Jahon | 23:31 / 04.09.2024
2351
3 daqiqa o‘qiladi

YeI suriyalik qochqinlar majburan vataniga qaytarib yuborilishini moliyalashtirmoqda - HRW

Kipr sohil qo‘riqlash xizmati qochqinlarni majburan Livanga qaytarib yuborishga yordam bermoqda, Yevropa Ittifoqi esa inson huquqlarini muntazam buzgan holda Livan qurolli kuchlariga moliyaviy ko‘mak ko‘rsatyapti.

Foto: Anadolu Agency

Livandan Kiprga o‘tishga urinayotgan suriyalik qochqinlar Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magi ostida Livan hukumati tomonidan zo‘rlik bilan vataniga qaytarib yuborilmoqda. Bu haqda Human Righs Watch hisobotida so‘z boradi.

Hisobotda aytilishicha, Kipr sohil qo‘riqlash xizmati qochqinlarni majburan Livanga qaytarib yuborishga yordam bermoqda, Yevropa Ittifoqi esa inson huquqlarini muntazam buzgan holda Livan qurolli kuchlariga moliyaviy ko‘mak ko‘rsatyapti.

«Yevropalik donorlar inson huquqlari bo‘yicha majburiyatlari haqida bong urib, Livan chegara xavfsizlik kuchlarini moliyalashda davom etmoqda, ayni shu kuchlar suriyalik qochqinlarni nohaq ravishda chiqarib yubormoqda», — deya ta’kidlanadi hisobotda.

Nyu-Yorkda joylashgan nodavlat tashkiloti tomonidan chiqarilgan xulosalar foto va videomateriallarga, samolyot hamda qayiqlarni kuzatish asosidan olingan ma’lumotlarga, shuningdek, Livanni tark etishga uringan 16 nafar suriyalik qochqinning ko‘rsatmalariga asoslangan.

Human Righs Watch xodimi Nadya Xardmanning so‘zlariga ko‘ra, Kipr va Livan hukumatlarining harakatlari shafqatsiz yoki qadr-qimmatni kamsituvchi munosabatga duch kelishi mumkin bo‘lgan insonni deportatsiya qilishni taqiqlovchi huquqiy tamoyillarning qo‘pol buzilishi hisoblanadi.

Aholi jon boshida eng ko‘p qochqinlarni qabul qilayotgan Livanda 1,5 million suriyalik qochqin bor bo‘lib, oxirgi yillarda yuzaga kelgan dushmanlik kayfiyatida ularning yashash sharoiti sezilarli darajada yomonlashdi.

Aprel oyida mintaqaviy beqarorlikning kuchayishi fonida Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Kipr chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan suriyalik qochqinlar sonining keskin o‘sishi qayd etilgan — bu esa o‘z navbatida Kipr hukumatining boshpana berish borasidagi arizalarni ko‘rib chiqishini to‘xtatib qo‘ygan.

Bunga javoban YeI may oyida Livanga 2026 yilga qadar 1 milliard yevro moliyaviy paket ajratgan. Ushbu mablag‘lar Livan qurolli kuchlariga chegarani yaxshiroq nazorat qilishlari uchun ham yo‘naltiriladi.

Mavzuga oid