Jahon | 11:20 / 09.09.2024
7550
7 daqiqa o‘qiladi

“Suvga to‘ymayotgan sigirlarim sut ham bermay qo‘ydi” – Sitsiliyada qurg‘oqchilik sabab qishloq xo‘jaligi halokat yoqasiga keldi

Italiyaning Sitsiliya oroli misli ko‘rilmagan suv inqirozlaridan birini boshdan kechirmoqda. O‘rta dengizda joylashgan eng katta va aholisi eng ko‘p orol bugun cho‘llanish xavfi ostida. Shunga qaramay orolga sayyohlar oqib kelishdan to‘xtamayapti, bu esa vaziyatni chigallashtiradi.

Foto: Roberto Salomone/The Guardian

2021 yil hududda Yevropadagi rekord harorat — 48,8 gradus qayd etilgan. 2023 yilning so‘nggi olti oyida orolga atigi 150 millimetr yomg‘ir yog‘di. May oyida Rim hukumati favqulodda holat e’lon qildi.

Sitsiliya janubidagi qovjiragan dalalar / Foto: The Guardian

Mahalliy aholi uchun xavf tug‘dirishiga qaramay, suv inqirozi sayyohlarni orolga tashrifdan to‘smayapti. Janubiy Yevropaning boshqa qismlari singari, Sitsiliya ham suv tanqisligi va sayyohlar oqimi orasida mushkul ahvolda qolgan. Turistlar resurslarga qo‘shimcha bosim o‘tkazsa-da, iqtisodiyotning asosiy drayverlaridan biri sifatida qadrlanadi.

“Janubiy Yevropaning Ispaniya va Sitsiliya kabi turistik yo‘nalishlari hamisha sayyohlar orasida mashhur”, — deydi Kataniya universitetining ekologiya va iqlim favqulodda vaziyatlari professori Kristian Myulder. “Odatda turistlar suv tanqisligiga qaramay, quyosh nurini izlaydi, suvni bemalol topish mumkin deb o‘ylaydi. O‘ta mehmondo‘stlik Sitsiliyaning shusiz ham taqchil suv resurslariga bosimni kuchaytiryapti, bu esa atrof-muhit uchun muqarrar oqibatlarga olib keladi”.

Iqlim bilan bog‘liq favqulodda holat tufayli Sitsiliyaning 70 foizi cho‘llanish xavfi ostida, deyiladi Italiya Milliy tadqiqot kengashi ma’lumotlarida. Oroldagi ko‘llarning aksariyati deyarli qurigan. Sitsiliya markazidagi Fanako sun’iy ko‘lida bir vaqtlar 20 million metr kub suv bo‘lardi, ammo hozirda atigi 300 ming qolgan. Balchiqli ko‘lmakka aylangan suv omborlaridan atrofga o‘lik baliqlarning qo‘lansa hidi tarqaladi.

Deyarli qurib bitgan Fanako sun’iy ko‘li Sitsiliya janubiga suv yetkazib beruvchi asosiy manba hisoblanadi / Foto: The Guardian

Suv ta’minoti cheklangach qator korxonalar yopildi, minglab oilalar yuvinish yoki ovqat tayyorlash uchun idishda suv g‘amlab qo‘yishni boshladi. Suv xo‘jaligi boshqarmasi milliy assotsiatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, mart oyida ichimlik suvi uchun mo‘ljallangan ayrim suv omborlari bor-yo‘g‘i 10 foiz quvvatda ishlagan.

“Bu misli ko‘rilmagan qurg‘oqchilik ortidan yuzaga kelgan favqulodda holat”, — dedi Sitsiliya gubernatori Renato Shifani.

Suvsizlikka qo‘shimcha yozgi o‘rmon yong‘inlari ham o‘simliklarni yo‘q qildi. 2023 yili, mintaqaviy fuqaro muhofazasi agentligining hisob-kitoblariga ko‘ra, yong‘inlar 60 million yevrodan ortiq zarar yetkazgan, orolda 693 gektardan ortiq o‘rmonlar vayron bo‘lgan.

Bu yil 19—20 avgust kunlari, orol bo‘ylab kamida 10 ta yong‘in o‘nlab gektar o‘rmonlar, qarag‘ayzorlar va qishloq xo‘jaligi yerlarining kulini ko‘kka sovurdi.

Italiyaning eng yirik fermerlar uyushmasi Koldiretti sun’iy ko‘llarni tankerlar yordamida to‘ldirish uchun o‘z hisobidan pul to‘lab, qishloq xo‘jaligi sektorini qo‘llab-quvvatlashga urinmoqda. Ammo bu harakatning o‘zi yetarli emas.

