Surxondaryoda 9400 tup daraxt nobud bo‘lishi mumkin
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi Ekologiya vazirligidan Surxondaryo viloyatidagi 2ta avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilish uchun 9405 tup daraxtni ko‘chirib o‘tkazishni so‘ragan.
Jurnalist Ilyos Safarov telegram kanalida Denov tumanining Chim mahallasidan boshlanib Oltinsoy tumanining Shakarqamish mahallasigacha bo‘lgan yo‘ldagi barcha daraxtlarga qizil rangda maxsus belgilar chizib chiqilgani haqida ma’lum qildi.
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, 2024 yilning 2 iyul kunida Avtomobil yo‘llari qo‘mitasidan Ekologiya vazirligiga Surxondaryo viloyatida “4R105 “Darband-Boysun-Elbayon” va 4R100 “Mang‘uzor-Jarqo‘rg‘on-Bandixon-Oltinsoy-Denov” avtomobil yo‘llarining ba’zi qismlarini rekonstruksiya qilish loyihasini amalga oshirish jarayoniga to‘sqinlik qilayotgan 9 405 tup daraxtni ko‘chirib o‘tkazishga doir tegishli ko‘rsatma so‘ralgan xat yo‘llangan.
“Vazirlik bunga javoban O‘zbekiston Prezidentining 2021 yildagi 46-son Farmoniga muvofiq davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriy amal qilingani hamda 2023 yildagi 81-son Farmoniga ko‘ra ekologiya va atrof-muhitga zarar yetkazish, o‘simlik va hayvonot olami dunyosi obektlarini nobud qilish yoki ularga shikast yetkazish bilan bog‘liq jinoyatlarni og‘ir jinoyatlar toifasiga kiritish belgilanganini eslatgan” – deyiladi vazirlik izohida.
Qo‘shimcha qilinishicha, yuqorida qayd etilgan hududdagi daraxtlarning ko‘p yillik yoshi va hajmidan hamda ularning hozirda tinim (vegetatsiya) davrida ekanligidan kelib chiqib, Ekologiya vazirligi daraxtlarni ko‘chirishga rad javobini bergan.
Shuningdek, ushbu loyihani amalga oshirishda daraxtlardan xoli hududni tanlash va bu borada loyihaga tegishli o‘zgartirishlar kiritishni tavsiya qilgan.
Shunday bo‘lsa-da, mazkur loyihaning amalga oshish masalasi ayni damda Hukumat komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqilyapti.
“Surxondaryo viloyati hokimligi tomonidan inson hayoti xavfsizligini ta’minlash nuqtai nazaridan ushbu yo‘nalishdagi yo‘l infratuzilmasi takomillashtiruvga muhtojligi qayd etilmoqda. Kuchli yomg‘ir yog‘ishi va sel kelishi oqibatida yo‘l va ko‘priklar ta’mirtalab holatga kelib qolgan. Avtomobillar sonining kundan kunga oshishi esa yo‘llarda tirbandliklarni yuzaga keltirmoqda. Natijada avtomobillarning harakatlanishida qiyinchiliklar yuzaga kelib, avtohalokat hodisalari ko‘paymoqda. Jumladan, 2022-2024 yillar mobaynida bu yerda 54 ta avtohalokat hodisasi sodir bo‘lgan, buning natijasida esa 19 nafar fuqaro vafot etgan, 31 nafar fuqaro turli tan jarohat olgan.
Shu bois ayni damda loyiha doirasidagi hududda mavjud daraxtlar holati, soni, turi, o‘lchami va qiymatini aniqlash bo‘yicha Surxondaryo viloyat Ekologiya boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda”, – deya qo‘shimcha qildi vazirlik.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning iyul oyida Surxondaryo va Buxoro viloyatlarida rejalangan yo‘l qurilishi sabab ikkala hududda jami 70 mingga yaqin daraxt va butalar kesilishi mumkinligi ma’lum bo‘lgandi.
Ekologiya vazirligi bu loyihaga qarshi ekanini bildirgandi.
Mavzuga oid
14:50 / 21.11.2024
Kuvayt O‘zbekistonda Ona va bola klasterini tashkil etadi
16:18 / 15.11.2024
Yangiyo‘lda 5 tup daraxtni kesib tashlagan shaxs tabiatga 533 mln so‘m zarar yetkazdi
11:53 / 13.11.2024
Afg‘onistonda sodir bo‘lgan zilzila kuchi Surxondaryoda sezildi
08:15 / 13.11.2024