O‘zbekiston | 12:22 / 28.08.2024
4639
2 daqiqa o‘qiladi

Sodiq Safoyev: O‘zbekiston Afg‘onistondagi vaziyat bilan bog‘liq masalalar xalqaro kun tartibida e’tiborsiz qolayotganidan xavotirda

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida "Tolibon" hokimiyati ta’siridagi Afg‘oniston – qo‘shni mamlakatlar va buyuk davlatlarning munosabati" mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Foto: "Dunyo" AA

Anjumanni Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari, universitet rektori Sodiq Safoyev ochib berdi. U o‘z nutqida Afg‘oniston mintaqa barqarorligining muhim omili ekanini ta’kidladi.

"O‘zbekiston ushbu mamlakatdagi vaziyatning rivojlanishi bilan bog‘liq masalalar xalqaro kun tartibida chetda qolib ketayotganidan xavotirda. Afg‘on xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatishni kengaytirish va jahon hamjamiyatining bu davlatga nisbatan yagona strategiyasini ishlab chiqish mintaqa va jahon mamlakatlarining ustuvor vazifasi bo‘lib qolmoqda", - dedi Sodiq Safoyev.

Germaniya elchisi Manfred Xuterer O‘zbekistonning Afg‘oniston bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, qo‘shni davlatga muntazam ravishda gumanitar yordam ko‘rsatish borasidagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatladi.

Ekspertlar Afg‘onistonning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish masalalarini atroflicha muhokama qildilar. Geosiyosiy masalalar va ushbu mamlakatni mintaqaviy munosabatlar tarkibiga kiritish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Afg‘oniston hokimiyat organlarining mintaqaviy va global siyosatdagi yetakchi davlatlar bilan siyosiy, diplomatik, savdo-iqtisodiy munosabatlari masalalariga baho berildi.

Mavzuga oid