Fojia ko‘lamini qurg‘oqchil tog‘larda boqilayotgan ozg‘in qoramollarning ko‘rinishidan ham bilish mumkin. Bu yerda kunduzi harorat 40 gradusdan yuqori. Chorva mollari uchun ichimlik suvi yo‘q. Qishloq xo‘jaligi yosh tadbirkorlar uyushmasining ma’lumotlariga ko‘ra, qurg‘oqchilik sabab yosh sitsiliyalik fermerlar orolni tark etyapti, o‘nlab chorvadorlar chorva mollarini sotishga yoki so‘yishga majbur bo‘lmoqda.

Agrigento provinsiyasining Kammarata hududi atrofidagi qishloqda 100 bosh sigir va 150 bosh echkiga egalik qiluvchi 60 yoshli fermer Liborio Mangiapane, agar vaziyat yaxshilanmasa, chorvasidan voz kechishga majbur bo‘lishini aytdi.

Liborio Mangiapane va uning fermasi / Foto: The Guardian

“Suvga to‘ymayotgan sigirlarim sut ham bermay qo‘ydi. Yer asta-sekin sahroga aylanyapti. Hatto ichishga ham oqar suv qolmagani uchun ro‘zg‘orda qadoqlangan suvdan foydalanyapmiz” ,— deydi Mangiapane.

Suv inqiroziga qaramay, Sitsiliyaning ko‘plab mehmonxonalari va kurortlari gavjumligicha qolmoqda, asosiy shaharlarning ko‘chalari sayyohlarga to‘la, restoranlar to‘liq band qilingan, plyajlardagi odamlarning hisobi yo‘q. Muzeylar, cherkovlar va yodgorliklarni ziyorat qilish uchun uzun navbatlar mavjud.

“Suv inqirozi haqida eshitgandim. Sitsiliyadagi do‘stlarim menga vaziyat keskin emasligini aytishdi, shuning uchun bu yerga kelishga qaror qildim”, — deydi rimlik 45 yoshli Lorensa Sebastiani. “Issiqqa kelsak, men poytaxtning dimiq issig‘iga o‘rganib qolganman”.

Kanikatti shahrida yashovchi ayol yuk mashinasida olib kelingan suvdan idishlarini to‘ldiryapti / Foto: The Guardian

Data Appeal kompaniyasi tomonidan to‘plangan raqamlarga ko‘ra, Sitsiliyaning ikkita asosiy aeroporti — Palermo va Kataniyada avgust oyida orolga parvozlar soni o‘tgan yilga nisbatan mos ravishda 20 va 16 foizga oshgan.

Ba’zi mehmonxonalar suv rezervuarlarini binoga o‘rnatish orqali qurg‘oqchilik mavsumiga oldindan tayyorgarlik ko‘rishgan, boshqalari esa rezervuarlarini to‘ldirish uchun yuk mashinalari xizmatiga murojaat qilyapti.

“Har kuni ertalab qiladigan birinchi ishimiz — suv sathini tekshirish”, — deydi Agrigentodagi Federalberghi mehmonxonalar uyushmasi prezidenti Franchesko Pikarella. “Sayyohlar Sitsiliya shaharlaridan qochmaydi. Biroq ba’zi mehmonxonalar ularni kunlik suv bilan ta’minlashda qiyinchiliklarga duch kelyapti”.

Odatda, ichimlik suvi oroldagi suvli qatlamlardan, suv bilan to‘yingan yerosti tog‘ jinslari qatlamidan olinadi, qishloq xo‘jaligi uchun esa ikkinchi jahon urushidan keyin qurilgan katta rezervuarlarda suv saqlanadi. Ikkala tizim ham qishki yog‘ingarchilikka tayanadi, ammo tabiiy yog‘ingarchilik miqdori borgan sari kamaymoqda. O‘ttiz yil davomida oroldagi sug‘orish tarmog‘iga ham asosiy texnik xizmat ko‘rsatish e’tibordan chetda qolgan.

Agrigentodagi ibodatxonalar vodiysi sayyohlar bilan gavjum / Foto: The Guardian

2023 yilning noyabr oyida yerostida yangi suvli qatlam topilgach, unga muhim potensial resurs deb qaralmoqda. Geologlar Ragusa provinsiyasidagi Iblei tog‘lari ostida taxminan 800 metrda yerosti havzasini aniqladi. Unda taxminan 17 milliard kub metr suv mavjud deb taxmin qilinadi.

“Agar tahlillar uning yaroqliligini tasdiqlasa, bu ulkan suv ombori o‘rta va uzoq muddatli istiqbol uchun favqulodda resurs bo‘lishi mumkin”, — dedi Shifani.

Асрор Абдуназаров
Tayyorlagan Асрор Абдуназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid