O‘zbekiston | 18:07 / 06.09.2024
31168
13 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning davlat qarzi ilk marta 37 mlrd dollarga yetdi. Umumiy qarzlar esa 60 mlrd dollardan oshgan

1 iyul holatiga, O‘zbekistonning davlat qarzi ilk marta 37 milliard dollardan oshgan. 2017-2023 yillarda bu miqdor 3 barobarga ko‘paygan. Xalqaro valuta jamg‘armasiga ko‘ra, yil boshida O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 53 mlrd dollar bo‘lgan. Tashqi qarzlar nega bunchalik tez o‘syapti, xavotirlar qanchalik asosli?

Foto: Kun.uz

2024 yilning 1 iyul holatiga, O‘zbekistonning davlat qarzi ilk marta 37 mlrd dollardan oshdi. Tegishli ma’lumot Iqtisodiyot va moliya vazirligi rasmiy saytiga joylangan.

Davlat qarzining 30,9 mlrd dollari – tashqi qarz, 6,1 mlrd dollari esa – ichki qarzni tashkil etadi.

Davlat qarzi 2024 yil 1-choragiga nisbatan 1 mlrd 679 mln dollarga ko‘paygan. YaIMga nisbatan ulushi ham 1,5 foizga oshib, 31,7 foizdan 33,2 foizga yetgan.

Taqqoslash uchun, 2023 yilning 1 iyul holatiga davlat qarzi 31 mlrd 628 mln dollarni tashkil etgan. Bir yil ichida ushbu ko‘rsatkich 5,4 mlrd dollarga yoki 17 foizga oshgan.

Yuqori sur’atda o‘sayotgan qarz

So‘nggi yillarda O‘zbekiston tashqi qarzining o‘sish sur’ati keskin oshdi. Xususan, 2017 yil yakunlari bo‘yicha davlat qarzi 11,6 mlrd dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yilning oxiriga kelib 34,9 mlrd dollarga yetdi yoki 3 barobarga ko‘paydi.

Jalb qilingan qarz mablag‘lari nimaga ishlatilgan?

Birinchi yarim yillik yakuniga ko‘ra, jami davlat tashqi qarzining 42 foizi (13 mlrd dollar) budjetni qo‘llab-quvvatlashga, 19 foizi (5,7 mlrd dollar) yoqilg‘i-energetika sohasiga, 9 foizi (2,7 mlrd dollar) transport va transport infratuzilmasiga, 9 foizi qishloq va suv xo‘jaligiga (2,7 mlrd dollar) yo‘naltirilgan.

O‘zbekiston kimlardan qarz olgan?

Joriy yil 1 iyul holatiga davlat tashqi qarzining kreditorlar kesimida taqsimlanishi quyidagicha:

  • Jahon banki — 6,7 mlrd dollar;
  • Osiyo taraqqiyot banki — 6,5 mlrd dollar;
  • Xalqaro investorlar (xalqaro yevrobondlar) — 4,2 mlrd dollar;
  • Xitoy moliya tashkilotlari – 3,8 mlrd dollar;
  • Yaponiya moliya tashkilotlari — 2,5 mlrd dollar;
  • Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki — 1,3 mlrd dollar;
  • Islom taraqqiyot banki — 921 mln dollar;
  • Fransiya moliya tashkilotlari – 823 mln dollar;
  • Koreya moliya tashkilotlari — 735 mln dollar;
  • Xalqaro valuta jamg‘armasi — 735 mln dollar;
  • Germaniya davlat banki — 268 mln dollar;
  • Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki— 226 mln dollar;
  • Boshqa xalqaro moliyaviy tashkilotlar — 2,2 mlrd dollar.

O‘zbekistonning qarzi qancha: 37 mlrd dollarmi yoki 60 mlrd dollar?

