Jahon | 02:35 / 31.08.2024
3748
3 daqiqa o‘qiladi

Kamala Harris nima sababdan ayrim muhim masalalar borasida o‘z pozitsiyasini o‘zgartirganiga oydinlik kiritdi

AQSh prezidentligiga nomzod prokurorlik lavozimida ishlaganida odam savdosida ayblangan to‘dalarni ta’qib qilib, immigratsiya borasidagi qarashlari o‘zgarganini aytdi.

Foto: CNN

AQShning amaldagi vitse-prezidenti Kamala Harris CNN bilan intervyusida freking va immigratsiya masalalari borasidagi o‘zining ayrim pozitsiyalarini nima sababdan o‘zgartirganiga tushuntirish berdi. Harris pozitsiyalari o‘zgargani bilan ularning ahamiyati o‘zgarishsiz qolayotganini ta’kidladi.

Qayd etilishicha, Harris endilikda «Yangi yashil yo‘nalish» — ilk bor 2019 yilda taqdim etilgan iqlim o‘zgarishi muammolarini hal etish bo‘yicha keng ko‘lamli takliflarni qo‘llab-quvvatlamaydi. 2019 yil sentabrda iqlim inqirozi bo‘yicha umumiy yig‘inda Harrisdan frekingga (yer qatlamlarini gidravlik parchalash orqali uglevodorodlarni qazib olish – tahririyat) nisbatan federal taqiq joriy etish-etmasligini so‘rashgan edi.

«Men freking taqiqlanishini qo‘llab-quvvatlashimga hech qanday shubha yo‘q», — degan edi o‘shanda Harris. Ammo o‘tgan yillar davomida AQSh vitse-prezidenti bu boradagi pozitsiyasidan chekindi va hatto o‘zining hal qiluvchi ovozini freking ijarasini kengaytirishga berdi.

«Men frekingni taqiqlamasdan turib iqtisodiy toza energiyani rivojlantirish mumkinligini ko‘rdim», — deydi u. Harris Kaliforniya bosh prokurori lavozimida xizmat qilganida odam savdosida ayblangan to‘dalarni ta’qib qilib, immigratsiya borasidagi qarashlari o‘zgarganini ta’kidladi.

«Mening qadriyatlarim o‘zgarmadi. Haqiqat shu. Vitse-prezident lavozimida to‘rt yil o‘tirgan bo‘lsam, mamlakat bo‘ylab tez-tez uyushtirgan safarlarim bunga misol bo‘la oladi», — deydi u Gruziyaga amalga oshirgan 17 ta tashrifiga shama qilib. 

Iqtisodiyot demokratlar uchun siyosiy zaiflik bo‘lib qolmoqda. So‘rovlarga ko‘ra, saylovchilarining aksariyati iqtisodiy boshqaruv va inflatsiyani tutib turishda ko‘proq Trampga ishonch bildirmoqda. 

«Bizning iqtisodiyotimiz qayta tiklanishi kerak edi va biz buni uddaladik. Hali qiladigan ishlarimiz ko‘p, ammo shuning o‘zi ham katta natija», — deya ta’kidlaydi Harris retsept bo‘yicha beriladigan xarajatlar qisqargani va oilalar uchun soliqlar kamayganini ko‘rsatib.

AQSh vitse-prezidenti, shuningdek, Yaqin Sharq masalasiga Bayden bilan qanday yondashishlariga oydinlik kiritmadi. «Biz sulh tuzishimiz kerak. Bu urush tugashi va biz asirlarni ozod etishga imkon beradigan sulhni tuzishimiz lozim», — deydi u.

Mavzuga oid