Jahon | 22:50 / 04.09.2024
3533
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh xorijlik talabalarga viza berish jarayonini soddalashtirdi

Xususan, viza suhbatini kutish muddati qisqartirildi, ayrim hollarda suhbat talab etilmasligi ham mumkin.

Foto: Reuters

Hozirda AQShda turli davlatlardan kelgan 1 milliondan ortiq talaba tahsil oladi. Birgina 2022/23 o‘quv yilida xorijlik talabalar Amerika iqtisodiyotiga 40 milliard dollardan ortiq daromad keltirdi. 2023 yilda AQSh rekord darajada ko‘p — 600 000 dan ortiq talaba vizasini berdi. Bu borada Hindiston birinchi o‘rinda turibdi (140 500 talaba vizasi), Afrika ham (ayniqsa, Nigeriya) tez sur’atda ilgarilamoqda: qit’a fuqarolariga rekord darajadagi 40 000 ta talaba vizasi berildi.

AQSh Davlat departamenti viza olish uchun hujjat topshirish jarayonini soddalashtirdi, suhbat uchun kutish muddatini qisqartirdi va 2024 yil boshidan e’tiboran ayrim hollarda suhbatni butunlay bekor qilishga ruxsat berdi. Shu bilan birga, ariza beruvchining uzoq muddatli rejalari va ta’limni tugatgandan so‘ng vataniga qaytishi bo‘yicha talablar ham yumshatildi.

Viza uchun bo‘ladigan suhbat talabaning AQShda ta’lim olishiga to‘sqinlik qilmasligi kerak”, — deya ta’kidladi Konsullik ishlari byurosining viza tahlilchisi Sara Styuart.

Uning fikricha, chet ellik talabaning kelishi haqiqatan ikki tomonga foydali bo‘ladimi yoki yo‘qligini tushunish uchun har bir holat alohida ko‘rib chiqilishi lozim.

Shu bilan birga, AQShda talaba vizasini olish hanuz osonlashgani yo‘q. Oliy ta’lim muassasalari xodimlarining fikricha, so‘nggi yillarda tizimdagi yaxshilanishlarga qaramay, noxolislik va mantiqsizlik saqlanib qolmoqda. 2023 yilda topshirilgan arizalarning 36 foizi rad etilgan, bunda masalan, afrikaliklarga 60 foizdan ko‘p hollarda rad javobi berilgan: bugun mamlakatda tahsil olayotganlarning ko‘pchiligi hujjatlarini uch yoki to‘rt marta topshirishga majbur bo‘lgan.

Viza masalasining rad etilishi ko‘p hollarda ariza beruvchining barqaror bo‘lmagan moliyaviy holatiga bog‘liq. Ko‘pincha bunga talabaning mamlakatidagi iqtisodiy yoki siyosiy vaziyat, shuningdek, ilgari AQShda qolish muddatini buzgan vatandoshlarining ulushi sabab bo‘ladi. Aksariyat hollarda vizalar suhbatdan oldin va izohsiz rad etiladi.

Oliy ta’lim muassasalari vakillarining fikricha, past daromad yoki qarzlar iqtidorli yigit-qizlarning ta’lim olishiga to‘sqinlik qilmasligi kerak. Chunki universitet diplomi ularga moliyaviy qiyinchiliklardan chiqib ketishga va o‘z jamoasini qo‘llab-quvvatlashga yordam beradi.

Vizani rasmiylashtirish jarayonini imkon qadar qulay qilish uchun konsulxona xodimlari talabaning AQShdagi ta’limdan nima kutayotganini tushunishi, talaba esa viza olish uchun nimalar talab qilinishini yaxshi bilishi lozim.

Suhbat paytida ariza beruvchilar nima sababdan aynan Amerikada va ularni qabul qilgan oliy ta’lim muassasasida o‘qishni istayotganini qisqa tarzda asoslab berishi, shuningdek, konsullik xodimiga tavsiyanomaga o‘xshash keraksiz hujjatlarni topshirmasligi tavsiya etiladi. Oliy ta’lim muassasalariga esa jarayonni osonlashtirish uchun o‘qishga qabul qilinganlikni tasdiqlovchi I-20 formani elektron tarzda to‘ldirish maslahat beriladi.

Mavzuga oid