O‘zbekiston | 18:21 / 31.08.2024
7585
6 daqiqa o‘qiladi

“Oliy ma’lumotli bo‘lish eyforiyasi universitetlarni jamoat kutubxonalariga aylantirib yubormoqda” - ekspert

Sanoqli kunlardan so‘ng yangi o‘quv yili boshlanadi. Talaba va o‘quvchilar OTM hamda maktablar bag‘riga qaytadi. Ta’lim bo‘yicha xalqaro ekspert Azamat Akbarovning fikricha, O‘zbekistonda hamma oliy ma’lumotli bo‘lishi kerak degan tendensiya kuchayib bormoqda. Bu esa kelajakda oliy ma’lumotli ishsizlar armiyasini paydo qilishi mumkin. Universitetlarning esa bu ketishda jamoat kutubxonalaridan farqi qolmaydi.

Ta’limdagi ahvol qanday?

Xalqaro ekspert Azamat Akbarov fikricha, ta’limning ahvoli achinarli bo‘lib qolmoqda. Buning asosiy sababi – maktab ta’limiga borib taqaladi. Chunki maktabdan bilimsiz bo‘lib chiqqan o‘quvchini 4-5 yilda OTMlar bilimli qilib qo‘yolmaydi. Bundan tashqari, respublikada hamma oliy ma’lumotli bo‘lishi kerak, degan ijtimoiy tendensiya yildan yilga kuchaymoqda. O‘qishdan asosiy maqsad esa oila qurish yoki ijtimoiy statusni yaxshilashdan iborat. OTMlardagi ba’zi yo‘nalishlar esa bugungi kun talablariga umuman mos kelmaydi. Lekin faqatgina diplom ilinjidagi talabalar bu yo‘nalishlarni mahkam ushlagan. Ham ota-onaning, ham davlatning, ham talabalar zarariga ishlayotgan bunday yo‘nalishlarni yopish kerak, deydi Akbarov.

Eng past ballar – texnikada. Bu fojia

Ekspertga ko‘ra, yildan yilga hattoki, kirish ballini ham to‘play olmagan abituriyentlar sonining yuz minglab bo‘lishi – maktab ta’limi o‘zini oqlamayotganini ko‘rsatadi. Ayniqsa, eng past ballar aniq va tabiiy fanlar bor yo‘nalishlarda. Davlat rivoji, YaIMning o‘sishi avvalo sanoat taraqqiyotiga bog‘liq. Bu esa birinchi navbatda fizika, kimyo, texnika fanlarini yaxshi o‘zlashtirish va bilim ortidan bo‘ladi. O‘zbekistonda esa ballari eng past, talab yuqori bo‘lmagan yo‘nalishlar – texnikada. Akbarovning fikricha, bu chinakam fojia. Real muammoni tan olish va unga qarshi kurashish kerak. Ijtimoiy-gumanitar fanlar rivoji davlat taraqqiyotiga asos bo‘lmaydi. Davlatni aniq va tabiiy fan bilimdonlari rivojlantiradi. Bizda esa aksi, deydi suhbatdoshimiz.

Xususiy universitetlar o‘zini oqlayaptimi?

Azamat Akbarov tahliliga ko‘ra, O‘zbekistondagi xususiy universitetlar, afsuski, o‘zini oqlay olmadi. Buning bir qator sabablari bor: birinchisi, OTMlarning talabaga mijoz va foyda manbayi sifatida qaragani. Agar mijoz ketsa, foydadan quruq qolish qo‘rquvi – sifatni unutishga olib keldi. Ikkinchisi, xususiy OTMlarni ta’limdan butkul yiroq insonlar ochgan va boshqarmoqda. Bu esa jahondagi va davlatdagi standartlarning oyoqosti bo‘lishiga olib kelmoqda. Uchinchisi, xususiy universitetlar maqsadsiz ochilgan. Aniq maqsad bo‘lmagan ta’lim muassasasi rivoj topmaydi. To‘rtinchisi esa, ulardagi yo‘nalishlar. Deyarli barcha xususiy OTMlarda bir xil yo‘nalish, na laboratoriya, na amaliyot xonalari hamda jihozlari bor. Bu qo‘shimcha xarajat degani, universitetlar esa buni istamaydi, deydi ekspert. Lekin jahon tajribasida eng nufuzli universitetlar – xususiy. Chunki taomilga ko‘ra, xususiy OTMlarda ta’lim yaxshi va samaraliroq bo‘ladi, qarorlar tez qabul qilinadi, sanoat va kadrlar bozori bilan muvofiq ish olib boriladi.

Sirtqi ta’lim turi nega kerak?

Sovetlar davrida qaysidir zavod yoki fabrikada ishlagan oliy ma’lumoti yo‘q ishchilar yoki kompartiyada nufuzi oshishini istaganlarga imkoniyat berish maqsadida sirtqi ta’lim turi ochilgan. Kapitalistik dunyodan ajralgan sovetlar jahonga o‘zini “bilimlilar yurti” sifatida ko‘rsatish uchun ham bu yo‘nalishlarni yopmagan. Lekin bugun maktabni endi tamomlagan yoshlar ham sirtqi ta’lim yo‘nalishlarini ustun ko‘rmoqda. Azamat Akbarov fikricha, sirtqi ta’lim – bu aslida ta’lim yo‘q degani. Bir yilda ikki marta o‘qish – ta’limga kirmaydi. Bunda nazoratni ota-onalar qo‘liga olishi kerak, deydi u.

OTMlar kadrlar bozori bilan hisoblashmaydi

OTMlar o‘zida o‘qiyotgan talabalarning kelajakda kasb va ish topa olishini ham hisobga olishi kerak. Klassik ta’lim maskani – Buyuk Britaniya universitetlari har yili yo‘nalishlarni tahlildan o‘tkazadi. Kerak emas, deb topilganlarini yopadi. Bu kadrlar bozoridagi talab va taklifdan kelib chiqib hal qilinadi. O‘zbekistonda ham kadrlar bozori tanqidiy darajada turibdi, chunki ish o‘rinlariga mos kadrlar yo‘q. Ikkinchi tomonda esa bitiruvchilarga ish yo‘q. Muammoning sababi esa – ta’limning kadrlar bozoridan uzilganida. OTMlar o‘qitishda davom etmoqda, biroq ba’zi kasblar butunlay yo‘qolib ketish ostonasida. Masalan, sun’iy intellektning yaratilishi va faol qo‘llanishi 2030 yilga borib, bir necha yuz million kishini ishsiz qoldirishi prognoz qilinmoqda. G‘arb kompaniyalari esa o‘z xodimlarini saralash va qayta o‘qitishni boshlagan. Shunday sharoitda O‘zbekiston va undagi kompaniyalar, universitetlar jahondagi trendlardan orqada. Biror rektor kadrlar bozoridagi vaziyatni o‘rganmaydi, o‘z talabalarini ish beruvchilarga “sota olmaydi”. Chunki bizning rektorlar mikroboshqaruv bilan ovora, deydi tahlilchi.

Shoxrux Majidzoda suhbatlashdi.

Mavzuga oid