Jahon | 15:32 / 12.09.2024
2640
2 daqiqa o‘qiladi

Eynshteynning Ruzveltga yozgan xati kimoshdi savdosida qariyb 4 mln dollarga sotildi

Maktubda olim Amerika rahbariyatini fashistlar Germaniyasi yadroviy tadqiqotlar boshlagani haqida ogohlantirgan.

Fizik olim Albert Eynshteynning AQSh prezidenti Franklin Ruzveltga yo‘llagan maktubi Christie’s kimoshdi savdosida 3,992 million dollarga sotildi.

Hamkasbi Leo Silard bilan birgalikda Eynshteyn Qo‘shma Shtatlarning 32-prezidentiga Germaniya tomonidan “o‘ta kuchli bombalar” yaratilishi xavfi haqida xabar bergan. Hozir hujjatning asl nusxasi Nyu-Yorkdagi prezident kutubxonasida saqlanmoqda. Sotilgan lot xatning ikkinchi, qisqaroq versiyasi bo‘lib, unda olimlarning yadroviy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tavsiyalari yo‘q.

Bunga qadar Eynshteynning maktubiga Microsoft hamta’sischisi Pol Allen egalik qilib kelgan. U xatni 2002 yilda noshir va siyosatchi Malkolm Forbsdan 2,1 million dollarga sotib olgandi. O‘sha paytda bu XX asrning eng qimmatli tarixiy hujjati edi.

Eynshteynning massa va energiya ekvivalenti formulasi yozilgan yana bir mashhur maktubi 2021 yil may oyida 1,2 million dollarga sotilgandi. Yarim yil o‘tgach Parijdagi Christie’s kimoshdi savdosida fizikning nisbiylik nazariyasi bo‘yicha qo‘lyozmasi 11 million yevroga sotib olindi.

Avvalroq AQShda chordoqdan topilgan portret 1,4 mln dollarga sotilgani xabar qilingandi. XVII asrga tegishli ekani aytilayotgan ushbu kartina niderlandiyalik mashhur rassom Rembrandt tomonidan chizilgan bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid