Jahon | 18:57 / 07.09.2024
2840
3 daqiqa o‘qiladi

Bryusseldagi Audi zavodi yopilishi mumkin

Audi kompaniyasi bir yildan so‘ng Bryusseldagi zavodda avtomobil yig‘ish to‘xtatilishini tasdiqladi. Zavod xodimlari bunga qarshi norozilik bildirmoqda.

Foto: Reuters

Bryusseldagi Audi Forest zavodi xodimlari kelajagidan jiddiy xavotirda. Audi avtomobilsozlik kompaniyasini o‘z ichiga olgan Volkswagen konserni 2025 yildan keyin Bryussel zavodida Q8 e-tron elektrokrossoverning asosiy modelini ishlab chiqarish rejalashtirilmayotganini tasdiqladi.

Kasaba uyushmalari bu qaror zavod yopilishini anglatadi deb hisoblamoqda. Uch mingdan ortiq xodim ishdan bo‘shatilishi mumkin. Subpudratchilarni ham shunday taqdir kutmoqda. 4 avgust kuni zavod ishchilari norozilik belgisi sifatida ishga chiqmadi. Odamlar umidsizlikka tushgan.

Nimani his qilyapmiz? Bo‘layotgan ishlardan, zavodning yopilishi haqidagi qarordan g‘azabdaman. Uni saqlab qolishning boshqa yo‘llari bo‘lsa edi... Lekin biz bunga ishonmaymiz”, dedi Audi subpudratchisi Xoakin Malpika. U zavodda 2006 yildan beri ishlaydi.

Rahbariyat zavodning yopilishi kun tartibida emasligini va boshqa imkoniyatlar o‘rganilayotganini ta’kidlamoqda.

Audi Forest zavodi rasmiy vakili Piter D’Hoorning so‘zlariga ko‘ra, yana bir nechta variantlar, maqbul yechimlar mavjud.

Masalan, bu yerda amalga oshirish mumkin bo‘lgan muayyan loyihalarni zimmamizga olishimiz mumkin. Deylik, boshqa zavodlar uchun detallar ishlab chiqarish imkoniyatini ko‘rib chiqsak bo‘ladi. Shuningdek, potensial investorlar bilan muzokara olib boryapmiz, vaziyat oydinlashgach ular bilan uchrashishni rejalashtiryapmiz. Biroq hozircha aniq bir narsa aytolmayman”, dedi u.

Volkswagen Yevropaning yetakchi avtomobil guruhidir. Shu hafta konsern o‘z xarajatlarini qisqartirish rejasini e’lon qildi. Qariyb 90 yillik tarixida birinchi marta kompaniya Germaniyadagi ikkita zavodini yopishni va murakkab iqtisodiy sharoitlarda raqobatga bardosh berish uchun xodimlarni ishdan bo‘shatishni rejalashtirmoqda.

Kasaba uyushmasi vakili Paskal Debryull Audi mashinalarini ishlab chiqarish Meksikaga ko‘chirilishi haqida gapirdi:

Meksika va AQShda uni sotish imkoniyatlari ancha yuqori. Ishchi kuchi arzonroq. Ularda AQShdagidek import soliqlari yo‘q. Shuning uchun ishlab chiqarishni ochiqchasiga ko‘chiryapmiz, chunki kelajakdagi taxminiy sotuvlarning 50 foizi Amerikaga to‘g‘ri keladi”.

16 sentabr, dushanba kuni Bryusselda Audi ishchilarining katta namoyishi rejalashtirilgan. Aksiyaga Germaniyaning Volkswagen konserni kasaba uyushmalari vakillari ham qo‘shilishi kutilmoqda.

Mavzuga oid