AQShda maktabda otishma uyushtirgan yigitning otasi qo‘lga olindi. U qurolni o‘g‘liga sovg‘a qilgan bo‘lishi mumkin
Jorjiya shtatida sodir bo‘lgan otishmada ikki nafar o‘qituvchi va ikki o‘quvchi halok bo‘ldi. Otishmada gumonlanayotgan bolaning otasiga ko‘ra, uning o‘g‘li maktabda tahqirlangan va ota-onasining ajrashib ketganini og‘ir qabul qilgan.
AQShning Jorjiya shtatida to‘rt kishini o‘ldirganlikda ayblanayotgan 14 yoshli bolaning otasi hibsga olindi, deb xabar beradi BBC.
4 sentabr kuni Jorjiya shtatining Barrou okrugi Uinder shahridagi Apalachi o‘rta maktabida soat taxminan 09:30 larda otishma bo‘ldi. Okrug rasmiylarining matbuotga ma’lum qilishicha, o‘smir 14 yoshda, u tiriklayin hibsga olingan, tergov ishlari davom etmoqda.
O‘smirning 54 yoshli otasi Kolin Grey ham bir qator ayblovlar bo‘yicha qo‘lga olingan. Rasmiylarning qayd etishicha, ayblovlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘g‘lining xatti-harakatlari va «unga quroldan foydalanishga ruxsat berilgani» bilan bog‘liq.
Erkakning o‘g‘li Kot Grey ikki nafar o‘qituvchi va ikki o‘quvchini o‘ldirganlikda ayblanmoqda. Jorjiya shtati qonunchiligiga ko‘ra, prokurorlar ayrim jinoyatlar sodir etilganda 13 yoshli o‘smirlarga ham xuddi kattalardek ayblov e’lon qila oladi.
Hozirda mas’ullar Kolin Grey AR tipidagi qurolni 2023 yil dekabrda o‘g‘liga sovg‘a qilish uchun xarid qilgan-qilmaganini aniqlash bilan shug‘ullanmoqda. Bunday holatlarda ota-onaga eng qattiq ayblovlar qo‘yiladi.
Kolin Greying politsiyaga ma’lum qilishicha, uning o‘g‘li maktabda tahqirlangan va ota-onasining ajrashib ketganini og‘ir qabul qilgan. Politsiya qaydlarida keltirilishicha, bolaning otasi va onasi ajrashish jarayonlari bilan band bo‘lgan bir paytda u otasi bilan yashab kelgan.
O‘smir yigit otasi bilan tez-tez ovga chiqib turgan. Bolaning ona tomondan bobosi sodir bo‘lgan voqeani Greyning qizi bilan ajrashib ketganidan keyingi notinch oilaviy hayoti bilan bog‘lamoqda. «Nabiram dahshatli ishni amalga oshirganini tushunib turibman, bunga hech qanaqa shubha yo‘q va u buning uchun javob beradi. Nabiram buni o‘zi yashagan muhit oqibatida amalga oshirdi», — deydi Charli Polxemus.
Apalachi o‘rta maktabiga uyushtirilgan hujum oqibatida 14 yoshli Meyson Shermerxorn va Kristian Angulo, shuningdek, ikki nafar o‘qituvchi — 39 yoshli Richard Aspinuoll va 53 yoshli Kristina Irimi halok bo‘ldi.
Guvohlarning aytishicha, gumonlanuvchi chorshanba kuni algebra darsidan chiqib ketgan va keyin qaytib kelib, sinfxonasiga kirishga uringan. Ayrim o‘quvchilar qulflangan eshikni ochishga uringan, biroq qurolni ko‘rib ortga chekingan. Shundan keyin 10-15 marotaba o‘q ovozi yangragan. Maktab politsiyasining ikki xodimi zudlik bilan bolaga tashlanib, uni qo‘lga olgan.
Mavzuga oid
21:25
Rossiya ortidan AQSh ham yadro strategiyasini o‘zgartirdi
13:52
AQSh O‘simliklar karantini agentligiga 205 ming dollarlik uskunalar topshirdi
21:00 / 21.11.2024
AQSh–Xitoy ziddiyati va Tayvan omili: Trampdan nima kutish mumkin?
11:15 / 21.11.2024