Iqtisodiyot | 13:42 / 12.09.2024
5809
2 daqiqa o‘qiladi

Kiyevdagi eng ko‘p xorijiy kompaniya o‘zbekistonliklar hisobiga to‘g‘ri kelmoqda – Ukraina elchisi

Ukraina elchisi Nikolay Doroshenko ayni paytda O‘zbekiston bilan savdo, garchi qimmat tushayotgan bo‘lsa-da Trans Kaspiy koridori, Aktau va Turkmanboshi portlari orqali amalga oshirilayotganini ochiqladi. Shuningdek, Ukraina hukumatidagi tayinlovlar Kiyev tashqi siyosatidagi maqsadlariga ta’sir qilmasligini aytdi.

11 sentabr kuni Ukrainaning O‘zbekistondagi elchisi bilan ommaviy axborot vositalari vakillari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Hozirgi kunda O‘zbekiston va Ukraina munosabatlaridagi eng qiyin masala bu logistika.

Urush boshlanishidan avval, 2021 yil Toshkent va Kiyev o‘rtasidagi savdo aylanmasi 747 million dollarni tashkil qilgan bo‘lsa, urush boshlangandan so‘ng ko‘rsatkich ikki barobardan ko‘proq hajmga qisqardi. Ukrainadan Rossiya hududi orqali Markaziy Osiyoga o‘tuvchi yo‘llar yopildi.

Biroq shu bilan hammasi to‘xtab qolgani yo‘q - savdo aylanmalari Trans Kaspiy, Aktau porti yoki Turkmanboshi portlari orqali amalga oshirila boshlandi. Shunga qaramay logistika harajatlari qimmat, masalan: bir yuk mashinasi qatnov narxi 10 ming dollardan – 15 ming dollargacha tushmoqda. Urushgacha esa bir mashinaning qatnov narxi 4,5 ming dollar bo‘lgan. Shunga qaramay tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish hususida faol ish olib borishyapti, deydi Ukrainaning O‘zbekistondagi elchisi Nikolay Doroshenko.

Ayni paytda Ukrainada 312 ta o‘zbekistonlik tadbirkor ishtirokidagi bizneslar mavjud. Bu borada Turkiya fuqarolari yetakchilik qilmoqda - 396 kompaniya yoki mamlakatda ochilgan umumiy korxonalarning deyarli 13 foizi. Undan keyingi o‘rinlarni O‘zbekiston (10 foiz) va Polsha (224 ta korxona, jami 7,3 foiz).

Ma’lumotlarga ko‘ra poytaxt Kiyevdagi eng ko‘p xorijiy kompaniyalar o‘zbekistonliklarga tegishli (175 ta korxona).

Shuningdek, Nikolay Doroshenko Ukraina Oliy Radasi va Hukumatidagi o‘zgarishlarga to‘xtalib, yangi tayinlovlar Kiyev tashqi siyosatidagi maqsadlariga ta’sir qilmasligini ma’lum qilgan.

Normuhammad Ali tayyorladi.

Mavzuga oid