O‘zbekiston | 21:54 / 26.08.2024
9655
2 daqiqa o‘qiladi

«Tolibon» O‘zbekistondagi elchisini almashtirdi

Avvalgisi Afg‘oniston sanoat vazirligi rahbari bilan qarindoshlik munosabati tufayli ishdan olindi.

Foto: VOA

Afg‘onistonning O‘zbekistondagi yangi elchisi etib Abdulg‘affor Tiroviy tayinlandi. Bu haqda Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligi uchinchi siyosiy departamenti direktori Zokir Jaloliyga tayanib TOLOnews xabar berdi.

Tiroviyning millati o‘zbek bo‘lib, diplomatik missiya rahbari etib tayinlanishidan oldin Afg‘oniston Oliy sudida tadqiqot bo‘limi direktori lavozimida ishlagan. U O‘zbekistondagi elchi lavozimida Mug‘furulloh Shahob o‘rnini egalladi.

Qayd qilinishicha, Shahob Afg‘oniston kon va neft vaziri Shahobiddin Dilovar o‘g‘li sifatida tanilgan. «Tolibon» yetakchisi Haybatulloh Oxundzoda mansabdor shaxslarning oila a’zolari yoki qarindoshlarini davlat lavozimlariga tayinlashni taqiqlaganidan keyin Shahob lavozimini tark etdi.

«Tolibon» radikal harakati Afg‘onistonda hokimiyatni 2021 yil avgust oyi o‘rtalarida qo‘lga kiritgan edi. «Tolibon» hukumati dunyoning hech bir davlati tomonidan tan olinmagan. Xalqaro hamjamiyat «Tolibon»dan Afg‘onistondagi turli etnik-siyosiy kuchlar vakillari va ayollardan iborat koalitsiya hukumati tuzishni talab qilmoqda.

2023 yil sentabr oyida Xitoy «Tolibon» hokimiyat tepasiga kelganidan keyin Afg‘onistonga rasman yangi elchi tayinlagan birinchi davlat bo‘lgan edi.

Mavzuga oid