Shavkat Mirziyoyev: “Demokratik islohotlarni davom ettirib, xalqimizni rozi qilishga bor kuchimizni safarbar etamiz”
O‘zbekiston prezidenti mamlakat xalqini mustaqillikning 33 yilligi bilan qutlab, o‘tgan yili YaIM 100 mlrd dollardan oshganini ta’kidladi. “Hayot qanchalik mashaqqatli bo‘lmasin, mamlakatimizda demokratik islohotlarni izchil davom ettirib, xalqimizni rozi qilishga, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz”, dedi prezident.
“Yangi O‘zbekiston” bog‘ida mamlakatimiz davlat mustaqilligining 33 yilligiga bag‘ishlangan bayram shodiyonasi bo‘lib o‘tmoqda. Marosimda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlamoqda.
Davlat rahbari ko‘p millatli xalqimizni bugungi ulug‘ ayyom bilan chin qalbdan tabriklab, barchaga o‘zining yuksak hurmati, ezgu tilaklarini izhor etdi.
“Mana shu hayajonli daqiqalarda hammamiz milliy istiqlolimiz naqadar bebaho ne’mat ekanini, uning tarixiy ahamiyatini yanada chuqur his etmoqdamiz. Aynan mustaqillik tufayli milliy davlatchiligimiz qayta tiklandi. O‘zbekiston yangi tarixiy davrga qadam qo‘ydi. Aynan istiqlol tufayli jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egalladik. Bu bilan har qancha faxrlansak, g‘ururlansak arziydi”, – dedi prezident.
Shavkat Mirziyoyev shunday qutlug‘ kunda O‘zbekiston mustaqilligi uchun kurashgan vatanparvar ajdodlarimiz xotirasini yodga oldi.
“Ular – o‘z xalqini taraqqiyot sari boshlagan jadid bobolarimiz, milliy ozodlik yo‘lida jon fido etgan ulug‘ ajdodlarimizdir. Ular – g‘oyat og‘ir sharoitda ham milliy istiqlol va hurriyat g‘oyalariga sodiq qolgan qahramonlarimizdir. Bugun ularning ezgu g‘oya va tamoyillariga tayanib, yangi hayot, yangi jamiyat poydevorini yaratmoqdamiz. Bu fidoyi zotlarning nomlarini hech qachon unutmaymiz. Ularning xotirasi qalbimizda, yuragimizda hamisha yashaydi”, – deya ta’kidladi davlat rahbari.
Prezident keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida ulkan qadamlar qo‘yilganini qayd etdi.
“Vatanimiz dunyoga, dunyo esa yurtimizga keng ochilmoqda. Mintaqamiz va butun jahonda do‘stlarimiz, hamkorlarimiz ko‘paymoqda. So‘nggi 7 yilda O‘zbekiston tashabbuslari asosida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan 10 dan ziyod, jumladan, joriy yilda 4 ta maxsus rezolyutsiya qabul qilindi. Jahon banki bu yil mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti 5,3 foizga o‘sishini prognoz qildi. Ko‘plab davlatlar bilan solishtirganda bu ancha yuqori ko‘rsatkichdir. Xalqaro valuta jamg‘armasi e’tirof etganidek, 2023 yilda yalpi ichki mahsulotimiz ilk bor 100 milliard dollardan oshdi”, – dedi Mirziyoyev.
O‘zbekiston prezidenti islohotlarga “Inson qadri uchun, el-yurt baxti uchun!” degan ezgu g‘oya chuqur kirib borayotganini aytdi.
“Iqtisodiy yutuqlarimiz joriy yil sentabr oyidan pensiya va nafaqalar miqdorini, oktyabr oyidan esa budjet xodimlari, shifokorlar va pedagoglar maoshini oshirish imkonini bermoqda.
Odamlarimizda hayotdagi muammolar yechimiga daxldorlik hissi, faol fuqarolik pozitsiyasi kuchaymoqda. Aholimiz “Tashabbusli budjet” loyihasida faol qatnashib, mahallalar hamda ijtimoiy obektlarni moliyalashtirishni mustaqil hal etmoqda. O‘tgan davrda yurtdoshlarimiz ma’qullagan 13 mingdan ortiq loyihalar uchun 11 trillion so‘m mablag‘ ajratilgani ham buni tasdiqlaydi.
Ekologiyani asrash, tabiiy resurslarni tejab ishlatish, jumladan, suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha zamonaviy tizimlarga o‘tish ishlari kuchaytirildi. Mamlakatimizda “Yashil makon” dasturi davom etmoqda. Ayniqsa, Orol dengizi tubini ko‘kalamlashtirish ishlari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Eng muhimi, ushbu loyiha mintaqa bo‘ylab chang va tuz tarqalishining oldini olishga yordam bermoqda”, – dedi davlat rahbari.
Shavkat Mirziyoyev Parijda bo‘lib o‘tgan 33-yozgi Olimpiya o‘yinlarida 8 ta oltin, 2 ta kumush, 3 ta bronza medali qo‘lga kiritilgani, sportchilarimiz milliy sportimiz tarixida shonli sahifa ochganini e’tirof etdi. Shu kunlarda Parijdan yana ketma-ket quvonchli xabarlar kelayotgani aytildi. Paralimpiyachi o‘g‘il-qizlarimiz ham xalqimiz uchun Mustaqillik bayramiga munosib sovg‘alar hadya etishmoqda.
“Mana, bizning qanday qahramonlarimiz, qanday o‘tyurak pahlavonlarimiz bor! Ularga tahsin va tasannolar bo‘lsin!” – dedi prezident.
Shuningdek, bugungi nihoyatda murakkab va tahlikali davr oldimizga yangi-yangi sinov va muammolarni ko‘ndalang qilib qo‘yayotgani ta’kidlandi.
“Lekin hayot qanchalik mashaqqatli bo‘lmasin, mamlakatimizda demokratik islohotlarni izchil davom ettirib, xalqimizni rozi qilishga, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.
Qurolli Kuchlarimizni zamonaviy qurol-yarog‘ va texnikalar bilan ta’minlash, ularning jangovar va ma’naviy salohiyatini oshirishga bundan buyon ham ulkan e’tibor qaratamiz.
Lekin, tinchlikni saqlash faqat harbiylarimizning ishi bo‘lib qolmasligi kerak. Bu barchamizning, har bir O‘zbekiston fuqarosining muqaddas burchi bo‘lishi shart. Yurtning kuchi – birlikda, qadri esa tinchlikdadir!” – dedi O‘zbekiston yetakchisi.
Mavzuga oid
20:48 / 09.10.2024
Buxoroning yangi aeroporti soatiga 8 ta samolyotga xizmat ko‘rsatadi
21:49 / 08.10.2024
Mirziyoyev MDH sammitida ko‘ptomonlama hamkorlik barcha yo‘nalishlarda rivojlanganini yuqori baholadi
19:31 / 06.10.2024
Shavkat Mirziyoyev Rossiyaga boradi
16:30 / 01.10.2024