Tashqi qarz ikki turga bo‘linadi: davlat qarzi va xususiy (korporativ) qarz. Ayni paytda O‘zbekistonning davlat qarzi 37 mlrd dollar, bu haqda yuqorida batafsil yozdik. O‘z navbatida, O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan sub’yektlar davlat kafolatisiz tashqi qarz olsa, bu xususiy tashqi qarz deya qayd etiladi. Shunday bo‘lsa-da, bunday “xususiy” qarzlarning katta qismi davlatga tegishli kompaniyalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Masalan, O‘zsanoatqurilishbank, Asakabank va Aloqabank Xitoy banklaridan kredit olib, yangi binolar qurmoqda.

Agar O‘zbekistondagi davlat banki yoki korxonasi o‘z nomidan va davlatning rasmiy kafolatisiz qarz olsa, bu xususiy qarz hisoblanadi. Lekin bu qarz davlat banki tomonidan olinayotgani sababli, uni “yarim davlat” yoki “kvazi-davlat” qarzi sifatida ham tasniflash mumkin, chunki qarz oluvchi – davlatga tegishli yoki davlat tomonidan nazorat qilinadigan tashkilot. Bu qarz davlat qarziga kirmaydi, lekin davlatning moliyaviy barqarorligiga ta’sir qilishi mumkin, ayniqsa, davlat korxonasi olgan qarzini qoplashda qiyinchilikka duch kelgan paytda.

O‘zbekiston Markaziy banki ham, Iqtisodiyot va moliya vazirligi ham davlat tashqi qarzi va umumiy tashqi qarz haqida to‘liqroq va kengaytirilgan hisobot shaklida ma’lumot berib borishni to‘xtatib qo‘ygan. Masalan, Markaziy bankning “O‘zbekiston Respublikasi to‘lov balansi, xalqaro investitsion pozitsiyasi va tashqi qarzi” haqidagi hisoboti oxirgi marta 2022 yil 1-chorak yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan. IMVning “Davlat qarzi holati va dinamikasi sharhi” 2022 yilning 3-chorak yakunlari bo‘yicha taqdim qilingan.

Har ikkala idora ham, Kun.uz so‘roviga javoban, kengaytirilgan ma’lumotlar berib borishning to‘xtatilganini xalqaro tashkilotlar bu boradagi talabni olib tashlagani bilan izohladi.

Oxirgi ochiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yilning 1 aprel holatiga O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 38,8 mlrd dollarni (shundan davlat tashqi qarzi – 23,4 mlrd dollar [hozir 30,9 mlrd dollar], xususiy tashqi qarz – 15,4 mlrd dollar) tashkil etgan. O‘sha paytda xususiy tashqi qarzning 76 foizi (11,75 mlrd dollar) bank va yoqilg‘i-energetika sektoriga jalb qilingan bo‘lgan.

Xalqaro valuta jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil yakuni bo‘yicha umumiy tashqi qarz (davlat va davlat tomonidan kafolatlangan qarz, kafolatlanmagan davlat korxonalari qarzi va xususiy tashqi qarz) 53 mlrd dollar yoki YaIMning 60 foiziga yetgan.

Shuningdek, 6,1 mlrd dollarlik davlat ichki qarzi ham mavjud ekani, joriy yil birinchi yarmida ham qo‘shimcha tashqi qarz mablag‘lari jalb qilinganini hisobga olsak, umumiy qarz miqdori 60 mlrd dollardan oshganini taxmin qilish mumkin.

Tashqi qarz miqdori xavotirli darajadami?

Xalqaro ekspertlarning qayd etishicha, O‘zbekistonning qarzi boshqa past daromadli mamlakatlarga qaraganda tezroq oshib boryapti. Ammo XVJ mamlakatning davlat qarzi bilan bog‘liq muammolarga uchrash xavfini juda past darajada baholagan. Hukumat vakillari ham tashqi qarz hajmi mamlakat iqtisodiyoti va aholi soniga nisbatan katta emasligini ta’kidlab keladi. Ayrimlar Yaponiya va AQSh kabi mamlakatlarning ham katta qarzi borligini misol qilib keltirib, O‘zbekiston uchun hech qanday tahdidlar mavjud emasligini aytadi. Ammo bu yerda ushbu mamlakatlar bilan jiddiy farqlar bor.

