Jahon | 01:19 / 07.09.2024
2754
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya aviareyslarni kechiktirish va bekor qilish soni bo‘yicha yetakchiga aylandi

Yevropadagi samolyotlarning har uchta yo‘lovchisidan biri 15 daqiqadan ortiq kechikish bilan parvoz qiladi. Lufthansa kompaniyasi guruhi bo‘lsa kechiktirilgan reyslar soni bo‘yicha birinchi o‘rinda turadi.

Foto: Freepik

Flightright servisi butun Yevropa bo‘ylab joylashgan 20 ta aviakompaniyaning reyslarini tahlil qilib chiqdi. Ular orasida Germaniya parvozlarning kechiktirilishi va bekor qilinishi bo‘yicha yetakchiga aylandi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Yevropadagi samolyotlarning har uchta yo‘lovchisidan biri 15 daqiqadan ortiq kechikish bilan parvoz qiladi. Lufthansa kompaniyasi guruhi kechiktirilgan reyslar soni bo‘yicha birinchi o‘rinda turadi.
«Germaniya aeroportlari va aviakompaniyalari bu yozda ham Yevropada parvozlarning bekor qilinishi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etgani xavotirga soladi. Bu nemis aviatsiyasida davom etayotgan muammolardan darak beradi», — deydi Flightright’ning yo‘lovchilar huquqlari bo‘yicha ekspert Feyza Tyuken.

Reyslari bekor qilingan aviakompaniyalarning joriy yozdagi reytingi quyidagicha joylashdi:

  • Lufthansa Group tarkibiga kiradigan Eurowings aviakompaniyasi — barcha reyslarning 3 foizdan ortig‘i;
  • Lufthansa — 2,9 foiz;
  • Lufthansa Group tarkibiga kiruvchi Swiss aviakompaniyasi — 2,61 foiz.

Tahlilchilarning fikricha, bekor qilingan reyslar bo‘yicha ko‘rsatkichlar 1 foizdan oshmasligi kerak. TAP Portugal, Ryanair va Iberia kabi aviakompaniyalar shunday ko‘rsatkichlarni namoyon etmoqda.

Reyslari bekor qilingan aeroportlar orasidagi yetakchilik Berlin-Brandenburg aeroportiga tegishli (3 foiz). Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni mos ravishda Frankfurt (2,52 foiz) va Myunxen (2,49 foiz) egalladi. 

Mavzuga oid