O‘zbekiston | 12:23 / 31.08.2024
4809
5 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev qatag‘on qurbonlarini xotirasini yod etdi

31 avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Shahidlar xotirasi xiyobonida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar bilan qatag‘on qurbonlarini yod etdi. Marosimda ajdodlar haqiga Qur’on tilovat qilinib, elga osh tortildi. Xalqni rozi qilish uchun savob ishlarni ko‘p qilsak, Xudo yo‘limizni ochib beradi, degan davlat rahbari. Shuningdek, endilikda har yili oktabr oyining birinchi haftasini Siyosiy qatag‘on qurbonlarini yod etish haftaligi sifatida nishonlashi ma’lum qilindi.

Prezident matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, xiyobondagi ramziy qabr yonida ham Qur’on tilovat qilingach tarixiy haqiqatni tiklash, yoshlarni shu ruhda tarbiyalash haqida muloqot bo‘ldi.

«Mustaqillik bayrami arafasida, bugungi tinchlik, erkinlik sharoitida qahramon bobolarimizning pok nomlarini eslash, tabarruk xotiralariga ehtirom ko‘rsatish biz uchun ham qarz, ham farz. Shu bois dunyodan o‘tgan vatandoshlarimizning ham qadrini tiklayapmiz. «Inson – aziz, xotira – muqaddas» degan ezgu shior hayotimizdan mustahkam joy olyapti. Tabarruk yodgorlik majmualari bunyod etyapmiz. Ma’rifatparvar bobolarimiz haqida badiiy va ilmiy asarlar, kinofilmlar yaratilmoqda. «Xotira» kitoblari tayyorlanmoqda. Xalqaro konferensiyalar o‘tkazilmoqda. Mana, so‘nggi uch yil ichida 1 ming 200 dan ziyod siyosiy qatag‘on qurbonlarining nomini oqladik. Bu nimani anglatadi? Bu – adolat sinmasligini, haqiqat baribir tantana qilishini anglatadi», — degan Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari endilikda har yili oktabr oyining birinchi haftasini Siyosiy qatag‘on qurbonlarini yod etish haftaligi sifatida nishonlashini bildirdi.

«Shu paytgacha qatag‘on qurbonlarining to‘liq ro‘yxati shakllantirilmagan edi. Holbuki, bu ro‘yxatdagi har bir raqam ortida inson taqdiri bor. Shahid ketgan, qatag‘on qilingan har bir yurtdoshimizning hayoti – qahramonlik. Shu bois biz qarorda qatag‘on qurbonlarini nomma-nom aniqlash, ularning ibratli hayotini o‘rganish va tadqiq etish masalasiga alohida e’tibor qaratdik. Tarixiy haqiqatni tiklash maqsadida ularning tabarruk nomlarini ko‘p jildlik «Qatag‘on qurbonlari» kitobiga hamda mana shu majmuada barpo etiladigan ramziy kitob sahifalariga yozib qo‘yamiz. Afsuski, chet davlatlarda, hatto o‘zimizdagi arxivlarda bu masalaga oid barcha ma’lumotlarni ham to‘liq o‘rganganimiz yo‘q. Shu sababli, bu borada ilmiy ekspeditsiyalar tashkil etish belgilandi. Endi har yili oktabr oyining birinchi haftasini mamlakatimizda Siyosiy qatag‘on qurbonlarini yod etish haftaligi sifatida nishonlaymiz.

Nima uchun bu vaqt tanlandi? Chunki 1938 yil 4-16-oktabr kunlari 507 nafar o‘zbekistonlik siyosiy mahbus ustidan hukm o‘qilgan. Eng yetakchi shaxslar qatl etilgan. Ular orasida Fitrat, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Xudoybergan Devonov kabi yetuk ziyolilarimiz, Germaniyada o‘qib kelgan ilg‘or mutaxassislar, taniqli davlat va jamoat arboblari bo‘lgan. Eng dahshatli tomoni – ular 4 oktyabrda qatl etilgan, hukm 5-oktyabrda chiqarilgan. Bu sana xalqimiz tarixidagi eng qayg‘uli kunlardan biridir. Shuning uchun bu haftalikni katta tayyorgarlik bilan, birdamlikda o‘tkazishimiz kerak, – deya ta’kidladi prezident.

Muloqotda Bosh vazirga ushbu ishlarni tashkil etish va ijrosini nazoratga olish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Prezident bunday xayrli ishlarni davom ettirish, jadidlar hayotiga oid noyob hujjat va eksponatlar bilan jamoatchilikni kengroq tanishtirish kerakligini ta’kidladi.

«To‘g‘ri, keyingi vaqtlarda bu boradagi ishlarimiz yangi bosqichga ko‘tarildi. Ko‘p noma’lum nomlar aniqlandi. Kitoblar, kinolar chiqarildi. Lekin buyam kam. Bu borada ham mahallabay izlanish olib borish, bunga barcha ziyolilar, nuroniylar, huquq himoyachilari hissa qo‘shishi maqsadga muvofiq. Bu qadriyatga, umummilliy harakatga aylanishi kerak. Biz nima uchun Imom Buxoriy muzeyini tashkil qilyapmiz? Nima uchun tarixiy kinolar ishlatyapmiz? Chunki eng katta maktab, eng katta tarbiya – tarixning o‘zi. Yoshlarimiz tariximizni yaxshi bilishi, boshqalardan emas, o‘zimizning bobolarimizdan namuna olishi kerak. Buning asosini mukammal qilib, yoshlarga munosib tilda, qiziqarli tarzda, ijtimoiy tarmoqlar orqali yetkazish, jamiyatga singdirish zarur. Yosh avlodni shu ruhda tarbiyalasak, o‘z tanlagan yo‘limizdan qat’iy bora olamiz», – dedi davlat rahbari.

Dunyoda xavf-xatarlar kuchayib, milliy o‘zlik, ezgulik, qadriyat kabi tushunchalar zavolga yuz tutayotgani yodga olinar ekan, yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalikning qadri yaqqol namoyon bo‘ladi.

– Mustaqillik – Alloh taoloning el-yurtimizga eng katta marhamati, ne’mati. Har bir kun, har bir yilning qadriga yetib, shukronalik hissi bilan yashash kerak. Ajdodlarimizni e’zozlash, xalqni rozi qilish bo‘yicha savob ishlarni ko‘p qilsak, Xudo doimo yo‘limizni ochib beradi, – degan prezident. 

Mavzuga oid