O‘zbekiston | 17:08 / 10.09.2024
4960
3 daqiqa o‘qiladi

O‘qituvchilarni ovoz yig‘ishga majburlagan maktab direktori 34 mln so‘m jarimaga tortildi

Kun.uz avvalroq Buxoroning Romitan tumanidagi 18-maktab o‘qituvchilari uyma-uy yurib “Tashabbusli budjet”da ovoz to‘plashga majburlanayotgani haqida yozgandi. Milliy komissiya xabariga ko‘ra, maktab direktoriga nisbatan 100 BHM jarima qo‘llangan. Maktab loyihasining g‘olib chiqishiga sanoqli ovozlar yetmagan.

Foto: Kun.uz

Buxoro viloyati Romitan tumanidagi 18-maktab direktori o‘qituvchilarni “Tashabbusli budjet”dagi loyiha uchun majburan ovoz yig‘ishga jalb qilgani tasdiqlandi. Bu haqda Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiya ma’lum qildi.

Direktorga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi 2-qismiga asosan 100 BHM (34 mln so‘m) miqdorida ma’muriy jarima qo‘llangan.

“Milliy komissiya barcha mas’ullarni, shuningdek, ish beruvchilarni, hudud rahbarlarini xodimlarning konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlashga chaqiradi”, – deyiladi bayonotda.

Romitandagi 18-maktab o‘qituvchilari uyma-uy yurib, maktab texnik bazasini yaxshilash uchun ovoz yig‘ish majburlanayotgani haqida 26 avgust kuni Kun.uz yozgandi.

1654 ta ovoz olgan loyiha g‘oliblar qatoriga kirmagan. G‘olib bo‘lish uchun maktabga 28 ta ovoz yetmagan.

Kun.uz xabarida tumandagi boshqa maktablar: 1-IDUM, 2-maktab, 7-maktab o‘qituvchilari ham ovoz yig‘ishga majburlanayotgani aytilgandi. Milliy komissiya axborotida esa faqat 18-maktab haqida so‘z boradi.

Ma’lumot uchun, “Tashabbusli budjet”da qo‘l ostidagi xodimlarini ovoz to‘plashga majburlash – majburiy mehnatga jalb qilish sifatida tasniflanadi. Bu prezident qarorida belgilab qo‘yilgan.

Mehnat kodeksining 5-moddasiga asosan, majburiy mehnat taqiqlangan.

MJtKning 51-moddasiga muvofiq, majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslar 50–100 BHM jarimaga tortiladi. Xuddi shu harakat takroran yoki voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etilsa, Jinoyat kodeksining 148-2-moddasiga ko‘ra jinoiy javobgarlik belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, “Tashabbusli budjet”ning 2024 yilgi 2-mavsumidan boshlab, majburiy ovoz to‘plash holatlarini kamaytirish maqsadida:

  • ovoz yig‘ish bosqichi 10 kungacha qisqartirildi;
  • majburiy ovoz to‘plangani tasdiqlangan holatlarda, xalq deputatlari mahalliy kengashlariga bu loyihalarni chetlatish yoki g‘oliblar ro‘yxatidan chiqarish vakolati berildi;
  • o‘z rahbari tomonidan ovoz yig‘ishga majburlangan xodimlardan murojaatlarni qabul qilish bo‘yicha 1282 ishonch telefoni ishga tushirildi.

Mavzuga oid