Jahon | 08:46 / 05.09.2024
5298
3 daqiqa o‘qiladi

Putin Serbiya bosh vaziri o‘rinbosarini gaz yetkazib berishni muhokama qilishga taklif etdi

Aleksandr Vulinning Vladimir Putin bilan uchrashuvi oldidan Yevropa Ittifoqi Serbiyani Ukrainada davom etayotgan urush fonida Moskva bilan aloqalarni saqlab qolish salbiy jihatlari haqida ogohlantirdi.

Foto: kremlin.ru

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 4 sentabr, chorshanba kuni Vladivostokdagi Sharqiy iqtisodiy forum doirasida Serbiya bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Vulin bilan uchrashdi. Kreml veb-saytida e’lon qilingan suhbat stenogrammasiga ko‘ra, Putin Vulinga Rossiya gazini Serbiyaga keyingi yetkazib berishni muhokama qilishni va 2025 yil mart oyida tugaydigan tegishli shartnomani yangilashni taklif etdi.

Bundan tashqari, Putin Rossiya va Serbiya o‘rtasida sanoat va transport sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish istagini bildirdi hamda Moskva Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchichga BRICS davlatlari rahbarlarining Qozondagi uchrashuviga taklifnoma yuborganini aytdi.

O‘z navbatida, Aleksandr Vulin Serbiya «Rossiyaning strategik hamkori» ekanligini va u «G‘arb bosimiga qaramay» «hech qachon NATOga a’zo bo‘lmasligini», Rossiya Federatsiyasiga qarshi hech qachon sanksiyalar qo‘llamasligini ta’kidladi.

Vulinning Putin bilan uchrashuvi haqidagi e’longa YeI munosabati

Serbiya Yevropa Ittifoqiga kirish uchun nomzod davlat hisoblanadi. Vulin va Putinning bo‘lib o‘tgan uchrashuvi arafasida, 3 sentabr kuni Yevropa Ittifoqi rahbariyati Ukrainada davom etayotgan urush fonida Moskva bilan aloqalarni saqlab qolish YeI qadriyatlari va Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish jarayoniga mos kelmasligini eslatdi.

«Yevropa Ittifoqi o‘z sheriklariga Ukrainaga qarshi asossiz va tajovuzkor urushdan keyin Rossiya bilan munosabatlar odatdagidek qolishi mumkin emasligini juda aniq tushuntirdi, - deya ma’lumot berdi Bryussel. - Yevropa Ittifoqi barcha nomzod mamlakatlarga umumiy tamoyillar, qadriyatlar va xavfsizlik masalalari bo‘yicha ishonchli Yevropa sheriklari sifatida qarashni xohlaydi».

Shu bilan birga, Serbiya bosh vaziri Milosh Vuchevich 3 sentabr kuni jurnalistlarga Putin va Vulin o‘rtasidagi bo‘lajak uchrashuvni sharhlar ekan, unda «qandaydir dahshatli narsani» ko‘rmayotganini aytdi. «Biz Rossiya bilan diplomatik aloqalarni uzganimiz yo‘q, uning vakillari bilan uchrashish hech kimga taqiqlangani yo‘q», - dedi Vuchevich, ammo u Serbiya Ukrainadagi urushni qo‘llab-quvvatlamasligi hamda bu davlatning hududiy yaxlitligi buzilishini yoqlamasligini bildirdi.

Mavzuga oid