tayvan qurolli kuchlari orolga Xitoy armiyasining 27 ta uchish apparati yaqinlashganini qayd etdi. Bu haqda mamlakat mudofaa idorasi xabar berdi.

Foto: EDNews

«Milliy mudofaa vazirligi jami 27 ta uchish apparati, jumladan, J-16 qiruvchilari, KJ-500 radiolokatsion kuzatuv samolyotlari, shuningdek, uchuvchisiz boshqariladigan uchish apparatlarini qayd etdi», — deyiladi idora xabarida. Ta’kidlanishicha, ularning 23 tasi Tayvan bo‘g‘ozining o‘rta chizig‘ini kesib o‘tgan.

20 avgust kuni Tayvan Qurolli kuchlari Tien Kung III nomli zenit raketa majmualarini qo‘llagan holda havo hujumidan mudofaa bo‘yicha o‘quvlarni o‘tkazgan edi. O‘quvlarda, shuningdek, AQShda ishlab chiqarilgan Patriot PAC-2 dan ham foydalanilgan. Ushbu qurollar sinovi orol janubida — Tszyupen harbiy bazasida o‘tkazilgan.

Xitoy rasmiy vakillari bir necha bor Tayvan masalasi republikaning ichki ishi ekani, tashqaridan aralashuvlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, may oxirlarida Xitoy Tayvan yaqinida harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazgan edi. Ikki kun davom etgan manyovrlarda 111 ta samolyot va o‘nlab kemalar ishtirok etgan. Xitoy harbiylariga ko‘ra, mashg‘ulotlarda havo va dengiz patrullari, muhim nishonlarga aniq zarbalar hamda Tayvanga tegishli orollar va undan tashqaridagi operatsiyalar bilan birgalikda armiya bo‘linmalarining jangovar qobiliyati sinovdan o‘tkazilgan.  

Mavzuga oid