O‘zbekiston | 16:12 / 29.08.2024
24006
5 daqiqa o‘qiladi

AQSh harbiy texnikalarini O‘zbekistonda qoldirmoqda. «Tolibon» nega norozi?

Vashington va Toshkent 2021 yilda afg‘on harbiylari tomonidan O‘zbekiston hududiga olib o‘tilgan samolyot va vertolyotlar borasida kelishib olgan. «Tolibon» esa bu kelishuvga qarshi. Xo‘sh, O‘zbekiston chegaralarini noqonuniy kesib o‘tgan harbiy uchoqlar taqdiri xalqaro va milliy qonunchilikda qanday hal qilinadi? «Geosiyosat»ning galdagi sonida shu masala muhokama qilindi.

— O‘zbekistonga o‘tgan samolyot va vertolyotlar aslida kimniki?

— Bu samolyot va vertolyotlar aslida Amerikada va shu davlatning puliga yasalgan. O‘sha vaqtda 46 ta samolyot va vertolyotlar O‘zbekistonga, 18 tasi Tojikistonga uchib o‘tgan. «Tolibon» endi bularni Afg‘onistonga tegishli, deya ularni qaytarishimizni so‘rab murojaat qilmoqda. Samolyotlarning tarkibiga e’tibor beradigan bo‘lsak 2021 yilda, «Tolibon» Kobulni egallagan kunlarda bortida 585 nafar afg‘onistonlik harbiy xizmatchi bo‘lgan 22 ta harbiy samolyot va 24 ta vertolyot (Embraer EMB 314 Super Tucano, UH-60 Black Hawk, MD-530, PC-12 va Mi-17) O‘zbekiston havo hududini kesib o‘tgan. Bu samolyotlarning ko‘pchiligi 15 yil avvalgi samolyotlar hisoblanadi.

— Xalqaro huquq nuqtayi nazaridan vertolyotlar taqdiri qanday hal etilishi kerak?

— 2021 yil avgust oyida 46 ta samolyot va vertolyotlar O‘zbekiston osmonini kesib o‘tdi. Jinoyat kodeksida 223-moddaga binoan bu chegarani noqonuniy kesib o‘tish hisoblanadi. Qurol-yarog‘ orqali amalga oshadigan bo‘lsa bu 246-moddaga bo‘ysunadi va bu kontrabanda hisoblanadi. Bu samolyot va vertolyotlarda harbiylar, qochqinlar bor edi. Ular O‘zbekistonda qolishmadi balki uchinchi mamlakatlariga chiqarib yuborildi. Ammo samolyotlarning taqdiri hali noaniq. Xalqaro huquq normalarida siyosiy qochqinlar chegaralarni bosib o‘tishsa ularni javobgarlikka tortmasdan, belgilangan hududga yetkazib qo‘yish belgilangan.

«Harbiy texnikalar O‘zbekistonda bo‘ladi. Ha, bu allaqachon rasmiy. Ushbu texnikalar hech qachon afg‘onlarniki bo‘lmagan, ular amerikaliklarniki edi. Afg‘on armiyasi undan foydalandi, lekin biz hamisha xo‘jayin bo‘lganmiz», — degan AQShning O‘zbekstondagi elchisi Jonatan Henik.

Jonatan Henikning gapi aynan qanday shartnomada keltirilgan, shunga ham e’tibor berishimiz kerak. Bu gaplar elchining og‘zaki gapi hisoblanadi. Bu samolyotlar O‘zbekistonga berildi, ammo qanday shartlarda berildi, degan savol ham bor. Ijara uchunmi, butunlay foydalanishga yoki qaytarib berish sharti bilanmi, bunisi hali ochiqlanmagan. Balki ularni qaytarib olib boshqa davlatga berishni niyat qilgan bo‘lishlari ham mumkin.

2022 yil may oyida O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Ergashov ushbu samolyotlar Amerikaning mulki va Amerikaga qaytariladi, degan edi.

— O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi delegatsiya 17 avgust kuni Kobulga tashrif buyurgan vaqtda bu masala muhokama qilingan bo‘lishi mumkinmi?

— Tashrifning maqsadi Afg‘onistonga ko‘mak berish edi, ammo samolyotlar masalasi ham muhokama qilindi. Rasmiy saytlarda ma’lum qilinmagan bo‘lsa ham, Rossiya ijtimoiy tarmoqlarida ma’lumotlar berib borilmoqda. Ikki davlat delegatsiyasi O‘zbekistonga yangi elchi qo‘yish masalasiga kelishishdi. Shu paytgacha 3 yildan beri elchi yo‘q edi. Elchilikka Abdug‘ofir Teraviy degan o‘zbek millatiga mansub yigitni tayinlashdi.

Bu uchrashuvda 35 ta loyiha imzolandi, 2,5 mlrd dollarlik investitsiyalar kiritish to‘g‘risida. Yangi kelgan elchining birinchi vazifasi mana shu samolyotlarni qoldirish yoki Amerikaga qaytarish va ularni sotib pulni o‘rtada bo‘lish kabi yo‘llardan birini foydalanib masalani hal qilishi mumkin. Chunki bu samolyotlar O‘zbekistonda qolganidan bizga hech qanday foyda yo‘q. Sababi ular ma’nan ham, jismonan ham ancha eskirgan. «Tolibon» xalqaro huquqda tan olinmagani uchun samolyotlarni qaytarish masalasi ochiq qoladi.

— Vertolyot va samolyotlar bilan bog‘liq mavzu ikki qo‘shni munosabatlariga putur yetkazmaydimi?

— Bu ustuvor yo‘nalish bo‘lmasa ham ikki davlat o‘rtasida nizoga sabab bo‘lishi mumkin. Shu nizoning oldini olish uchun O‘zbekiston delegatsiyasi Afg‘onistonga borib keldi va afg‘on iqtisodiyotiga yordam berish uchun turli loyihalar imzolandi. Ammo samolyotlar qaytarilmasligi ham ta’kidlanmoqda. Chunki samolyotlar qaytarilsa bu qo‘shni davlatlar uchun tahlikaviy vaziyatni yuzaga chiqarishi mumkin.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi. 

Mavzuga oid