Qarz miqdorining oshib borayotgani quyidagi omillar sabab ehtimoliy xatarlarni yuzaga keltirishi mumkin.

Birinchidan, O‘zbekiston iqtisodiyoti yetarli darajada diversifikatsiyalanmagan. Mamlakat eksporti ko‘proq tabiiy resurslar (oltin, uran, mis) va ma’lum bir sohalarga bog‘liq. Pul o‘tkazmalarining YaIM o‘sishidagi ulushi katta. Bu turdagi iqtisodiyot tashqi bozor shoklariga anchayin sezgir bo‘ladi.

Ha, AQSh (35 trln dollar) yoki Yaponiya (4,43 trln dollar) kabi rivojlangan davlatlarning ham katta miqdorda tashqi qarzi bor. Ammo yuqoridagi mamlakatlar juda katta ishlab chiqarish va eksport potensialiga ega. Ya’ni ularning iqtisodiyoti to‘liq diversifikatsiyalangan.

Ulardan farqli, oltin yoki mis narxining tushib ketishi, rubl kursining tebranishi natijasida pul o‘tkazmalarining qisqarib ketishi O‘zbekiston uchun jiddiy risklarni yaratadi.

Ikkinchidan, milliy valutaning qadrsizlanishi bilan bog‘liq xavflar mavjud. 2024 yilning 1 iyul holatiga ko‘ra, davlat tashqi qarz portfeli valuta tarkibining 71,4 foizi AQSh dollari, 7,2 foizi Yaponiya iyenasi, 7,1 foizi SDR (maxsus qarz olish huquqlari), 7 foizi yevro, 2,2 foizi yuan, 2 foizi o‘zbek so‘mi, 3,3 foizi boshqa valutalardagi tashqi qarz hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Ya’ni davlat tashqi qarzining qariyb 98 foiz qismi xorijiy valutada jalb qilingan. Valuta kursining keskin o‘zgarishi va o‘zbek so‘mining ehtimoliy qadrsizlanishi xizmat ko‘rsatish xarajatlari va miqdoriga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Masalan, 2023 yilda o‘zbek so‘mi kuchli bosim ostida qoldi va dollarga nisbatan 9,8 foizga qadrsizlandi. Joriy yil 1 sentabr holatiga bu ko‘rsatkich 2,64 foizni tashkil qilgan. Qarzga xizmat ko‘rsatish xarajatlari uchun mablag‘ milliy valutada shakllanishini inobatga olsak, qarz yuki milliy valuta qadrsizlanishi bilan yanada ortadi.

Milliy valutaning statusi jihatdan ham AQSh va Yaponiya tashqi qarzi O‘zbekistonnikidan farq qiladi. AQSh dollari xalqaro zaxira valutasi bo‘lib, Qo‘shma Shtatlar qarzining ko‘p qismi o‘z milliy valutasida to‘planadi. Bu AQShga o‘z qarz majburiyatlarini ancha qulay sharoitlarda qaytarish imkonini beradi. Yaponiya ham ichki qarzning ko‘p qismini o‘z milliy valutasida (iyena) olgan. O‘zbekistonning milliy valutasi (so‘m) xalqaro bozor uchun zaxira valuta hisoblanmaydi, bu esa xalqaro qarzlarni qaytarishda foiz to‘lovlaridan tashqari, almashuv kursi tebranishi bilan bog‘liq muqarrar to‘lovlar ham borligini anglatadi.

Uchinchidan, global inflyatsion holatning yomonlashishi fonida Markaziy banklarning qattiqlashtirish siyosati va foizlarni oshirishi xalqaro bozorlarda qarz va kapital narxini keskin qimmatlashtirib yubordi. Bu esa O‘zbekistonga o‘xshagan rivojlanayotgan mamlakatlar uchun tashqi qarz jalb qilishni qiyinlashtiradi.

