Jahon | 19:31 / 07.09.2024
15688
3 daqiqa o‘qiladi

Dubayda dunyodagi ikkinchi eng baland osmono‘par bino qurilmoqda

Dunyodagi eng baland osmono‘par bino ham Dubayda joylashgan, endilikda shahar ikkinchi eng baland binoni qurishga tayyorlanmoqda. Burj Azizi qurilishi shu yilning yanvarida boshlangan, ammo o‘sha paytda uning aniq balandligi oshkor etilmagan, chunki loyiha muallifi Azizi Developmens Dubay rasmiylarining roziligini kutgan.

Foto: AP

Kompaniya dastlab binoning ikki versiyadagi dizaynini rejalashtirgan — 526 metr va 725 metr balandlikda. Ulardan biri “super-baland” binolar qurilishini tartibga soluvchi Birlashgan Arab Amirliklari Fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi tomonidan tasdiqlanishi kutilayotgan edi. 4 avgust kuni Azizi Developmens 725 metr balandlikdagi variantni qurishga ruxsat berilganini e’lon qildi.

“Boshida bizda ikkita loyiha mavjud edi, yakuniy qaror kutilayotgan paytda ikkala variantni ham ochiq saqlab turdik”, — dedi Azizi Developmens asoschisi va raisi Mirvois Aziziy CNN’ga bergan bayonotida.

Tegishli ruxsatnoma olingach, binoning poydevor va qoziqlarni mustahkamlash ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda.

Osmono‘par bino 131 qavatdan iborat bo‘lib, unda xonadonlar, yetti yulduzli hashamatli mehmonxona, shuningdek, yetti qavatli savdo markazi joylashadi.

Bundan tashqari, Burj Azizi ko‘plab jahon rekordlarini o‘rnatishi kutilmoqda: dunyodagi eng baland mehmonxona vestibyuli (11-qavatda), eng baland tungi klub (126-qavatda), eng baland tomosha maydonchasi (130-qavatda), shuningdek, Dubaydagi eng baland restoran (ya’ni uning 122-qavatdagi restorani Burj Xalifaning 122-qavatidagi At.mosphere restoranidan balandroq bo‘ladi). Bundan tashqari, 118-qavatda shahardagi eng baland mehmonxona nomeri joylashadi.

Burj Azizi Dubayning Jahon savdo markazi biznes hududidagi Shayx Zayd shossesida qurilmoqda. U 2,717 fut balandlikdagi Burj Xalifadan 340 fut past bo‘lsa-da, Burj Azizi eng yaqin raqobatchilaridan sezilarli darajada ustun turadi va dunyodagi ikkinchi eng baland binoga aylanadi.

Loyihaga kiritilgan investitsiyalar 6 milliard dirhamdan (1,6 milliard dollar) oshgan.

“Maqsadim — Dubayni ham aholi, ham sayyohlik markaziga aylantirish, shuningdek, buyuk muhandislik merosiga aylanadigan loyihani yaratish”, — deya qo‘shimcha qildi Azizi.

Burj Azizi qurilishi 2028 yilda yakunlanishi, kvartiralar sotuvi esa 2025 yilning fevralida boshlanishi rejalashtirilgan.

Baland binolar va shahar muhiti kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, Dubayda balandligi 300 metrdan ortiq bo‘lgan osmono‘par binolar dunyoning boshqa shaharlariga qaraganda ko‘proq.

Mavzuga oid