11 sentabrning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
Qayta qo‘lga tushayotgan korrupsionerlar, sudda da’vosi qanoatlantirilgan Botir Qodirov, yangi qurilishlar bilan tanishgan prezident — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
556 nafar korrupsioner qilmishini takrorlagan
O‘zbekistonda korrupsion jinoyatlarni sodir etgan 566 nafar shaxs 2023 yilda davlat xizmatiga qayta qabul qilingan va yana korrupsiyaga qo‘l urgan.
Bu haqda deputat Umida Rahmonova Qonunchilik palatasining 10 sentabr kungi yig‘ilishida ma’lum qildi. Rahmonova korrupsion jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning ochiq reyestri haligacha tashkil etilmaganining oqibati ekanini ta’kidlagan.
Korrupsionerlarning ochiq elektron reyestrini yuritish 2021 yil 6 iyuldagi prezident farmonida belgilangan edi. Farmonga ko‘ra, 2021 yil 1 oktyabrgacha tegishli qonun loyihasi Prezident administratsiyasiga kiritilishi kerak edi.
Akmal Burhonovga ko‘ra, dastlabki qonun loyihasi 2022 yil boshida ishlab chiqilib, joriy yil boshida Prezident administratsiyasiga kiritilgan. Lekin administratsiya tomonidan bir qator e’tirozlar bo‘lgan, xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda yanada takomillashtirish bo‘yicha vazifa yuklatilgan.
«Biz vazifalardan kelib chiqib, qonun loyihasini yanada takomillashtirdik. Shu kunlarda yana bir marta oxirgi versiyasini Prezident administratsiyasi orqali Qonunchilik palatasiga kiritishni rejalashtirganmiz. O‘ylaymanki, shu oy oxiriga qadar bu qonunni sizlarning e’tiboringlarga ko‘rib chiqish uchun kiritamiz», — degan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov.
Botir Qodirov sudda yutdi
Jo‘rayevlar ishida sud qarori o‘qildi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudi xonanda Botir Qodirovning da’vo arizasini qanoatlantirib, marhum Sherali Jo‘rayevning unga nisbatan otalik faktini belgiladi.
“Botir Qodirovning javobgarlar Jo‘rayev Shohjahon Sherali o‘g‘li va Jo‘rayev Zohirshoh Sherali o‘g‘liga nisbatan otalik faktini belgilash haqidagi da’vo arizasi qanoatlantirilsin. Marhum, 2023 yil 4 fevralda vafot etgan Sherali Jo‘rayev 1981 yil 5 mayda tug‘ilgan Qodirov Botir Sheraliyevichga nisbatan otalik fakti belgilansin”, deyiladi sud qarorida.
Shuningdek, qarorda Botir Qodirovning Andijon shahar FHDYo bo‘limida 1983 yil 11 mart 12-son bilan qayd etilgan tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvi ota ustuniga “Sherali Jo‘rayev, 1945 yil tug‘ilgan, millati o‘zbek” deb ko‘rsatish ham belgilangan.
Sherali Jo‘rayevning o‘g‘li Zohirshoh Jo‘rayev bilan bog‘lanib, sud qaroriga nisbatan munosabatini so‘radi. Xonanda hal qiluv qarori g‘ayriqonuniy ekanini, dalil va isbotlar yetarli bo‘lmay turib, bunday qarorga kelinganini, shu bois uning ustidan apellyatsiya shikoyati kiritilishini ma’lum qildi.
Xonanda Botir Qodirov esa suddan so‘ng «eng og‘riqli nuqtasini bosishmaguncha da’vo arizasi kiritish niyati bo‘lmaganini» ta’kidlagan.
«Boshqa chora qoldirishmadi, eng nozik nuqtamni bosishdi. Ularning qo‘rqayotgan nuqtasi – meros. Menga meros kerak emas. Yomon gapirmoqchi emasman, ular baribir mening ukalarim», — dedi xonanda.
Prezident yangi qurilishlar bilan tanishdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 sentabr kuni Toshkent shahrining Yangi O‘zbekiston ko‘chasidagi qurilish va obodonlashtirish loyihalari bilan tanishdi.
Uzunligi 11 kilometr, eni 86 metr bo‘lgan bu ko‘cha so‘nggi yillarda eng katta ko‘chalardan biriga aylandi.
