Jahon | 01:49 / 05.09.2024
3181
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh saylovlarga aralashganlik uchun RT va Margarita Simonyanga qarshi sanksiyalar joriy etdi

AQSh Davlat departamenti viza cheklovlari ham joriy etilganini bildirib, mamlakatdagi saylovlarga chetdan aralashuv bo‘yicha ma’lumotlarni taqdim etganlarga 10 million dollargacha mukofot puli va’da qildi.

Foto: TASS

AQSh Moliya vazirligi «Moskvaning prezidentlik saylovlariga ta’sir o‘tkazishga urinishi» sabab RT telekanaliga qarshi sanksiyalar joriy etdi

Qayd etilishicha, ikkita tashkilot va 10 ta jismoniy shaxs sanksiyalarga uchragan. Cheklovlar Russia Today mediaguruhi va uning beshta shu’basi — «RIA Novosti», RT, «TV-Novosti» Ruptly va «Sputnik»ka qarshi qo‘llangan.

Shuningdek, RT bosh muharriri Margarita Simonyan hamda sakkiz nafar top menejerga qarshi ham cheklovlar joriy etilgan. 

Moliya vazirligining ma’lum qilishicha, Russia Today mediaguruhi tuzilmalari xorijiy missiyalar ro‘yxatiga kiritilgan. Davlat departamenti viza cheklovlari joriy etilganini bildirib, AQShdagi saylovlarga chetdan aralashuvga oid ma’lumotlarni taqdim etganlarga 10 million dollargacha mukofot puli va’da qildi. Davlat departamentining qo‘shimcha qilishicha, Russia Today media guruhi hamda Qo‘shma Shtatlardagi shu’ba korxonalari AQShdagi xodimlari va mulklari haqida hisobot berishi kerak bo‘ladi.

Bundan tashqari, Rossiya Mudofaa vazirligining piariga mas’ul va Ukraina haqida feyklar tarqatuvchi «Dialog» loyihasi hamda uning bosh direktori Vladimir Tabakka ham sanksiya qo‘llandi.

«Rossiya hukumati AQSh saylov jarayonlari va institutlariga ishonchni susaytirish uchun uzoq vaqtdan beri generativ sun’iy intellekt, dipfeyk va dezinformatsiya kabi turli vositalardan foydalanib keladi», — deyiladi Moliya vazirligi bayonotida.

Shu bilan birga, xorijiy agentlar va pul yuvish qonunlarini buzganlik bo‘yicha RT xodimlari Konstantin Kalashnikov hamda Yelena Afanasevga ayblovlar e’lon qilingan. Idoraning versiyasiga ko‘ra, ular ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya manfaatlariga xizmat qiladigan propaganda va yolg‘on ma’lumotlarni e’lon qilishga qariyb 10 million dollar sarflagan.

Margarita Simonyan Rossiya tomonidan Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya va G‘arbning boshqa davlatlari sanksiyalari ostida qolib kelmoqda. AQSh esa bunga qadar Simonyanga qarshi sanksiyalar qo‘llamagan edi.

Mavzuga oid