Qoraqalpog‘istonlik 110 yoshli momo “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi
To‘rtko‘l tumanining Miskin ovulida yashovchi Saadat momo Abdullayeva bu yil 110 yoshni qarshiladi. Mehnat faoliyatini 1938 yilda kolxozda boshlagan momo 2-jahon urushidan keyin uzoq yillar maktabda farroshlik qilgan. Ko‘plab nevara, chevara va evaralar qurshovida yashayotgan Saadat momo yaqinda prezident farmoniga ko‘ra davlat mukofoti bilan taqdirlandi.
Saadat momo Abdullayeva 1914 yil 1 yanvar kuni To‘rtko‘l tumanida tug‘ilgan. Turmush o‘rtog‘i urushda halok bo‘lgan. Farzandlari bilan yolg‘iz qolgan momo kolxozda mehnat qilib, farzandlarini kamolga yetkazgan.
Saadat Abdullayeva urushdan keyin 31 yil maktabda farroshlik qilgan. U bir o‘g‘li va ikki qizidan ayrilgan. Hozirda momoning ikki qizidan 8 nevara, 15 chevara va 4 evarasi bor.
Kun.uz 3 yil oldin Saadat momo haqida reportaj tayyorlagandi.
«Kolxozda ishladim. Yer ag‘dardim. Qazuv qazdim. U paytlari texnika yo‘q edi. Kanallarni qazdik. Undan keyin texnika chiqdi.
Urush davri hamma jangga ketdi, ko‘pchilik halok bo‘ldi. Erim ham urushdan qaytmadi. Hatto o‘lik ko‘mishga erkak qolmagandi. Bu ishni keksa ayollar bajargan vaqtlari ham bo‘lgan”, deya hikoya qilib bergandi o‘shanda Saadat momo urush yillarini eslab.
Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz uch yilligi munosabati bilan davlat xizmatchilari hamda ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy sohalar xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga asosan bir guruh 100 yoshdan oshganlar “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Ular safida Saadat momo Abdullayeva ham bor.
Mavzuga oid
10:30
Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan YTHda piyoda vafot etdi
18:32 / 28.10.2024
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisiga yangi o‘rinbosar tayinlandi
21:17 / 25.10.2024
Qo‘ng‘irot–Beyneu yo‘lining 240 kilometrlik qismi foydalanishga topshirildi
12:10 / 25.10.2024