Jahon | 11:40 / 03.09.2024
1530
3 daqiqa o‘qiladi

Finlandiya rossiyaliklar uchun ko‘chmas mulk bilan bog‘liq operatsiyalarni taqiqlamoqchi

Finlandiya Mudofaa vazirligi rossiyaliklar uchun ko‘chmas mulk bilan bog‘liq operatsiyalarni taqiqlashni joriy etishni taklif qiluvchi qonun loyihasini ishlab chiqdi. Keyingi navbatda - uni ijaraga olishni taqiqlash.

Finlandiya Mudofaa vazirligi fuqaroligi bo‘lgan mamlakat Yevropa Ittifoqi qarorida boshqa davlatning hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligini buzgan deb tan olgan shaxslar, shu jumladan rossiyaliklar uchun ko‘chmas mulk bilan bog‘liq operatsiyalarni taqiqlash bo‘yicha navbatdagi hisobotini taqdim etdi. «Bu hozir va uzoq muddatda Finlandiyaga dushman ta’sirining oldini olish uchun zarur», dedi mudofaa vaziri Antti Xyakkyanen 2 sentabr, dushanba kuni. Uning so‘zlariga ko‘ra, avvalgi hukumat ko‘chmas mulk bilan bog‘liq operatsiyalarni to‘liq taqiqlashni tavsiya qilmagan, «lekin hozir xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat o‘zgardi, Rossiya muhim infratuzilmaga keng ta’sir ko‘rsatishning turli vositalaridan foydalanishda faollashdi». 

3,5 mingta ko‘chmas mulk rossiyaliklarga tegishli

«Finlandiya biz dushman tomon uchun zaif joylar qoldirmasligimizni ta’minlashi kerak. Biz jamiyat faoliyati va aholi xavfsizligiga jiddiy tahdid solishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarni aniqlab, faol ravishda zararsizlantirishimiz lozim», dedi vazir. 

Hisobot 25 oktyabrga qadar jamoatchilik muhokamasi va ekspertlar tomonidan baholanishi uchun taqdim etiladi. Shundan so‘ng qonun loyihasi yil oxirigacha parlamentga kiritilishi kutilmoqda. Qonunda qayd etilgan davlatlar uchun qoidalar hukumatning alohida qarori bilan chiqariladi, deyiladi xabarda. 

Xyakkyanen ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Finlandiyada rossiyaliklarga tegishli 3,5 mingga yaqin ko‘chmas mulk obektlari mavjud. Shu bilan birga, vazirning qayd etishicha, taqiq Finlandiyada ikki fuqaroligi va doimiy yashash joyiga ega bo‘lgan shaxslarga nisbatan qo‘llanmaydi. 

Finlandiya Rossiya bilan chegara yaqinida 5000 gacha NATO askarini joylashtiradi 

Finlandiya hukumati tashqi tahdidlarni bartaraf etish uchun mamlakat hududida NATO brigadasini joylashtirishga qaror qildi. 22 avgust kuni Finlandiyaning Iltalehti nashri Shimoliy Atlantika alyansidagi manbalarga tayanib, 22 avgust kuni Rossiya bilan chegaraga yaqin joylashgan Mikkeli shahrida 4000-5000 nafar askar va ofitserdan iborat yangi tuzilma shakllantirilishi va joylashtirilishini ma’lum qildi.

«Finlandiya mudofaa kuchlari va davlat rahbariyati Finlandiya profilaktika choralarini kuchaytirish uchun o‘z hududida NATO mamlakatlari askarlari bo‘lishi kerak, degan xulosaga keldi», deb yozadi nashr. Unga ko‘ra, zirhli texnikalar bilan qurollangan brigadaga, xususan, Shvetsiya va Norvegiya harbiy xizmatchilari qo‘shiladi. Kelgusi haftalarda alyans vakillari va Finlandiya rasmiylari NATOning yangi tarkibini joylashtirish haqida e’lon qilishlari kutilmoqda. «Qarorlar allaqachon qabul qilingan», deb xabar beradi Iltalehti manbalarga tayanib.

Mavzuga oid