Davlat rahbari qaroriga asosan, Yangi O‘zbekiston ko‘chasida ishbilarmonlik markazi qurilishi va yo‘l bo‘yi infratuzilmasi rivojlantirilishi belgilangan edi.
Loyihaga ko‘ra, ko‘chaning ikki tomonida milliy ruhga uyg‘un zamonaviy turar joylar, mehmonxona, savdo va xizmat ko‘rsatish majmualari quriladi. Sayilgoh va ko‘ngilochar maskanlar, piyoda va velosiped yo‘lakchalari tashkil etiladi.
Bu yerda «Toshkent-Sharqiy» aeroporti va Olimpiya shaharchasi ham qurilmoqda. Prezident ushbu inshootlar atrofini hamda ularga olib boruvchi yo‘l bo‘yini ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha ko‘rsatma bergan edi.
Tashrif chog‘ida landshaft dizayni takliflari ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, Yangi O‘zbekiston ko‘chasining ikki tarafi yanada obod qilinadi. Chinor, eman, lola daraxti, katalpa, pisardiya, kiparis, hind nastarini, lavanda, Suriya atirguli kabi daraxt va butalar dekorativ shaklda ekiladi. Aeroport oldida ikkita favvora barpo etiladi.
Shavkat Mirziyoyev Toshkentda Olimpiya shaharchasi qurilishini borib ko‘rdi.
Yirik sport majmuasi 2025 yil yurtimizda bo‘lib o‘tadigan yoshlar o‘rtasida Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari uchun qurilmoqda. Musobaqalarda 29 ta sport turi bo‘yicha qit’aning 45 ta davlatidan 3 mingdan ziyod sportchi ishtirok etishi kutilmoqda.
100 gektar maydonga yoyilgan Olimpiya shaharchasining asosiy inshootlarida jadal qurilish ketmoqda. Xususan, 12 ming o‘rinli olimpiya stadioni, har biri 2 mingdan tomoshabinga mo‘ljallangan velodrom, suv sporti saroyi, yakkakurashlar va jamoaviy o‘yinlar majmualari qad ko‘targan.
Olimpiya shaharchasida, shuningdek, futbol, voleybol, tennis, chim ustida xokkey, yengil atletika kabilar bo‘yicha 15 ta ochiq maydon bo‘ladi. Muzey va ofislarni o‘z ichiga olgan ma’muriy bino, bog‘lar, sun’iy ko‘l barpo etiladi.
Toshkentda ijara narxlari biroz ko‘tarildi
Oliygohlarda yangi o‘quv yili boshlanishi bilan poytaxt Toshkent shahrida o‘rtacha ta’mirlangan xonadonlar uchun ijara narxlari iyul oyiga nisbatan o‘rtacha 1,9 foizga, to‘liq ta’mirlangan xonadonlar uchun esa 0,3 foizga oshgani ta’kidlanmoqda.
Bunga bir nechta omillar, jumladan, sentabr oyidan oliy ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yilining boshlanishi bo‘yicha kutilmalar ta’sir ko‘rsatgani ta’kidlanmoqda.
Tahlilda ijara narxlari AQSh dollarida keltirilgan. Jumladan, o‘rtacha ta’mirlangan 1 xonali xonadonlar uchun nisbatan arzon ijara narxlari tumanlar joylashuviga ko‘ra 285 AQSh dollaridan 350 AQSh dollarigacha bo‘lsa, to‘liq ta’mirlangan 1 xonali uy-joylarning eng arzon ijara narxlari 335 AQSh dollaridan 450 AQSh dollarigacha bo‘lgan qiymatni tashkil etmoqda.
Mavzuga oid
21:05 / 06.04.2020
Shifoxonaga tushgan Jonson, qirolichaning murojaati, neft bo‘yicha kelisha olmayotgan Rossiya va Saudiya hamda kunning boshqa xabarlari
22:31 / 04.04.2020
Farg‘onada shaharlarga yangi hokimlar, propiska haqda yangi qonun loyihasi, Turkiyada koronavirusga qarshi yangi choralar va kunning boshqa xabarlari
21:19 / 03.04.2020
Prezident yig‘ilishi, koronavirusning Qirg‘izistondagi ilk qurboni, Makkada joriy etilgan komendantlik soati va kunning boshqa xabarlari
22:37 / 02.04.2020