Jahon | 13:09 / 03.09.2024
1339
4 daqiqa o‘qiladi

Braziliya Maskning Starlink platformasiga nisbatan sanksiyalar bilan tahdid qildi

Braziliyada Starlink internet-provayderi o‘z tarmoqlarida X’ni bloklamasa, litsenziyasi bekor qilinishi mumkin.

Braziliyada amerikalik tadbirkor Ilon Maskka bosim kuchaymoqda. Braziliya telekommunikatsiya regulyatori Anatel Starlink’ni agar Mask korporatsiyasi X platformasi (sobiq Twitter) o‘z tarmoqlarida bloklashdan bosh torsa, mamlakatda sun’iy yo‘ldosh interneti litsenziyasi bekor qilinishi mumkin bo‘lgan sanksiyalar haqida ogohlantirdi. Bu haqda Reuters 3 sentabr, seshanba kuni xabar berdi

O‘z navbatida, Braziliya prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva CNN telekanali Braziliya xizmatiga mamlakat sud tizimi «dunyo Ilon Maskning o‘ta o‘ng mafkurasiga badavlat shaxs bo‘lgani uchungina chidashi shart emas» degan muhim xabarni yuborganini aytdi. 

Anatel vakilining aytishicha, regulyator barcha Braziliya uyali aloqa operatorlarini tekshirmoqda. Unga ko‘ra, Starlink Braziliya Oliy sudi sudyasi Aleshandr de Moraesning buyrug‘ini bajarmasligini bildirgan yagona kompaniyadir. 

Braziliya sudi X platformasini bloklashga qaror qildi 

Braziliya Federal oliy sudi sudyasi Aleshandr de Moraes Milliy telekommunikatsiya agentligiga X ijtimoiy tarmog‘ining butun mamlakat bo‘ylab ishini 24 soat ichida to‘xtatishni buyurdi.

Braziliyaning Globo telekanali o‘z saytida ta’kidlaganidek, avvalroq amerikalik milliarder Ilon Maskka tegishli mikrobloglar servisi mamlakatdagi qonuniy vakilini 24 soat ichida tayinlash talabiga amal qilmagan. 

X ijtimoiy tarmog‘iga kirganlar 8000 yevro jarimaga tortiladi 

Braziliya Oliy sudi mamlakat hukumatining X ijtimoiy tarmog‘ini taqiqlash qarorini qo‘llab-quvvatladi, deb xabar berdi Bloomberg. Bu haqdagi qaror 2 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan onlayn yig‘ilishda qabul qilindi. X ijtimoiy tarmog‘i qaror ustidan shikoyat qilish imkoniyatiga ega.

Ijtimoiy tarmoqning mamlakatdagi faoliyatini to‘xtatish haqidagi qaror 30 avgust kuni Oliy sud sudyasi Aleshandr de Moraes tomonidan chiqarilgan. Hay’atdagi hakamlar ham Moraes qarorini qo‘llab-quvvatladilar, unga ko‘ra VPN orqali taqiqini chetlab o‘tishga uringan shaxs yoki kompaniya kuniga 50 ming real (8000 yevro) miqdorida jarimaga tortiladi. 

Bloomberg: Starlink terminallari qora bozorda sotilmoqda 

Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan Starlink sun’iy yo‘ldosh aloqa terminallari butun dunyo bo‘ylab qora bozorda sotilmoqda, deb xabar bergandi Bloomberg 25 mart kuni manbalarga tayanib. Agentlik surishtiruv o‘tkazdi, uning davomida u noqonuniy savdo va Starlink to‘plamlarini faollashtirishning ko‘plab misollarini aniqladi. 

Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, qora bozor yuqori tezlikdagi va ishonchli internetga ehtiyoj sezilgan, aloqa sifati past bo‘lgan hududlarda paydo bo‘lyapti. Misol tariqasida maqola mualliflari ko‘p yillardan buyon shiddatli fuqarolik urushlari davom etayotgan Yaman va Sudanni keltirgan. Har ikki davlat ham tez-tez internet uzilishlarini boshdan kechirmoqda, shuning uchun harbiylar Starlink tizimlariga murojaat qilmoqda. 

Maqolada, shuningdek, Qozog‘iston misoli keltiriladi, u yerda yaqin vaqtgacha, deb yozadi Bloomberg, to‘plamni hatto xususiy mijoz sifatida ham mahalliy pochta xizmati orqali olish mumkin edi. Terminallar Venesuelada ham keng qo‘llanadi, garchi Starlink veb-saytidagi qamrov xaritasi mamlakat sun’iy yo‘ldosh aloqasiga ulanmaganligini ko‘rsatyapti. 

Kontrabanda usullari va Starlink’ning qora bozorda mavjudligi aloqa tizimidan noto‘g‘ri foydalanish global muammo ekanini ko‘rsatib, kompaniyaning o‘z mahsulotlari ustidan nazorati borasida savollar tug‘dirmoqda, deb ta’kidlaydi Bloomberg.

Mavzuga oid