Yaponiya va AQSh xalqaro moliyaviy bozorlarda yuqori kredit reytingiga ega davlatlar hisoblanadi. Bu davlatlarga investorning ishonchi yuqori bo‘lgani sabab ularning qarz olishlari oson va bu past foiz stavkalari bilan amalga oshiriladi. O‘zbekiston uchun bunday imkoniyat yo‘q.

To‘rtinchidan, qarz uchun xizmat ko‘rsatish xarajatlari oshib boryapti. Masalan, 2023 yilda birgina davlat tashqi qarziga xizmat ko‘rsatish xarajatlari 2,82 mlrd dollarga yetgan. Taqqoslash uchun, bu ko‘rsatkich 2018 yilda 0,5 mlrd dollar bo‘lgan. Bu yangi qarz olish va oldin olingan qarzni qaytarish miqdorlarining tenglashib qolishiga olib kelishi mumkin. Bunday sharoitda eski qarz yangi qarz bilan yopila boshlaydi.

Shunday bo‘lsa-da, real iqtisodiy o‘sish kutilmalarining yaxshiligi hisobiga XVJ mutaxassislari O‘zbekistonning umumiy tashqi qarz miqdorini 2023 yil oxiridagi YaIMning 60 foizidan 2029 yil oxirida YaIMning 51 foizigacha pasayishini prognoz qilgan.

Nega O‘zbekiston qarzi tez o‘syapti?

Birinchidan, O‘zbekiston kabi rivojlanayotgan mamlakatlarda infratuzilma loyihalarini amalga oshirish ko‘lami doimo o‘sib boruvchi xarakterga ega. Bu kabi vazifalarni amalga oshirish uchun davlatda 2 ta muqobil yechim mavjud: soliqlarni oshirish yoki tashqi qarz va investitsiya mablag‘larini jalb qilish.

Soliqlarni oshirish istiqbolda iqtisodiyotni rivojlantirish rag‘batlariga putur yetkazishi hisobga olinsa, ko‘plab rivojlangan davlatlar ikkinchi yo‘lni tanlashni afzal ko‘rishadi. O‘zbekiston misolida olib qaraydigan bo‘lsak, hukumatga nisbatan asosiy savollar qarz mablag‘larining oshib borayotgani bilan birga, jalb qilingan pulning samara bermayotgan va narxi qimmatlashtirilgan loyihalar uchun ishlatilishida bo‘lyapti.

Ikkinchidan, kovid va postkovid davri dunyoning ko‘plab mamlakatlarida tashqi qarz o‘sishiga olib keldi. Xususan, ushbu omillar ta’sirida 2020 yilda qarz jalb qilish miqdori keskin oshganini (17,8 mlrd dollardan 23,4 mlrd dollarga) ko‘rish mumkin.

Uchinchidan, davlat budjeti taqchilligining oshib borayotgani. 2022 yilda ushbu ko‘rsatkich YaIMning 3,9 foizini yoki qariyb 35 trln so‘mni tashkil etdi. 2023 yilda esa konsolidatsiyalangan budjet taqchilligi limiti YaIMga nisbatan 3 foizdan 5,5 foizgacha, yillik tashqi qarz limiti 4,5 mlrd dollardan 5,5 mlrd dollargacha ko‘paytirildi.

Eslatib o‘tamiz, shu yil may oyida S&P xalqaro kredit reyting agentligi O‘zbekistonning suveren kredit reytingini “BB-” (barqaror kutilma) darajasida o‘zgarishsiz qoldirgan edi. Agentlik O‘zbekistonning tashqi qarzlari miqdori avvalgi prognozlarga qaraganda tezroq oshishi kutilayotganini qayd etgan.

Doston Ahrorov tayyorladi.

Mavzuga oid