O‘zbekiston | 17:12 / 05.09.2024
18251
5 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatidagi “Paxtakor” muzligi bir yilda 20 metrga qisqardi – bu jiddiy xavfmi?

Toshkent viloyatidagi eng katta muzlik bir yil ichida 20 metr qisqarib, uning “muz tili” qismi yuzasi uch metr erib bitgan. Xo‘sh, muzlik qisqarishi jiddiy xavfmi, agar u qisqarishda davom etsa, nima bo‘ladi, o‘zi bu muzlik bizga nega kerak? Bu savollarga javobni ekspeditsiya tashkilotchisi Abror G‘ofurov tushuntirib berdi.

2024 yilning avgust oyida Toshkent viloyati Piskent tumanidagi “Paxtakor” muzligi 20 metr qisqargani ma’lum bo‘ldi. Buni Germaniya ilm-fan va oliy ta’lim vazirligi va O‘zbekiston OTFIV tomonidan uyushtirilgan "Clean Water" ekspeditsiyachilari o‘rganishgan. Ekspeditsiya qatnashchisi Abror G‘ofurov muzlikni tadqiq qilish jarayoni va ahamiyati haqida Kun.uz'ga gapirib berdi.

Mustaqillikdan beri muzliklar o‘rganilmay kelyapti

– Piskent tog‘ining tepasida 4000 metrgacha muzliklar mavjud. Ular orasida eng kattasi Paxtakor muzligi hisoblanadi. Uni 2023 yil kuzatishni boshlagandik. Tashkilotimizning maxsus moslamalari orqali muzlik joylashgan hududni aniqladik va u 20 metr orqaga ketganiga guvoh bo‘ldik. Tekshiruvlardan shu ma’lum bo‘ldiki, kamida uch metr muzlik bir yoz mobaynida erib ketgan va bu ancha katta ko‘rsatkich hisoblanadi. Shuni alohida aytish kerakki, “Paxtakor” muzligi sovet davrida rus olimlari tomonidan o‘rganilgan. Mustaqillikdan keyin esa muzliklar deyarli tadqiq qilinmay qo‘ygan. Bu muzlikni kuzatish Germaniyaning Yashil O‘rta Osiyo dasturi doirasida, Germaniya ilm-fan va oliy ta’lim vazirligi va O‘zbekistonda Innovatsiya agentligi moliyalashtiradigan "Clean Water" loyihasi doirasida boshlangandi.

Muzliklar katta miqdorda chuchuk suv degani

Muzliklarga ilmiy tekshiruvlar O‘zbekiston muzliklarida qancha suv zaxirasi borligini bilib olishga yordam beradi. Bu muzliklarda ancha katta suv zaxirasi mavjud bo‘lib, yozda erib suvga muhtoj hududlarni suv bilan ta’minlaydi. Muzliklar har yili o‘zini tiklab oladi, qishda cho‘qqilarda qor yog‘adi va bu muzliklar yozda ham erimaydi. Lekin yildan yilga qor kam yog‘ishining hisobiga ham muzliklarning tiklanish jarayonlari buzilmoqda.

Muzliklar erishi oqibatlari

Bizga muzliklarning erishi natijasida daryolarimizda suv kamayadi deysizlar, ammo daryolar to‘lib oqyapti-ku, degan fikrni tez-tez aytib qolishadi. Ha, daryolarda hozir suv ko‘p, lekin bu shiddatli erishlar kelajakdagi suv tanqisligiga ta’sir ko‘rsatishi aniq. Buning hisobiga yoz oylarida suv resurslari kamayib ketishi mumkin.

Yana bir xavf ko‘l muzliklari. Bu muzliklarning chekinishi natijasida hosil bo‘ladigan ko‘llar hisoblanadi. Bunday ko‘llarda dambalar bo‘lmaydi. Ularni nazorat qilish ham qiyin. Shuning hisobiga istalgan vaqtda tog‘li hududlarga sel kelish xavfi kuchayadi. 1999 yil Shohimardonda shunday suv toshqini bo‘lgan va ko‘plab insonlar halok bo‘lishgan. Afsuski, bu jarayon butun Markaziy Osiyoda sodir bo‘lmoqda va buni to‘xtatib qolish imkonsiz.

Muzliklar erishini to‘xtatish mumkinmi?

Afsuski, muzliklar erishini biz to‘xtata olmaymiz va bu jarayon tez rivojlanyapti. 1979 yildan 2010 yilgacha Norin daryosi havzasida 30 foizgacha muzliklar erigan. Bu katta raqam. 2050 yillarga kelib suv miqdori keskin kamayib ketishi mumkin. Butun dunyo mutaxassislari ham kelajakda suv tanqisligi vujudga kelishini ta’kidlashadi. Shu sababdan O‘zbekiston hukumati bu sohaga diqqatini qaratgan. Bu jarayonni sekinlashtirish uchun iqlim va tabiatga e’tiborli bo‘lishimiz kerak. Agar tabiatga chiqindi kam ishlab chiqarsak, havo haroratining keskin oshishining ham oldini olgan bo‘lamiz. Bundan tashqari, mustaqillik yillaridan keyin O‘zbekistonda ilm-fanga bo‘lgan e’tibor kamaygan va bu sohada ham mutaxassis yetishtirib chiqarish sustlashgan. Yoshlarni bu sohaga jalb qilishni kuchaytirish zarur.

Zuhra Abduhalimova suhbatlashdi.

Mavzuga oid