Jahon | 20:46 / 05.09.2024
16929
3 daqiqa o‘qiladi

Putin Pavel Durovning Parijda hibsga olinishiga munosabat bildirdi

Rossiya prezidenti uzoq yillar oldin Durov bilan Moskvada uchrashganini aytib, unga nisbatan hech qanaqa e’tirozi bo‘lmaganini ta’kidladi.

Foto: RIA Novosti

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Sharqiy iqtisodiy forumdagi chiqishi davomida Telegram asoschisi Pavel Durovning Parijda hibsga olinishiga munosabat bildirdi.

«Men uzoq yillar oldin Moskvada Durov bilan bir marotaba uchrashganman. U shunchaki rejalari haqida gapirgandi. Men biznes vakillari bilan muntazam uchrashib kelaman, bu ham Kremldagi shunday uchrashuvdan biri edi. Shundan buyon biz ko‘rishmadik, u bilan hech qanaqa aloqa o‘rnatmadik, Bokuda nima uchun uchrashishimiz kerak — uncha yaxshi tushunmayman, men hatto u o‘sha yerda ekanini bilganim ham yo‘q… Biz o‘zimizni biznesdan to‘sib qo‘ymaymiz, shu bois unda qandaydir xohish bo‘lsa, men bilan Moskvada uchrashishi mumkin edi, bu haqida ham hech narsa bilmayman. Ammo men u Moskvada yashashidan kelib chiqqandim.

Bizda unga nisbatan hech qanaqa e’tiroz bo‘lmagan, biroq bilamanki, ko‘plab davlatlarning platforma qandaydir usulda, kimlardir, qanaqadir tuzilmalar tomonidan iqtisodiyot yoki xavfsizlik sohasiga zarar yetkazishi mumkinligi borasida e’tirozlari bo‘lgan. O‘ylaymanki, Rossiya hukumatida ham unga qandaydir savollar bo‘lishi mumkin edi, ammo bu borada shu turdagi platformalarning barchasi aybdor-ku. Agar Durov bilan shunday yo‘l tutishsa, unda boshqalarni ham yopish kerak: hibsga olish yoki uy qamog‘iga jo‘natish lozim», — deydi Rossiya prezidenti.

Putinning so‘zlariga ko‘ra, Parijning Pavel Durovga nisbatan harakati «u qadar tushunarli emas» va ular «tanlash xarakteriga ega».

Telegram asoschisi Pavel Durov 24 avgust kuni Parij aeroportida qo‘lga olingan edi. Prokuratura unga nisbatan vakolatli organlar bilan hamkorlik qilishdan bosh tortish, pornografiya, giyohvand moddalar va hakerlik dasturlarini tarqatishda ishtirok etish kabi qator ayblovlarni ilgari surgan.

28 avgust kuni Durov 5 million yevro miqdorida garov puli to‘lash va sud nazorati ostida qolish sharti bilan ozod etilgan. Unga Fransiyani tark etish taqiqlangan hamda Durov haftasiga ikki marotaba politsiyaga kelib-ketishi kerak.

Mavzuga oid